Jamiyat taraqqiyotini ilm-fan rivojisiz tasavvur etib boʻlmaydi, shu maʼnoda dunyoning barcha mamlakatlarida bu sohaga alohida eʼtibor qaratib kelinadi. Ilm-fan shaxsiy tashabbus yoki davlat tarkibiy tuzilmalarida amalga oshirilishidan qatʼi nazar, davlat ahamiyatiga ega boʻladi. Oʻtmishda ijod ahli, olimlar faoliyati davlat rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanganligining boisi ham shunda. Hozirga kelib bu yoʻnalishga davlatni taraqqiy ettirishning asosiy omili sifatida qaralmoqda va mablagʻ bilan taʼminlanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80-yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlarini oʻtkazishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–298-sonli qarorida belgilangan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademiklikka) tanlov oʻtkazish topshirigʻi ijrosini taʼminlashga qaratilgan ishlar boshlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Nizomi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari (akademiklari)ni tanlov asosida saralash va tasdiqlash tartibi haqida Nizom”ga asosan nomzodlar javob berishi lozim boʻlgan talablar belgilangan. Jumladan, bu talablardan biri “oʻz yoʻnalishida yangi ilmiy maktab tashkilotchisi va rahbari yoki mavjud ilmiy maktabning rivojida bevosita ishtirok etgan boʻlishi va bu uning fan nomzodlari yoki falsafa doktorlari hamda kamida ikki fan doktori (tibbiyot fanlari uchun esa kamida uch fan doktori) tayyorlash bilan bilan bogʻliq.
Shu maʼnoda maqolada ilm-fanning jamiyatimiz ravnaqida tutgan oʻrni va uning rivojlanishida ilmiy maktablarning ahamiyatini bayon qilmoqchimiz.
Ilmiy maktablar tavsifi va ularni taraqqiy ettirish masalalari koʻplab xorijiy olimlar, jumladan, M.Yaroshevskiy, O.Grezneva, N.Loginova, D.Aronov, D.Guzevich, D.Zerbino, S.Polyakov, T.Amabile, R.Cattell, F.Galton, N.Hanson, Ph.Kitcher, L.Laudan, J.Long va boshqalar tomonidan oʻrganilgan, mamlakatimizda esa bu masalaga keyingi davrlarda alohida eʼtibor qaratila boshladi.
Maʼlumki, ilm-fan chuqur tadqiqotlar va unga erishish metodlarini qamrab oluvchi faoliyat turi boʻlib, turli gʻoyalar, konsepsiyalar, nazariyalarni ochishga qaratilgan bilimlar majmui, alohida olimlar va olimlar uyushmasi hamda tashkilotlari tomonidan olib boriladi. Ilm-fan — inson va uning tafakkuri, tabiat, texnika, hayvonot olamining qonuniyatlarini qamrab oladi. Eng muhimi, u insonga xizmat qiladi.
Mamlakatning ilmiy salohiyati tizimidagi asosiy tushunchalardan biri ilmiy hamjamiyat tushunchasi boʻlib, u oʻzida ilm-fanning tarkibiy tuzilmalaridan birini aks ettiradi. Ilmiy hamjamiyatlarning uchta guruhini farqlash mumkin:
1) markazlashgan boshqaruv sharoitida deyarli barcha fundamental yoʻnalishlar taraqqiyotini taʼminlab bergan akademik ilm;
2) mamlakatni yuksak taraqqiy etishini taʼminlagan tarmoq ilmi;
3) kadrlar tayyorlovchi, shu bilan birga, akademik va tarmoq ilmini rivojlantirishga hissa qoʻshuvchi universitet ilmi.
Ilm-fan istiqbollari hamma vaqt yetakchi ilmiy maktablar rivojlantirilishi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan. Bu hol, ayniqsa, jahonda ilm-fanning barcha jabhalarida yuksak choʻqqilarga erishayotgan XXI asrga ham xosdir. Taraqqiyotimiz oldida turgan ilmiy muammolarni tadqiq qilishda olimlardan oʻzaro hamkorlik, hamjihatlik va uzviy yondashuv talab etiladi.
Taʼkidlash joizki, ilmiy maktablar davlatning tashkiliy tuzilmalari bilan bogʻlangan boʻlsa-da, u bevosita davlat tuzilmasi sifatida shakllanmaydi, balki ilmiy jamoatchilik eʼtirofi, boshqacha aytganda, muayyan yoʻnalishdagi olimlarning norasmiy jamiyati sifatida yuzaga keladi va rivojlanadi. Ilmiy maktablar muayyan sohadagi olimlar faoliyatini mohiyatan bir oqimga yoʻnaltiradi va mujassamlashtiradi. Ilmiy maktab tushunchasi koʻpqirrali boʻlib, oʻzining turlicha talqin va taʼriflariga ega.
Umumlashtirgan holda aytish mumkinki, mazkur maktablar ilmiy faoliyat mujassamlashuvining alohida shakli hisoblanib, muayyan yoʻnalishdagi tadqiqot turi bilan shugʻullanuvchi, oʻz maqsadlari yaxlitligi va uzviyligini taʼminlashga intiluvchi olimlar hamjamiyatidir.
M.G.Yaroshevskiyning taʼkidlashicha, maktab atamasi qanchalik umumlashgan boʻlishiga qaramasdan, tarixchilar oʻrtasida umum qabul qilingan eʼtirofga koʻra, birinchidan, ijodkorlikka oʻrgatish asnosida tadqiqotchilik jarayonlarining oʻzaro birligini, ikkinchidan, bir guruh olimlar ilmiy pozitsiyasining boshqalar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini anglatadi.
Oʻz mohiyatiga koʻra, ilmiy maktabda katta avlod tomonidan oʻz izdoshlariga ilm bilan birga, madaniy-axloqiy qadriyatlar ham samarali uzatib turiladi va ilm-fan, taʼlim, ustoz-shogirdlik anʼanasining oʻzaro uzviyligini ifodalovchi modelini namoyon etadi.
Ilmiy maktab olimlarning oʻzaro ijodiy, doimiy, norasmiy muloqoti, gʻoyalar bilan oʻrtoqlashishi va natijalar muhokamasining tashkiliy shaklidir va u fan sohasida yangicha yondashuvlarni yuzaga keltirishga intiladi. Ularga tashabbuskorlik, mustaqillik, rivojlanish uchun ichki ragʻbatning mavjudligi, maqsadga intiluvchanlik, barqaror gʻoyaviy qarashlar, erishgan natijalardan qanoatlanmaslik kabi sifatlar xosdir.
Ilmiy maktab aʼzolari oʻz tadqiqot ishining umumiy va xususiy jihatlarini anglashi, soha faoliyatiga hamohang ish olib borishi muhim ahamiyatga ega.
Yuzaga kelish jarayonlari tahlili ilmiy maktab shakllarini quyidagicha tasniflash imkonini beradi:
1) boʻlajak tadqiqotchilarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan ilmiy-taʼlimiy maktab;
2) ilmiy maktab yetakchisi rahbarligida tanlangan yoki yaratilgan tadqiqotchilik dasturini birgalikda amalga oshiruvchi olimlar guruhi — tadqiqotchilar jamoasi;
3) olimlar guruhi va tadqiqotchilar jamoasi tomonidan asos solingan muayyan qarashlarning tarkib topishi bilan bogʻliq fandagi yangi yoʻnalish;
4) taniqli olim rahbarligida dissertatsiya himoya qilib, fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan tadqiqotchilar.
O.Grezneva ilmiy maktabning quyidagi tasnifini taklif qilgan:
- Ilmiy maktab vakillari oʻrtasidagi aloqalarning turiga koʻra: ilmiy oqim, ilmiy guruh, koʻz ilgʻamas muassasa.
- Ilmiy gʻoya statusiga koʻra: eksperimental, nazariy.
- Tadqiq qilinayotgan fan sohasi qamroviga koʻra: tor sohada, keng qamrovli.
- Yaratilayotgan bilimlarning funksional yoʻnalishiga koʻra: fundamental, amaliy.
- Aʼzolari faoliyatini tashkil qilish shakliga koʻra: ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil qilishning individual yoki jamoaviy shakliga asoslangan.
- Avlodlar oʻrtasidagi aloqa tavsifiga koʻra: bir sathli, koʻp sathli.
- Institualizatsiya shakliga koʻra: norasmiy, toʻgaraklar, institutsional.
- Lokatsiya darajasiga koʻra: milliy, lokal, shaxsiy.
Koʻp hollarda ilmiy maktab deganda, ilm-fanga oid maʼlum bir yoʻnalish nazarda tutilsa, ayrim holatlardagina oʻzining tarkib topish va rivojlanish tarixi, shuningdek, oʻz mavqeiga ega ilmiy jamoa nazarda tutiladi. Odatda bular muayyan ilmiy yoʻnalish ichida “yetakchi ilmiy jamoa” mavqeiga daʼvogarlik qiladi. Boshqacha aytganda, amalda “ilmiy yoʻnalish — ilmiy maktab” tizimi mavjud.
Olimlar ilmiy maktabni alohida tadqiqotchilik va yangi gʻoyalar yaratuvchi yetakchi olim atrofida birlashgan tadqiqotchilar jamoasi sifatida talqin qiladilar. Bunday olim atrofida uning ilmiy gʻoya va umumiy nazariy qarashlarida, metodologik qarashlarida hamfikr boʻlgan safdoshlar va shogirdlar birlashadi. Bunda tadqiqotchilar ushbu olim tomonidan ishlab chiqilgan va taklif etilgan tadqiqot dasturini bajarishda muayyan darajadagi ishtirokchi sanaladi. Ilmiy maktab vakillari dasturni bajarish davomida olingan natijalar va yuzaga keladigan mulohazalar borasida muttasil muloqot qilib boradi. Oʻzaro raqobatlashuvchi ilmiy jamoalarda esa bu holat kuzatilmaydi. Oʻzaro muloqotning yoʻlga qoʻyilganligi, uning muntazamligi ilmiy maktab mavjud ekanligining zaruriy sharti sanaladi. Demak, muayyan ilmiy masalani hal qilishda olimlar oʻzaro ilmiy axborot almashinuvi jarayonida oʻz salohiyat va ilmiy malakalarini ham oshirishga erishadilar.
Bunday maktablarning muhim funksiyasi ilm sohasidagi davomchilar — yosh tadqiqotchilar avlodini tayyorlash, ularning ilmiy darajada va unvonlarga ega boʻlishlari uchun yoʻnalish berib borish hisoblanadi. Yetakchi olimlar fanga kirib kelayotgan yoshlardan ham ilmiy, ham dunyoqarash borasidagi hamfikrlarini yetishtirishga intiladilar.
Yirik ilmiy maktablarning shakllanishi uzoq kechadigan mashaqqatli jarayondir. Oliy taʼlim muassasasi sharoitida bu masalaning yechimi jamoaning ham taʼlimiy, ham ilmiy vazifalarni oʻzaro mujassam holatda bajarishga yoʻnaltirilganligi bilan belgilanadi. Ijodiy muhitning yaratilishi, talaba va ilmiy izlanuvchilar orasidan tanlanadigan iqtidorli shogirdlar bilan ishlash, oʻquv-yordamchi va ilmiy bazaning mavjudligi yetakchi olimlarga universitet muhitida yuqori ahamiyatga ega natijalarga erishish uchun zarur asoslarni beradi. Shu maʼnoda, ilmiy maktabni yetakchi olim rahbarligida belgilangan dasturni amalga oshiruvchi turli toifadagi olimlarning intellektual, maʼlum qadriyatga ega, norasmiy, ochiq jamoasi deyish mumkin. Bu kabi maktablarning eng ahamiyatli jihatlari: ilmiy gʻoyalarni yaratish va himoya qilish, yoqlash; alohida olimlar tomonidan hal etilishi murakkab boʻlgan yirik ilmiy masalalar kompleks yechimining jamoaviy ishlab chiqilishiga erishish; yosh olimlarni tayyorlash.
Shuningdek, ilmiy maktabga aynan olingan ilmiy yoʻnalishda yuqori darajadagi tadqiqotlar bilan tanilgan, barqaror obroʻ va anʼanalarga, tayyorlangan yuqori malakali tadqiqotchilar avlodi almashinuvidagi uzviylikka ega ilmiy jamoa deb qarash ham oʻz asosiga ega.
Ilmiy maktab rivojlanib borishida asosiy yoʻnalishlarni belgilab beruvchi yetakchining jamoani yagona gʻoya atrofida birlashtiradigan tadqiqotchilik dasturining mavjudligi, birgalikda faoliyat yuritishiga zamin yaratuvchi yagona yondashuv yoki paradigmaga ega boʻlishi ahamiyatli. Ilmiy maktabning belgilari sifatida maktab jamoasining bevosita oʻzaro muloqotda boʻlishi, yetakchi tomonidan ishlab chiqilgan dastur, unga mos metodik tuzilma hamda faoliyat natijalarini baholashdagi ichki standartlarni qayd etish mumkin.
Ilmiy maktablarning asosiy shartlari:
– ilmiy maktab yetakchisi soha vakillari tomonidan keng eʼtirof etilgan boʻlishi;
– sohada qabul qilingan va amaldagi qarashlardan farq qiladigan, oʻziga xos yondashuvga ega ekanligi;
– oʻz faniga boʻlgan qiziqishning maqola, seminar va konferensiyalar asosida doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab turilishi.
Bunday maktabning yaralishiga yetakchida nafaqat ilmiy faoliyat uchun zarur boʻlgan sifatlar, balki ijodiy jamoani oʻz atrofida jipslashtira olish qobiliyati ham oʻzining katta taʼsirini koʻrsatadi. Yetakchi bir qancha xususiyatlarni oʻzida mujassamlashtiradi. Birinchidan, u maktabning loyihachi-tashkilotchisi hisoblanadi. Bu esa jamoa aʼzolarining oʻz faoliyatiga tashqaridan baho bera olishiga xizmat qiladi. Ikkinchidan, yetakchi bir vaqtning oʻzida ikki jihat — ham ustozlik, ham hamkorlik sifatini namoyon etishi kerak boʻladi.
Ilmiy maktabning ahamiyati yangi gʻoyalar tashabbuskori, ularning ommalashtiruvchisi ekanligi, ayni paytda, ilmiy darajalar himoyasi asosida yosh olimlar tayyorlash funksiyalarini bajarishi bilan izohlanadi. Boshqacha aytganda, ilmiy maktabning asosiy tavsifi uning jamoatchilik oʻrtasida tanilganligi, yuqori saviyadagi, oʻziga xos tadqiqot yoʻnalishiga, ilmiy nufuzga, muayyan anʼanalariga ega boʻlishi va avlodlar uzviyligini taʼminlashini nazarda tutadi.
Ilmiy maktablar tan olinishi nuqtayi nazaridan quyidagi turlarga boʻlinadi:
- Jahon sivilizatsiyasida tan olingan ilmiy maktablar. Bunga Markaziy Osiyo misolida Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulugʻbek va boshqa allomalar asos solgan maktablar taalluqlidir.
- Maʼlum bir mamlakatning tan olingan yetakchi ilmiy maktablari. Bunga respublikamizda T.N.Qori-Niyoziy, Ibrohim Moʻminov, Yahyo Gʻulomov, Poʻlat Habibullayev, Siddiq Rajabov, Shavkat Olimov, Natan Mallayev, Yunus Rajabiy kabi olimlar maktablarini kiritish mumkin.
- Muayyan tarmoq va muassasalar miqyosida eʼtirof etiladigan ilmiy maktablar.
Bunday maktablarni yana “Tan olingan ilmiy maktablar”, “Taniqli ilmiy maktablar”, “Rivojlanib kelayotgan ilmiy maktablar”, “Shakllanayotgan ilmiy maktablar” kabi darajalarga ajratish mumkin.
Ilmiy maktablar qanday shaklda boʻlmasin, taraqqiy etish va tarkib topish bosqichidan qatʼi nazar, maʼmuriyatning doimiy eʼtibori, har tomonlama qoʻllab-quvvatlashiga muhtoj boʻladi.
Ilm-fan nazariyasida “ilmiy maktab”, “ilmiy yoʻnalish” va “ilmiy muammo” atamalari farqlanadi. Qayd etish joizki, ilmiy maktab toʻgʻrisida soʻz yuritilganda, uning doirasida bir qancha fan doktorlari tayyorlanganligi nazarda tutiladi. Ilmiy maktabning muhim tavsifi aniq ilmiy muammo yechimi ustida ish olib borilayotganligi, dissertatsion tadqiqotlar borasida ilmiy izlanuvchilar bilan ishlanayotganligi, aniq mavzudagi ilmiy konferensiyalar tashkil qilib borilayotganligi eʼtiborga olinadi.
Kafedraning ilmiy yoʻnalishi toʻgʻrisida soʻz yuritilganda, bu boʻlinmaning rahbari fan doktori ekanligi, kafedra ilmiy yoʻnalishi doirasidagi tadqiqotlar dissertatsiya ishlarini himoya qilish, loyihalar bajarish va yirik ilmiy ishlarni nashr qilish bilan yakunlanayotganligini anglatadi. Ilmiy maktab faoliyatiga baho berishda himoya qilingan dissertatsiya ishlari, maktab aʼzolarining ilmiy ishlariga iqtiboslar berilishi, maktab aʼzolari amal qiladigan umumiy gʻoya va qadriyatlarning mavjud boʻlishi eʼtiborga olinadi. Bunday maktab faoliyatining uzviyligi, tadqiqotlarning davomiyligi odatda yetakchi tomonidan asos solingan ilmiy mavzuning shogirdlar faoliyatida davom ettirilishi, rivojlantirilishi, yangi qirralar bilan boyib borishi orqali tavsiflanadi. Bunda amalga oshiriladigan tadqiqotlarning koʻpqirraliligi ham muhim.
Maʼlum bir ilmiy maktabning boshqalardan ajralib turadigan oʻziga xos jihatlarini belgilashda miqdor koʻrsatkichlardan foydalanish faqatgina umumiy xulosa chiqarishga imkon beradi. Shu sababli uning oʻziga xosligini baholash uchun keng qamrovli yondashuv talab etiladi.
Ilm-fanning rivojlanib borishidagi tarixiy tajribalar shuni koʻrsatadiki, ilmiy hamjamiyatning barqarorligi uning muayyan darajadagi mustaqilligi, fanning kelajagini belgilab beradigan yosh olimlarning tashkilotchiligi va intiluvchanligi, tajriba va anʼanalarni oʻzida mujassam etgan katta avlod olimlari bilan muntazam muloqotning yoʻlga qoʻyilganligi bilan belgilanadi.
Fanda mavjud boʻlgan “ilmiy hamjamiyat” atamasi ilmiy maktablar shakllanishidagi oʻzak tushuncha boʻlib, turli soha vakillari boʻlgan, lekin bitta umumiy ilmiy muammo yechimi ustida ishlayotgan olimlarni ham oʻzida jamlab, umumuniversitet va kafedralararo ilmiy maktablarning yaralishiga sabab boʻladi.
Respublikamizda ilmiy maktablar ravnaqiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Turli ilmiy loyihalarni bajarish boʻyicha xalqaro va respublika miqyosidagi grant tanlovlarida ishtirok etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ilmiy maktablar fandagi umumiy bir evolyutsion taraqqiyotning uzviy boʻgʻinlari sifatida jamoatchilik uchun oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotchi faoliyatining avvalida shunday maktabga birlashishi, tadqiq qiladigan mavzusini aniqlashi va tasdiqlatishi, izlanishini maktab olimlari bilan oʻzaro hamohanglikda olib borishga intilishi kerak. Shunda ham oʻzining faoliyati samarali boʻladi, ham oʻzi mansub ilmiy maktabning rivojiga hissa qoʻshgan hisoblanadi.
Shavkat SHARIPOV,
Jizzax pedogogika universiteti rektori,
pedagogik fanlari doktori, professor