Anvar NAZRULLAYEV, Yeungnam universiteti axborot texnologiyalari muhandisi, Mohirdev platformasi hamda Mohir AI asoschisi, Universiti Sains Islam Malaysia oliygohi professori va “Pythonda dasturlash asoslari” kitobi muallifi |
Bugun sunʼiy intellekt xizmatlaridan keng foydalanyapmiz. Uning yordamida bir qancha yumushlar yengillashdi. Xullas, texnologiya taraqqiyoti insoniyat hayotida qulayliklar yaratishda davom etmoqda. Ammo texnikaning jadal rivojlanib borishi ortida kishilarni xavotirga solayotgan masalalar ham yoʻq emas. Biz axborot texnologiyalari taraqqiyotining yaqin kelajagi, sunʼiy intellekt mahsulotlari, ularning ijobiy va salbiy jihatlari haqida oʻzbek tilidagi sunʼiy intellekt asoschisi, “Google”dan 100 000 AQSh dollari miqdorida grant yutgan professor, Yeungnam universtiteti axborot texnologiyalari muhandisi, Mohirdev platformasi hamda Mohir AI asoschisi, Universiti Sains Islam Malaysia oliygohi professori va “Pythonda dasturlash asoslari” kitobi muallifi Anvar Nazrullayev bilan suhbatlashdik.
— Sunʼiy intellekt oʻzi nima va uning hayotimizga taʼsiri asosan qaysi sohalarda namoyon boʻladi?
— Atrof-muhitdagi muammolarga yechim berishda odamlarga oʻxshab fikrlaydigan, ularga taqlid qiladigan dasturlar odatda sunʼiy intellekt deb ataladi. Sunʼiy intellekt tizimlarini yaratish aniq mexanizmlar asosida amalga oshiriladi. Xususan, machine learning texnologiyasi “kompyuterni oʻqitish” yoki “mashinani oʻqitish” deb ataladi. Bunda kompyuterga bir muammo koʻrsatiladi va uning yechimi ham oldindan tayyorlanadi. Misol uchun, biron-bir odamni taniydigan dastur yaratish uchun avval bu kompyuterga oʻsha insonning suratlarini yuklaymiz, kimligini aytamiz. Keyin esa bu kim degan savolni oldiga qoʻyamiz va bu falonchi degan javobni oʻzimiz aytamiz. Shundan keyingina kompyuter minglab suratlarni koʻrganda ham bu odamni taniydi.
— Data science hamda sunʼiy intellektning hozirgi va kelajakdagi qiyofasi, qulayliklari, shuningdek, yangi yoʻnalishlari haqida fikr-mulohazalaringizni bildirsangiz. Dunyo olimlari mazkur yoʻnalishlarning yaqin 5-10 yillikdagi koʻrinishi boʻyicha qanday gipotezalarni oʻrtaga tashlashmoqda?
— Data science — bu zamonaviy sunʼiy intellekt maʼlumotlari, yaʼni datalar jamlanmasi. Kompyuterga minglab datalarni, maʼlumotlarni kiritamiz, u maʼlumotlarni oʻrganib, dastur yaratadi. Bunga oʻziyurar mashinalarni misol qilib oladigan boʻlsak, avvalo, mashinalarga kamera, sensor oʻrnatiladi, maxsus odamlar haydaydi va minglab kilometr yurgandan keyin mashinalar datalarni yigʻadi. Yoʻl davomida dasturlar atrof-muhitni oʻrganadi va svetoforning qizil chirogʻi yonganda haydovchi nima qilgani, mashinaga odam chiqqanda qanday ish tutgani, oʻngga va chapga burilishi kabi minglab datalarni bir joyga yigʻib boradi. Shundan keyingina bir natijaga erishiladi.
Data sciencening kelajakdagi oʻrni juda katta, faqat maʼlumotlarni yigʻish jarayonini tizimlashtirish kerak. Oʻzbek tilida raqamlangan maʼlumotlar kam va biz oʻzbekcha sunʼiy intellekt yaratishda ham shu muammoga duch keldik. Yana bir masala raqamlangan maʼlumotlarning ulashilmasligi bilan bogʻliq. Shuning uchun ham mamlakatimizda maʼlumotlarni raqamlashtirish va tartiblash kerak. Agar bu jarayonni tezlashtirmasak, besh-oʻn yil ichida dunyodan ancha ortda qolib ketamiz. Chunki yaqin kelajakda sunʼiy intellekt tibbiyot, moliya, bank, media, marketing kabi barcha sohaga kirib boradi. Oddiy qilib aytganda, sunʼiy intellekt barchaning shaxsiy yordamchisiga aylanadi. Jahon kinolarida koʻrsatilayotgandek, oynaga qarab bugun ob-havo qanday boʻladi, kimlar bilan uchrashishim kerak, kunimni rejalashtirib ber kabi buyruqlarga javob olish mumkin boʻladi.
— Oʻzbekistondagi hozirgi oliy taʼlimni raqamlashtirish boʻyicha qilinayotgan ishlarni qanday baholaysiz? Sizningcha, tizimda yaqin yillarda qanaqa oʻzgarishlar qilinishi kerak? Taʼlimda sifatni taʼminlash uchun qanday takliflarni bildirasiz?
— Oʻzbekistonda oliy taʼlim jarayoni juda sekin raqamlanmoqda. Xususan, sunʼiy intellekt va data science sohasi shunchalik tez rivojlanib borayotgan sohaki, hatto biz xususiy sektor vakillari uning orqasidan quvib yeta olmayapmiz. Ayni yoʻnalish boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida oʻrgatilayotgan fanlar, oʻquv dasturlari, nazarimda, juda eskirgan. Ularni har semestr, har oʻquv yilida yangilash kerak. Oliy taʼlimda ham datalar yigʻilyapti, ammo ular negadir ulashilmayapti. Chet elda hamma universitet oʻzi yiqqan maʼlumotlarni ochiqlaydi, ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar natijasini eʼlon qiladi. Sunʼiy intellekt va shu kabi innovatsion gʻoyalarni bir inson emas, butun bir jamoa birdamlikda amalga oshiradi. Oʻzimiz qilgan ishni ulashish, bu orqali boshqa ilmiy izlanuvchilarga yordam berish maqsadida ilmiy maqolalar chop etamiz. Afsuski, bizda qilgan ishini, yiqqan maʼlumotlarini boshqalar bilan boʻlishish amaliyoti juda kam. Biz oʻzbek tilida ishlovchi sunʼiy intellekt yaratish uchun oʻzimizning universitetlar, xususan, TATU bilan hamkorlikda ish olib borishga harakat qildik. Ular data koʻpligini aytishdi, ammo biz u maʼlumotlarni ololmadik, shunga mos ravishda oʻzlari ham innovatsion gʻoyalar, loyihalar ishlab chiqishmadi. Bundan tashqari, taʼlim dasturlari ham, oʻquv jihozlari ham zamon talablariga javob bermaydi. Ularni yangilash, bizningcha, taʼlim sifatini ming karra yaxshilashga xizmat qiladi.
— Sunʼiy intellektning keng tarqalishi ortidan keladigan ijobiy natijalar haqidagi xabarlarni ommaviy axborot vositalarida oʻqiyapmiz. Siz mana shu ijobiy natijalarni asosan nimalarda koʻryapsiz? Shu oʻrinda, sunʼiy intellektning salbiy tomonlari xususida ham fikrlaringizni oʻrtoqlashsangiz.
— Sunʼiy intellektning ijobiy tomoni barcha sohalarda koʻpgina yengilliklarni yaratishidadir. Insonlar orasida sunʼiy intellekt ish oʻrinlarining kamayishiga sababchi boʻladi degan qarashlar mavjud va bu ayni haqiqat. Ammo har qanday yangi texnologiya, deylik, kompyuter, internet, kalkulyator paydo boʻlganda ham odamlar ayni shu fikrni bildirishgan. Bu texnologiyalar ish oʻrinlarini qisqartirish bilan birga, yangilarini ham yaratadi. Yaqinda San-Fransiskoda oʻtgan katta bir sammitda qatnashdim. Unda Sesco kompaniyasining sobiq rahbari shunday fikr bildirdi: “Sunʼiy intellekt minglab ish oʻrinlarining yoʻqolishiga va yana minglab ish oʻrinlarining paydo boʻlishiga sababchi boʻladi. Sunʼiy intellekt ortidan yangi kasblar paydo boʻladi va odamlar yangi bilim, koʻnikmalarni olishga majbur boʻladi”.
Haqiqatda ham, rivojlanishsiz hayot davom etmaydi. Zamonga moslashishimiz, yangi bilimlarni oʻzlashtirishimiz kerak. Salbiy tomoni — sunʼiy intellektdan notoʻgʻri, gʻarazli yoʻllarda foydalanish mumkinligida. Har qanday texnologiyada boʻlgani kabi odamlar uning imkoniyatlarini ham suiisteʼmol qilishadi. Hozir ChatGPT gapiryapti, barcha ishlarda yordam beryapti, undan turli buzgʻunchi ishlar uchun ham yomon maslahatlarni soʻrash mumkin. Sunʼiy intellektning rivoji ham yaxshi, ham yomon ishlarning osonlashuviga xizmat qiladi.
— ChatGPT imkoniyatlari haqida ham batafsil maʼlumot bersangiz. Undan unumli foydalanish yoʻllarini tavsiflab bersangiz, oʻquvchilarimiz uchun ham foydali boʻlar edi.
— ChatGPT — bu matn generatori, u kelajakni bashorat qilib bermaydi, biron-bir kashfiyot yaratmaydi. Yaʼni faqat matn yozib beruvchi dastur. Dastur biz xohlayotgan narsani tushunib, fikr yoki maslahat yozib beradi. Masalan, sayohatga chiqayotganda, albatta, avval sayohatga chiqqan odamdan maslahat olamiz. Bunday paytda oʻsha inson bizga qayerlarda toʻxtash, ovqatlanish, dam olish mumkinligini tushuntirib, yozib berishi mumkin. Yoki shifokorga murojaat qilsak, u tavsiyalarini diqqatimizga havola qiladi. ChatGPT esa shularning hammasini birlashtira olgan dastur. Bu sunʼiy intellekt internetdagi ochiq manbalardan, savollardan foydalanib yaratilgan. Undan kelajakni bashorat qilish, ilmiy izlanishlar olib borishni soʻramaslik kerak, chunki u bularni mukammal darajada bajara olmaydi. Yaqinda ChatGPTning oxirgi pullik versiyasi internetga ulandi. U internetga joylangan barcha maʼlumotlardan erkin foydalana oladi. Bepul versiyasi esa internetga ulanmagandi, yaʼni u faqat 2021-yilgacha boʻlgan maʼlumotlardan foydalanib, sizga koʻmaklashardi. Undan olayotgan maʼlumotlarimiz eskirgan, aktual boʻlmasligi, oʻzgargan boʻlishi mumkin. ChatGPT oʻzi yozayotgan matnlarni oʻzi tahlil qila olmaydi. Yaʼni bu dastur oʻzi berayotgan maʼlumotlarni factchecking qilish imkoniyatiga ega emas. Demak, maʼlumotlarning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini bilmaydi. Bu undan olgan maʼlumotlarni tekshirish zaruriyatini paydo qiladi. Shuning uchun ham ChatGPTdan oʻzimiz tushunmagan va bilmagan mavzuda yordam soʻramaslik maʼqul. Chunki u javobni internetdagi global muammolar va yechimlardan kelib chiqib beradi va bu bizning holatga umuman toʻgʻri kelmasligi, baʼzida bizga ziyon yetkazishi ham mumkin. ChatGPTning yana bitta eng katta nuqsoni — u hech qachon men bilmayman degan javobni bermaydi. Qanday savol berishingizdan qatʼi nazar, javob beradi. Xoh u juda gʻalati savol boʻlsin, xoh umuman mavjud boʻlmagan shaxs haqida soʻroq — taxmin-tavakkal bir matnni taqdim etadi. Shuning uchun undan foydalanishda ogoh boʻlish talab qilinadi. Biroq u marketing, ssenariy yozish, matnlarni tahrir qilishda qoʻl keladi. Oʻquvchilar ingliz tilini u bilan yaxshilashi mumkin. Masalan, ingliz tilida insho yozib, undan ishingizni baholab berishni soʻrashingiz mumkin. ChatGPT bilan savol-javob qilish, undan savol berishini soʻrash mumkin. Yaʼni har qanday dasturdan maqsadli foydalanish orqali inson oʻziga koʻplab qulayliklarni yaratsa boʻladi.
— Shu oʻrinda, Oʻzbekistonda foydalanilayotgan, siz yaratgan Mohir AI platformasi imkoniyatlari, foydalanish tartibi haqida ham fikrlashsak. Yaqin kelajakda bu platformada qanday oʻzgarishlar qilinishi rejalashtirilyapti?
— Mohir AI — bu oʻzbek tilini tushunadigan, audio yozuvni matnga aylantirib beradigan va aksincha, matnni audio koʻrinishiga keltira oladigan sunʼiy intellekt hisoblanadi. Mazkur dastur “Studio.mohir.ai” sunʼiy intellektimiz orqali yaratilgan birinchi mahsulotimiz. Siz Studioga istalgan videoni yuklashingiz va ushbu videoga subtitr qoʻydirishingiz mumkin. Biz hozirda dasturimizga oʻzbek tilidagi videolarga boshqa tillarda, (ingliz, rus, nemis va hokazo) ham subtitr qoʻyish imkoniyatini qoʻshish ustida ish olib boryapmiz. Bu orqali biz chet ellik kuzatuvchilarga ham qulayliklar yaratishni maqsad qilganmiz. Bu bilan boshqa tillardagi videolarni oʻzbek tiliga dublyaj qilish imkoniyatlari ham paydo boʻladi. Kuniga minglab qoʻngʻiroqlarni amalga oshiradigan korxonalar uchun Mohir AI dasturi yordamida qoʻngʻiroqlarga javob berish jarayonini osonlashtirib beramiz, yaʼni qoʻngʻiroqlarni qabul qilish, kimdir qoʻngʻiroq qilganda avval sunʼiy intellekt bilan muloqot qilib, undan savollariga javob olish imkoniyatiga ega boʻladi. Umuman olganda, maqsadimiz oʻzbek tilini tushunadigan sunʼiy intellektni yaratish va ChatGPTga ham oʻzbek tilini oʻrnatish va tushunadigan qilishdan iborat. Hozirda Mohir AI telegram botimiz ham bor. U bepul versiyada va undan xuddi ChatGPTdagidek foydalanish mumkin.
— Tadqiqotchi Migel Benasayagning: “Tirik mavjudotning butun murakkabligini kompyuter kodi bilan ifoda etish hech bir haqiqatga toʻgʻri kelmaydi”, — degan fikrlariga qanday qaraysiz? Bu bugun koʻplab olimlar prognoz qilayotgan raqamli kelajakni inkor qiladimi?
— Bugungi kunda koʻp olimlar, professorlarning fikricha, kompyuterlar hozirda ongli emas va ongli boʻla olmaydi. Oddiy ChatGPTni tahlil qiladigan boʻlsak, unda hissiyotlar, tuygʻular yoʻq. Shu tufayli yozayotgan matnlarini oʻzi tushunmaydi, tahlil qila olmaydi. ChatGPT va boshqa sunʼiy intellektlarda yaxshilik, yomonlik, orzu-havas degan tushunchalar yoʻq. Odamlar orasida ertaga sunʼiy intellekt rivojlanib, birlashib bizni bosib oladi, zulm qiladi degan qoʻrquvlar ham yoʻq emas. Maʼlumot oʻrnida shuni aytishim mumkinki, ularda zulm degan tushuncha yoʻq va shuningdek, zulm qilish uchun ehtiyoj, xohish, orzu-havas, nafs yoʻq. Bularning barchasi odamlarga xos tuygʻular. Yaqinda Garri Kasparovning sunʼiy intellekt boʻyicha intervyusini eshitdim. U oʻz nutqida: “Zulm qilishni odamlar monopoliya qilib olgan, bu faqat odamlarga xos xususiyat. Hatto hayvonlar ham faqatgina qorni ochsagina, boshqa hayvonga hujum qiladi. Yaʼni ehtiyojini qondirish uchun ov qiladi. Odamlar esa qiziqish uchun, koʻngilxushlik uchun ham ovlaydi. Bundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, nafs, zulm, istak degan tushunchalar faqat insonga xosdir”.
Mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, sunʼiy intellektda hissiyotlarni raqamlashtirish yechimini topa olmadik va bu, nazarimda, imkonsizdir. Dasturlarda mimikalarga taqlidni oʻrnatish mumkin, ammo u faqat belgilangan doiradagina ishlaydi. Shu maʼnoda Migel Benasayagning fikriga qoʻshilaman. Zero, sunʼiy intellekt inson tafakkuri mahsulidir va undan oʻzib hech qayerga borolmaydi.
— Savollarimizga bergan javobingiz uchun rahmat!
Sadoqat MAXSUMOVA suhbatlashdi.