Skip to content
  • Sayt test rejimida
  • ISSN-2181-3051
  • (71) 207-03-43
  • info@edujournal.uz
  • Oʻzbek
  • Русский
  • English
O‘zbekistonda oliy ta'lim jurnali

O‘zbekistonda oliy ta'lim jurnali

rasmiy sayt

  • Bosh sahifa
  • Jurnal
    • Jurnal haqida
    • Tahririyat jamoasi
    • Normativ-huquqiy hujjatlar
  • Maqolalar
  • Nashrlar
    • 2022-yildagi nashrlar
      • 2022-yil 1-soni
      • 2022-yil 2-soni
      • 2022-yil 3-soni
      • 2022-yil 4-soni
    • 2023-yildagi nashrlar
      • 2023-yil 1-soni
      • 2023-yil 2-soni
      • 2023-yil 3-soni
      • 2023-yil 4-soni
    • 2024-yildagi nashrlar
      • 2024-yil 1-soni
      • 2024-yil 2-soni
      • 2024-yil 3-soni
  • Konferensiya
  • Talabnoma
  • Bog’lanish
  • Toggle search form

JURNALISTIK TAʼLIM NIMAGA TAYANISHI KERAK?

Posted on Dekabr 29, 2023Dekabr 29, 2023 By admin JURNALISTIK TAʼLIM NIMAGA TAYANISHI KERAK? ga fikr bildirilmagan.

Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalariga tegishli boʻlgan turli tadbirlar, majlis yoki davra suhbatlarda kadrlar tayyorlash masalasi bot-bot tilga olinadi. Ayniqsa, oʻzbek jurnalistikasining dargʻalari, katta-yu kichik OAV rahbarlari bu masalaning hamisha dolzarb ahamiyat kasb etishiga toʻxtalib, turli universitetlarda jurnalistika fakultetlari ochilayotgani, hatto alohida universitet tashkil qilinganiga qaramasdan, uni bitirib kelayotgan yoshlar bugungi talabga javob bermasligini aytadilar.

Endilikda boshqa sohalar singari jurnalistikaning tabiati, talablari, qonun-qoidalari davrga mos tarzda oʻzgaryapti, yangilanyapti. Shuningdek, jurnalistika taʼlimida ham katta oʻzgarishlar boʻlmoqda. Shu oʻrinda, jurnalistika taʼlimi jabhasida ishlashning oʻzi murakkabligini alohida taʼkidlashni istardik. Chunki bu sohada oʻqiydigan talabalar oʻziga xos, yaʼni birmuncha fikran erkin, koʻproq ijodkor boʻladilar. Ularning eʼtiborini, hurmatini qozonish uchun nima bilandir (yo puxta bilim, yo salmoqli ijod bilan) hayratlantirish kerak. Sobiq shoʻrolar davrida “Qoʻrqsa, hurmat qiladi” degan qanotli gapni, bugun boshqacharoq, yaʼni “hayratlansa, hisoblashadi” tarzida qoʻllasak, oʻrinli boʻladi, nazarimizda. Ammo bu oson ish emas. Ayniqsa, hozirda axborot tovarga, ayrim xususiy OAV biznes vositasiga aylangan sharoitda yoshlar ongida darhol taniqli telekanalga ishga kirish, tezroq tanilish va birdan katta pul topishga intilish ustuvorlik qiladi. Yoki biror sotsial mediada, har qanday yoʻl bilan (voqeaning bir parchasini yulib olibmi, axborot manbasidan beruxsat voqeani yoritibmi) “xayf” qilib, tezroq ogʻizga tushishni xohlaydiganlar juda koʻp. YouTube kanalida mualliflik koʻrsatuv ochib, xohlagan mavzuni olib chiqish orqali pul ishlayotganlar hozir qancha? Ayrim blogerlarning fuqarolar murojaatlarini pulga yozishi ham jurnalistika haqida salbiy tasavvur uygʻotishi tabiiy.

 Jurnalistika taʼlimi tushunchasi paydo boʻlgandan buyon barcha davrlarda: “Jurnalist kim uchun ishlaydi?” yoki “Nima uchun ishlaydi?” degan savollar koʻndalang qoʻyilgan. Hozir ham bu savollar koʻp oʻrtaga tashlanadi va muhokama qilinadi. Bu savollarga “oʻzi uchun”, “pul ishlab topish uchun”, “rahbarlari talab qilgani uchun”, deb javob berilishi ham mumkin. Lekin yagona toʻgʻri javob: jurnalist auditoriya uchun ishlaydi. Uning asosiy buyurtmachisi ham, eng muhim baho beruvchisi ham, eng adolatli mezonini belgilovchi ham aynan auditoriyadir. Yaʼni oʻquvchi, tinglovchi yoki tomoshabin, masalaga qaysi nuqtayi nazardan yondashilmasin, markaziy oʻrinda turmogʻi lozim.

Sohada taʼlim berayotgan oʻqituvchi esa oʻz ustida tinimsiz ishlashi, oʻqib-oʻrganishi, hatto oʻzi ham ijod qilishi zarur. Ana shu masʼuliyatni his qilgan pedagog darsga tayyorgarlik koʻrish uchun koʻp oʻqiydi, izlanadi. Qayerda yangilikni koʻrsa, talabalariga yetkazishga, oʻrgatishga harakat qiladi. Agar talabalar u bergan maʼlumotga eʼtibor qaratsalar, eshitsalar, bajarsalar, ularning koʻzlarida uchqunni, ishonchni koʻrgan oʻqituvchi bundan kuch oladi. Yanada yaxshiroq ishlashga, izlanishga harakat qiladi.

Ammo jurnalistika sohasini yuzaki hoy-u havas uchun tanlaydigan, jurnalistlikni mikrofon koʻtarib, kamera qarshisida chiroyli koʻrinishda namoyon boʻlish deb qabul qiladigan yoshlar, afsuski, koʻpchilikni tashkil qiladi. Birinchi kursdanoq “avval gazetaga amaliyotga bor, yozishni, matn tuzishni, fikringni ifoda etishni oʻrgan” deganingizga qaramay, televideniyega yuguradiganlar koʻp.

Teleradiokanallarda ishlaydigan jurnalistlarning esa “Talabalarga nima oʻrgatasizlar oʻzi, oddiy matn tuzishni bilishmaydi?!” degan taʼna-yu dashnomlari oʻqituvchining mehnatini chippakka chiqaradi. Xullas, talabalar xatti-harakatlarining hammasi, ayniqsa, nimani oʻylashi-yu, nima xohlayotgani oʻqituvchining vakolatidan tashqarida. Shunday havoyi talabalar tufayli koʻpincha turli xil tadbirlar, uchrashuvlarda tayyorlayotgan kadrlarimizning hozirgi talabga javob bermasligi haqida tanqidiy fikrlar aytiladi. Bu gaplarda jon boʻlsa-da, ammo hamma gap faqat taʼlimda, hamma ayb faqat oʻqituvchilarda emas. Jurnalistika sohasini tanlagan talabada iqtidor, qobiliyat, hech qursa qiziqish boʻlmasa, jurnalistikada oʻn yil oʻqisa ham, baribir mutaxassis boʻlmaydi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 27-iyun — Matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan jurnalistlarga yoʻllagan tabrigida jurnalistika taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarga ham toʻxtalib oʻtdi [1]. Qolaversa, shu sanada qabul qilingan “OAV sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–294-sonli qarorda jurnalistika taʼlimi sohasiga alohida urgʻu berilib, unda davlat rahbari oliy taʼlim muassasalariga taʼlim sifatini oshirish vazifasini qatʼiy qoʻydi. Jumladan, Prezident oliy taʼlim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi boʻyicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish, kadrlar tayyorlashda taʼlim muassasasi va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil qilishda OAV tahririyatlari muhim tajriba maydoni boʻlishini, 3-kursda hech boʻlmaganda 0,25 shtatga ishga olingan talaba oʻqishni bitirgunga qadar tayyor mutaxassis boʻlishini taʼkidlagan edi [2].

 Chindan ham, jurnalistika taʼlimini amaliyotsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Tashkil qilinganiga bu yil besh yil boʻlgan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faoliyatining dastlabki yilidanoq yangi formatda ish boshlab, taʼlim jarayonlariga amaliyotchilarni jalb qildi. Avvallari ijodiy imtihonga nisbatan eʼtirozlar koʻp boʻlardi. Shuning uchun universitet ijodiy imtihonni respublika OAVning koʻzga koʻringan jurnalistlari, axborot xizmati xodimlari, hatto blogerlari tomonidan olinishi amaliyotini qatʼiy yoʻlga qoʻydi. Chunki media sohasida amaliyot nazariyadan oldinda yuradi.

Zamonaviy mediadagi dolzarb muammolardan yana biri bu hududlarda kadrlarning yetishmasligidir. Shuning uchun ushbu muammoga koʻp urgʻu beriladi va yechim sifatida viloyatlarda jurnalistika fakultetlarini ochish taklif qilinadi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston Yoshlar agentligi bilan Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan oʻzaro hamkorlikda Samarqand va Buxoroda media maktablar tashkil qilindi, unga ajratilgan bino eng soʻnggi jihoz va zarur texnik vositalar bilan jihozlandi. Jurnalistikaga qiziqqan yoshlar maʼlum muddat oʻqitilib, (aytaylik, 3-4 oy oʻqib, guvohnoma olgandan) keyin birdan efirga chiqishyapti. Ayniqsa, nodavlat mediada ishlaydigan xodimlarning koʻpchiligi shunday yoshlarni tashkil qiladi. Savol tugʻiladi: u yerda kimlar dars beryapti? Afsuski, bitta-ikkita ustoz jurnalistni hisobga olmasa, oʻzi universitet “yoʻlak”larida oʻqishni bitirgan va toʻrt-besh yil nari-beri amaliyotda ishlaganlar. Biror maqola yoki koʻrsatuv tayyorlab ogʻizga tushmagan, oʻrtamiyona, ammo “ishning koʻzi”ni biladiganlar oʻrgatishadi jurnalistikani. Toʻgʻri, bunday maktablarning, ayniqsa, viloyatlarda boʻlgani ijobiy hodisa. Ijodga qiziqqan, iqtidorli yoshlarni yoʻnaltirish yaxshi, ammo shu kursni bitirar-bitirmas ishga olish, oʻzi shunday ham oqsayotgan jurnalistikani orqadan tortishdan boshqa narsa emas. Sohaning nazariy asoslari, qonuniyatlari, vazifa va prinsiplari, axloqiy meʼyorlarini, ayniqsa, jurnalistik ijodning nozik sir-asrorlarini yaxshi bilmaydigan jurnalistlarning koʻpayishiga mana shunday hodisalar ham sabab boʻladi. Boshqa tomondan esa Toshkentda jurnalistika fakultetida oʻqigan talabalarning aksariyati viloyat va tuman OAVga qaytib bormaydilar. Bunga sabab sifatida viloyat va tuman tahririyatlarida maoshning kamligi va ijodiy muhitning yoʻqligi keltiriladi.

Jurnalistika sohasida tajriba va malakaga ega, zamonaviy bilimlardan xabardor, yangi texnologiyalarni yaxshi oʻzlashtirgan, qalami bor amaliyotchi mutaxassislar juda zarur. Shuning uchun Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishga jiddiy ahamiyat qaratyapti. Hozir oʻndan ortiq kitob, gazeta va jurnal tahririyatida kafedralarning filiali ochilgan. Ularning soni yildan yilga ortmoqda. Oʻtgan oʻquv yilida ularning qatoriga “Xalq soʻzi” (“Народное слово”) gazetasi ham qoʻshildi. Mazkur gazeta tahririyati qoshida “Media nazariyasi va amaliyoti” kafedrasining filiali ochilib, bu yerda gazeta yoʻnalishidan kelib chiqib, “Parlament jurnalistikasi” fanidan amaliyotchi jurnalistlar saboq beradigan boʻlishdi. Talabalar uchun bu, avvalo, tahririyatning ijodiy muhitini his qilish, qaynoq amaliy jarayonlarni bevosita oʻz koʻzlari bilan koʻrish, bu jarayonda shaxsan ishtirok etishning tayyor imkoniyati demakdir.

Ammo shunga qaramasdan, sifatli kadrlar tayyorlash muammosi hali toʻliq hal boʻlganicha yoʻq, bu jarayon muttasil davom etmoqda. Jurnalistika sohasini rivojlantirish hamda sifatli kadrlar tayyorlash yuzasidan quyidagi taklif va tavsiyalarni oʻrtaga tashlayman.

Birinchidan, mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, media sohasiga qabul tizimini optimallashtirish kerak.

Ikkinchidan, abituriyentlar iqtidori va ijodiy imkoniyatlarini toʻgʻri baholash uchun ijodiy imtihonlar talabini muntazam takomillashtirib borish lozim.

Uchinchidan, jurnalistika sohasiga qiziqqan yoshlarni maktab davridan aniqlash va sohaga toʻgʻri yoʻnaltirish uchun oʻrta taʼlim maktablarida media bilan bogʻliq (mediataʼlim, mediasavodxonlik) fanlarini kiritish, ijodga qiziqqanlar uchun toʻgaraklar tashkil qilish, ularga har bir hududning koʻzga koʻringan (bunda faqat yoshi katta jurnalist tushunilmasligi kerak) ijodkorlarini hamkorlikka taklif qilish ijobiy samara beradi.

Toʻrtinchidan, yoshlarni ishga qabul qilishda (ayniqsa, nodavlat telekanallar, saytlar) oliy taʼlimni tamomlagani haqidagi hujjatning mavjudligiga eʼtibor qaratilishi maqsadga muvofiqdir.

Beshinchidan, ijodkorlar oʻrtasida ularning talab va istaklarini inobatga olib, sohaning yangiliklarini oʻzida aks ettiruvchi malaka oshirish kurslarini joriy qilish zaruriyati mavjud.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. “Халқ сўзи” газетаси // – Тошкент. 2022. 27.22.
  2. Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Оммавий ахборот воситаларини қўллаб-қувватлаш ва журналистика соҳасини ривожлантириш чора-тадбирлари тўғрисида” Қарори // https://lex.uz/uz/docs/6083381

Nazira TOSHPOʻLATOVA,

filologiya fanlari nomzodi, professor

Ulashing
          
FIKR, Jurnal 2023-yil 4-soni

Post menyusi

Previous Post: PROFESSOR-OʻQITUVCHILARNING YUKLAMASI TAQSIMOTIGA OID XORIJ TAJRIBASI
Next Post: TAʼLIM MUAMMOLARI YECHIMI — TARAQQIYOT GAROVI

Fikr bildirish Javobni bekor qilish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

So‘nggi maqolalar

  • «O’zbekistonda oliy ta’lim» jurnalida reklama berish talablari va tariflari
  • ENG KATTA IXTIROLAR FANLAR CHORRAHASIDA PAYDO BOʻLADI
  • RAQAMLI DUNYODA OLIY TAʼLIM: UNDA NIMALAR OʻZGARDI?
  • ILMIY MAKTABLAR — QADRIYATLAR UZVIYLIGINI IFODALOVCHI MODEL SIFATIDA
  • AVSTRALIYA OLIY TAʼLIMI: JAMIYAT TARAQQIYOTINING NEGIZI
  • TAʼLIM MUAMMOLARI YECHIMI — TARAQQIYOT GAROVI
  • JURNALISTIK TAʼLIM NIMAGA TAYANISHI KERAK?
  • PROFESSOR-OʻQITUVCHILARNING YUKLAMASI TAQSIMOTIGA OID XORIJ TAJRIBASI
  • TURKIYA RESPUBLIKASIDA OLIY TAʼLIM TIZIMI VA UNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
  • YANGI AVLOD OʻQUV ADABIYOTLARI QANDAY BOʻLISHI KERAK?

Сўнгги мақолалар

  • «O’zbekistonda oliy ta’lim» jurnalida reklama berish talablari va tariflari
  • ENG KATTA IXTIROLAR FANLAR CHORRAHASIDA PAYDO BOʻLADI
  • RAQAMLI DUNYODA OLIY TAʼLIM: UNDA NIMALAR OʻZGARDI?
  • ILMIY MAKTABLAR — QADRIYATLAR UZVIYLIGINI IFODALOVCHI MODEL SIFATIDA
  • AVSTRALIYA OLIY TAʼLIMI: JAMIYAT TARAQQIYOTINING NEGIZI
  • TAʼLIM MUAMMOLARI YECHIMI — TARAQQIYOT GAROVI
  • JURNALISTIK TAʼLIM NIMAGA TAYANISHI KERAK?
  • PROFESSOR-OʻQITUVCHILARNING YUKLAMASI TAQSIMOTIGA OID XORIJ TAJRIBASI
  • TURKIYA RESPUBLIKASIDA OLIY TAʼLIM TIZIMI VA UNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
  • YANGI AVLOD OʻQUV ADABIYOTLARI QANDAY BOʻLISHI KERAK?

Arxivlar

  • Yanvar 2024
  • Dekabr 2023
  • Oktabr 2023
  • Sentabr 2023
  • Yanvar 2023
  • Noyabr 2022
  • Sentabr 2022
  • Avgust 2022
  • May 2022

Ruknlar

  • E'lonlar
  • FIKR
  • ILM-FAN
  • Jurnal 2023-yil 3-soni
  • Jurnal 2023-yil 4-soni
  • MUNOSABAT
  • OLIY TAʼLIM ISTIQBOLLARI
  • Tabrik
  • TADQIQOT
  • TAHRIRIYAT MINBARI
  • XORIJDA OLIY TAʼLIM

Рукнлар

  • E'lonlar
  • FIKR
  • ILM-FAN
  • Jurnal 2023-yil 3-soni
  • Jurnal 2023-yil 4-soni
  • MUNOSABAT
  • OLIY TAʼLIM ISTIQBOLLARI
  • Tabrik
  • TADQIQOT
  • TAHRIRIYAT MINBARI
  • XORIJDA OLIY TAʼLIM

Yangi sharxlar

  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "Usmonov Aslam"ga

Янги шархлар

  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "Usmonov Aslam"ga
May 2025
Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
 1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031  
« Yan    

O’zbekistonda Oliy ta’lim jurnali haqida

«O‘zbеkistonda oliy ta’lim»
ilmiy-ommabop jurnalida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga oid umumiy masalalar va muammolarga bag‘ishlangan hamda soha taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ilmiy tahlil, takliflardan iborat maqolalar e’lon qilinadi.

Batafsil >

Navigatsiya

  • Bosh sahifa
  • Jurnal
    • Jurnal haqida
    • Tahririyat jamoasi
    • Normativ-huquqiy hujjatlar
  • Maqolalar
  • Nashrlar
    • 2022-yildagi nashrlar
      • 2022-yil 1-soni
      • 2022-yil 2-soni
      • 2022-yil 3-soni
      • 2022-yil 4-soni
    • 2023-yildagi nashrlar
      • 2023-yil 1-soni
      • 2023-yil 2-soni
      • 2023-yil 3-soni
      • 2023-yil 4-soni
    • 2024-yildagi nashrlar
      • 2024-yil 1-soni
      • 2024-yil 2-soni
      • 2024-yil 3-soni
  • Konferensiya
  • Talabnoma
  • Bog’lanish

BOG’LANISH

Manzilimiz:
Toshkent shahri, Shifonur ko’chasi, 75 uy
Elektron pochta:
rmxat@edu.uz
info@rmedu.uz
Telefon:
(+998 71) 207-03-43
Telegram Botga
murojaat
Metro: Beruniy

Xaritadan ko’rish

Copyright © 2025 O‘zbekistonda oliy ta'lim jurnali.

Powered by отдел ИКТ