2012-yil Avstraliyaning Griffit universitetida moliya boʻyicha PhD ishini himoya qilganman va bugungi kunda Flinders universiteti moliya, iqtisodiyot va loyiha boshqaruvi fanlaridan dars beraman, shuningdek, tadqiqot olib boramoqdaman. 1996-yili Kolumbiya universitetida Xalqaro bank ishi va moliya boʻyicha magistratura va 2001-yilda Buyuk Britaniyaning Oxford universitetida iqtisod boʻyicha aspirantura bosqichida tadqiqotlar olib bordim. Jahon banki, BMTTD, Osiyo Taraqqiyot banki hamda Germaniyaning GIZ tashkiloti bilan koʻplab loyihalarni amalga oshirganmiz. Hozir esa bevosita faoliyatim bilan bogʻliq boʻlgan Avstraliya oliy taʼlim tizimi haqida maʼlumot berib oʻtmoqchiman. Bu mavzu koʻpchilik yurtdoshlarimizga qiziq, deb oʻylayman va manfaatli boʻlishidan umidvorman.
Taʼlim bosqichlari
Avstraliyadagi oliy taʼlim — mamlakatdagi oʻrta maktabdan keyingi rasmiy taʼlim boʻlib, u davlat va xususiy muassasalardan iborat hamda ikki sektorga boʻlingan:
1) Oliy taʼlim (universitetlar tomonidan taqdim etiladi).
2) Kasbiy taʼlim va trening (VET) (davlatga qarashli (TAFE) hamda xususiy roʻyxatdan oʻtgan taʼlim tashkilotlari (RTO) tomonidan taqdim etiladi).
Avstraliya malakaviy tizimi (AQF) oliy taʼlim malakasini 10 bosqichga ajratadi:
– 1-4 bosqichlar — bakalavriat sertifikatlari;
– 5-bosqich — bakalavriat diplomi va yuqori darajali diplom;
– 6-bosqich — assotsiatsiya darajasi;
– 7-bosqich — bakalavr darajasi;
– 8-bosqich — yuqori bakalavr uchun bitiruv sertifikatlari va bitiruv diplomlari;
– 9-bosqich — magistratura uchun;
– 10-bosqich — PhD va post-doktorantura (doktoranturadan keyingi) izlanishlar uchun.
Aksariyat universitetlar davlatga tegishli va asosan oʻzini oʻzi boshqaradi. Boshqa oliygohlar (VETlar, yaʼni TAFE&RTO) uchun “provayder institutlari”, shuningdek, provayderlar tomonidan taqdim etiladigan “individual kurslar”ni roʻyxatdan oʻtkazish, tan olish va sifatini taʼminlash uchun oliy taʼlim boʻyicha ikkita milliy tartibga soluvchi organ mavjud. Oliy taʼlim sifati va standartlari agentligi (TEQSA) 6 yoki undan yuqori darajadagi taʼlim beruvchi institutlarni tartibga soladi. Avstraliya malakalar sifati boshqarmasi (ASQA) 1-darajadan 6-darajagacha taʼlim beruvchi institutlarni tartibga soladi.
Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi va shartlari
Abituriyentdan bu mamlakatda oliy taʼlim olish uchun Avstraliya oliy oʻquv yurtiga kirish darajasi (ATAR) talab qilinadi. Bu daraja boshqa maktab bitiruvchilariga nisbatan uning akademik yutuqlari reytingini koʻrsatadigan foizli koʻrsatkichdir. U toʻrt yoki beshta umumiy fan, shuningdek, qoʻllanma fan yoxud sertifikat III yordamida hisoblanadi. Masalan, u ingliz tili fanlardan biri hisoblanishi va C yoki undan yuqori daraja boʻlishi lozim. Shu ATAR koʻrsatkichi abituriyentlarni oliy taʼlim institutiga qabul qilishda asosiy faktor hisoblanadi. Har bir shtat universitetlarida bu biroz farqlanishi mumkin. Oliy taʼlim muassasalarida arizalarni qabul qilish, toʻplash va oliygohga joʻnatish uchun qabul markazlari faoliyat yuritadi. Ariza berishda abituriyentlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:
– shaxsiy maʼlumotlar;
– LUI (oʻquvchining yagona identifikatori);
– abituriyentning joriy oʻqish va malakasi haqida maʼlumot;
– shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
– taʼlim olinganligini isbotlovchi (sertifikat, diplom yoki boshqa) tasdiqnoma;
– aloqa maʼlumotlari;
– topshirilgan qabul testlari;
– yaqinlari tizimga kirishi va jarayonda yordam berishi uchun avtorizatsiya;
– arizani qoʻllab-quvvatlaydigan pdf formatidagi hujjatlar (masalan, malaka va ilmiy natijalarni tasdiqlovchi hujjatlar — shaxsiy bayonot, rezyume, portfolio).
Shundan keyin abituriyentdan oʻqimoqchi boʻlgan kurs yoxud universitetlari ketma-ketligini belgilash talab qilinadi. Bundan tashqari, abituriyent oliy oʻquv yurtiga kirish markazi orqali stipendiya olish uchun ham ariza topshirishi mumkin. Abituriyentlar saralovida ATAR reytingi, oldingi malaka va tugallangan kurslar hamda boshqa bajarilgan taʼlim standartlariga eʼtibor qaratiladi.
Chet ellik talabalar Avstraliya institutlariga odatda onlayn murojaat qilishadi. Abituriyentlar ariza shakllarini muassasalarning veb-saytlaridan yuklab olishi mumkin. Yana bir yoʻli — mamlakatdagi taʼlim agenti yoki hujjat topshirilayotgan muassasaning chet eldagi vakili bilan bogʻlanish. Ariza formasi abituriyentning qaysi kurs(lar)ga kirishni istashini aniqlaydi va taqdim etilishi kerak boʻlgan hujjatlar haqida maʼlumot beradi.
Aksariyat ariza formalarida quyidagilarni keltirish talab qilinadi:
– shaxsiy maʼlumotlar;
– ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat;
– oldingi akademik malaka tafsilotlari;
– abituriyent kirishni istayotgan kurs(lar);
– ish tajribasi haqida qisqacha maʼlumot (agar mavjud boʻlsa).
Agar abituriyent tahsil olayotgan boʻlsa, yakuniy natijalar chiqqunga qadar soʻnggi baholari haqida dalillarni taqdim etishi mumkin. Muassasalar 50 dan 100 AQSH dollari atrofida qaytarilmaydigan ariza toʻlovini oladi. Baʼzi muassasalar, agar ariza onlayn tarzda topshirilgan boʻlsa, bu toʻlovdan voz kechadi.
Ijtimoiy himoya
Milliy oliy taʼlim ittifoqi (NTEU) — bu barcha oliy taʼlim muassasalari xodimlari uchun Avstraliya kasaba uyushmasidir. Uyushma oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, xodimlari, tadqiqotchilari hamda talabalari manfaatlarini himoya qiluvchi ixtisoslashgan milliy tashkilot hisoblanadi. NTEU quyidagilarni amalga oshiradi:
– davlat tomonidan oliy taʼlimni moliyalashtirishni yaxshilash va uning mexanizmlarini takomillashtirish;
– universitet mustaqilligi va tadqiqot erkinligini himoya qilish;
– ortiqcha ish yuklamalari ustidan nazoratni joriy etish, ish xavfsizligini taʼminlash va universitet xodimlarining ish haqi raqobatbardoshligini oshirish;
– talabalar uchun arzon va sifatli xizmatlar koʻrsatilishiga erishish, buning uchun mablagʻlar jalb qilish.
Ilmiy unvon va darajalar olish tartibi
Avstraliyadagi ilmiy unvon va darajalar olish tizimi umumiy besh darajaga — A-E darajalariga tasniflanadi. Ular faqat institutlararo biroz farqlanishi mumkin. Bular:
A daraja — maʼruzachiga yordamchi tadqiqotchi (Tutor/Associate Lecturer/Associate);
B daraja — maʼruzachi tadqiqotchi (Lecturer);
C daraja — katta oʻqituvchi, katta ilmiy xodim (Senior Lecturer);
D daraja — professor yordamchisi (Associate Professor);
E daraja — professor (Professor).
Professor unvonini olish uchun ariza beruvchi har bir nomzod universitet tomonidan oʻrnatilgan minimal standartlarga javob berishi kerak. Bunda uchta asosiy xususiyat koʻrib chiqiladi: nomzodning ilmiy doiralarda tan olinishi, akademik ish sifati va yetakchiligi. Tadqiqotda yetakchilik, shubhasiz, eng muhim mezon hisoblanadi. Baʼzi universitetlar oʻquv dasturini ishlab chiqishda xodimlar va talabalarni oʻqitishda, shuningdek, boshqarishda ham yetakchilikni talab qiladi. Baʼzi universitetlarda professor va professor yordamchisi unvoni katta ilmiy tajriba yoki tegishli ilmiy darajaga ega boʻlmasdan turib, yuqori boshqaruv lavozimiga tayinlash asosida ham berilishi mumkin.
Avstraliyada ilmiy faoliyatni olib borish bosqichlari va tartibi sohaga va universitetga qarab farqlanadi. Ammo mamlakatda ilmiy faoliyat sohalarni rivojlantirishning asosiy tayanch nuqtasi hisoblanadi. Xususan, 2019-2020-yillarda universitetlar Avstraliyadagi umumiy ilmiy tadqiqot ishlarining 36 foizi va davlat sektori tadqiqotlarining deyarli 80 foizini amalga oshirgan.
Oliy taʼlim muassasalari davlatda kashfiyot yoki fundamental tadqiqotlarning 87 foizini olib boradi. Ishlab chiqarish korxonalari tadqiqotlarining esa 38,9 foizi oliy taʼlim muassasalari hissasiga toʻgʻri keladi. Avstraliyada dunyo aholisining atigi 0,3 foizi istiqomat qilsa ham, bu yerda dunyodagi barcha tadqiqotlarning 3 foizi amalga oshiriladi. Eʼtiborlisi, Avstraliya universitetlarida bajarilgan tadqiqotlarning 90 foizdan ziyodi jahon darajasida eʼtirof etiladi.
Nega aynan Avstraliya?
Avstraliya taʼlim muassasalari darajasi va bitiruvchilarining imkoniyatlari boʻyicha jahon miqyosidagi yetakchi mamlakatlardan hisoblanadi. Buning toʻrtta sababi bor:
Birinchidan, iqtidorli mutaxassislar. QS World University Rankings maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilda davlatning 7 universiteti dunyoning eng yaxshi 100 ta universitetlari qatoridan joy oldi. Mazkur taʼlim muassasalari oʻz xodimlariga jahonning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlash imkoniyatini beradi. Shuningdek, ular malakali, professional muhitda faoliyat yuritish va rivojlanishi uchun barcha sharoitga ega boʻlishadi.
Ikkinchidan, ilmiy tadqiqot olib borish uchun yetarlicha qulaylik yaratilgan. Avstraliyaning koʻpgina universitetlarida tadqiqotlarni ilgari surish, dunyodagi eng yaxshi axborot manbalari, laboratoriya va jihozlardan foydalanish imkoniyatini beruvchi sifatli tadqiqot muassasalari mavjud. Bu izlanuvchilarga tanlagan sohasiga innovatsiyalarni joriy etish, foydali natijalarni qoʻlga kiritishga yordam beradi. Universitetlar tadqiqot imkoniyatlarini kengaytirish va izlanishlarning amaliy ahamiyatini oshirish uchun sanoat, hukumat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Uchinchidan, ish va hayot muvozanati mavjud. Ishning ahamiyati yoki darajasidan qatʼi nazar, ish va hayot muvozanati hozirgi kunda turli yoshdagi barcha xodimlar uchun juda muhim. Koʻpgina universitetlar xodimlarga mehnat faoliyati va shaxsiy hayotini toʻgʻri boshqarishga imkon beradigan siyosatni joriy qilishga intiladi. Moslashuvchan ish soatlari, turli taʼtil olish huquqi, pullik ota-ona taʼtillari va shaxsiy rivojlanish imkoniyatlari kabi imtiyozlardan barcha xodimlar foydalanishi mumkin. Eʼtiborlisi, bunday ijtimoiy himoya uchun alohida mablagʻ ajratiladi. Natijada universitetning har bir xodimi oʻzini qadrli deb hisoblay oladi.
Toʻrtinchidan, inklyuziv muhit yaratilgan. Avstraliya universitetlari — turli millat vakillari, turfa mafkura va qiziqishlarga ega odamlarni birlashtiradigan maskan. Shu bois koʻplab universitetlar barchaga birdek ish muhiti yaratish uchun katta resurs ajratadi. Oliygohlarda turli mamlakatlardan kelgan tadqiqotchilar hamjihatlikda ishlaydi. Avstraliya universitetlari koʻzga koʻringan mutaxassislarni jalb qilish uchun yuqori ish haqi va barcha yoʻl xarajatlarini toʻlaydi.
Sifatli taʼlim qanday mezonlarga asoslanadi?
Sifatli taʼlim deganda, talabalarga mehnat bozori uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni beradigan taʼlim turi nazarda tutiladi. Biroq sifatli taʼlimning afzalliklari shu bilangina cheklanmaydi. Chunonchi, oliy taʼlim jamiyatni rivojlantirishga yordam beradigan tom maʼnodagi shaxslar va tadqiqotlarni shakllantiruvchi drayver hisoblanadi. Shuning uchun ham oliy taʼlim muassasalari ishga joylasha oladigan bitiruvchiga taʼlim berish bilan kifoyalanmasligi, oldiga katta vazifalarni qoʻyishi kerak. Oliy taʼlim bitiruvchilarga tanqidiy, tahliliy va mantiqiy tafakkurni oʻrgatishi zarur. U talabalarni turli fan olamida va kengroq jamiyatda faol ishtirok etishga tayyorlashi lozim. Shu bilan birga, oliy taʼlimdan bitiruvchilarda boshqalarning rivojlanishi uchun imkoniyat yaratish va oʻz yutuqlaridan zavq olish hissini shakllantirish talab qilinadi. Universitetlar soni hamda qabul kvotalarini oshirishdan avval fuqarolarda sifatli taʼlim nimalarni oʻz ichiga olishi haqida tushuncha shakllantirilishi kerak. Chunki oliy taʼlimdagi sifat ijtimoiy adolatni qadrlaydigan va bitiruvchilarning mamlakat muammolarini hal qilish uchun malaka hosil qilishlariga yordam beradigan tizim yaratilishiga xizmat qiladi. Universitetlar jamiyatni mustaqil ravishda oʻzgartira olmaydi. Ammo ulardagi oʻqitish va oʻrganish amaliyoti bu yangilanish, taraqqiyotga katta hissa qoʻsha oladi. Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilarida oʻz bilimlarini talabalarga samarali yetkazish koʻnikmasini shakllantirishga eʼtibor qaratish lozim. Buning uchun professor-oʻqituvchi 30 yoshda ham, 40-60 yoshda ham ilgʻor tajribalarni oʻrganishga, amaliyotda qoʻllashga tayyor boʻlishi kerak.
Vaziyat tahlili va taklif
Soʻnggi paytlarda taʼlim tizimi rivoji va soha taraqqiyoti yoʻlida muayyan islohotlar qilinayotgani, ular oʻzining natijasini asta-sekin koʻrsatayotgani ham rost va kishini quvontiradi. Biroq, afsuski, bizda tadqiqotlar va ilmiy xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni yaxshi deb boʻlmaydi. Garchand professor-oʻqituvchilar oyligi bir qadar oshgan boʻlsa-da, ilmiy izlanishlar uchun zarur boʻlgan xolislik, sifatli taʼlim, zamon talabidagi sharoit va ragʻbatlantirish haligacha yetarli darajada emas. Tadqiqotchi va oʻqituvchilarga faqat yaxshi oylik maosh berilsa-yu, kerakli shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmasa, sifatli oʻqitish va salohiyatli tadqiqot oʻtkazishni talab qilish samara bermaydi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda davlat universitetlaridagi rahbarlarni tayinlash davlat emas, universitetlarning mustaqil kuzatuv kengashi vazifasi boʻlishi kerak. Bu esa oliygohlarga oʻz rivojlanish yoʻlini erkin tanlashga imkon beradi. Avstraliyada ham deyarli barcha universitetlar davlat tasarrufidadir, lekin ular mustaqil ravishda oʻz rahbar va kuzatuv kengashini tanlab, rivojlanish masalalarini oʻzi hal qiladi. Regulyator va nazorat organlari esa oʻqish sifatini nazorat qiladi. Tadqiqotlar sifatiga qarab oliy taʼlim muassasalari reputatsiya va reytingi oʻzgarib turadi, bu esa universitetlar moliyaviy sharoitiga ham taʼsir qiladi.
Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini rivojlantirish va taʼlim sifatini oshirishda quyidagi takliflarimni bildiraman:
- Taʼlim jarayoniga ilgʻor taʼlim modellarini kiritish kerak. Test ballari va yutuqlar endi taʼlimga eʼtibor berishning samarali usuli emas. Talabalar jamoada ishlash, tanqidiy fikrlash va yetakchilikka intilishni mashq qilishlari kerak. Ular, shuningdek, jamiyatni rivojlantirishga qaratilgan biznes gʻoyalari orqali bozor imkoniyatlarini aniqlashi va bu resurslardan unumli foydalanish kabi tadbirkorlik loyihalari bilan shugʻullanishlari lozim. Standartlashtirilgan taʼlimdan voz kechish talabalarni oʻz jamoasining ijtimoiy va iqtisodiy farovonligiga ijobiy taʼsir koʻrsatishga tayyorlaydi.
- Oʻqituvchilar va tadqiqotchilar uchun qulay resurslar yaratish. Zamonaviy axborot va maʼlumotlar tadqiqotchilar uchun zarur. Shuningdek, ulardan qanday foydalanishni biladigan texnik maʼlumotli xodimlar universitet jamoalariga qoʻshilishi kerak.
- Jahon Bankidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, oliy taʼlim muassasalariga qabul Oʻzbekistonda bakalavriat darajasida nisbatan koʻproq deb qayl qilingan. Lekin xalqaro miqyosda talabalar taqsimlanishi turli oliy taʼlim dasturlarida (magistratura, PhD) kengroq tarqalgan. Magistratura oʻrinlariga talab bakalavriat taʼlimiga qaraganda pastroq boʻlsa-da, bunda qabullarni ragʻbatlantirish kerak, deb oʻylayman.
- Tadqiqotchilarga akademik xolislikka imkoniyat yaratib, axborot/maʼlumot bazalaridan keng foydalanish imkoniyatini berish zarur. Oʻzbekistonda tadqiqotchilar axborot/maʼlumot yetarli boʻlmagan holatda sifatli tadqiqotlar oʻtkaza olmaydi. Bu tadqiqotlarsiz taʼlim sifati ham tushadi, oliy taʼlimning mamlakat rivojiga hissasi juda ozligicha qoladi, shuningdek, oliy taʼlim real hayotdan yiroqligicha qolaveradi.
- Universitetlar oʻqituvchilarni ishga olishda nomzodlarning malakasiga asoslangan shaffof tanlov tizimiga oʻtishi zarur. Bu yerda korrupsiya va nepotizmga oʻrin berilmasligi oʻta muhimdir. Avstraliyada universitetlar turli xil, lekin ularning kadrlar tanlov tizimi juda oʻxshash. Bunda asosan taqdimotlar sifati/soni, dars berish qobiliyati, ilmiy grantlar bilan ishlash salohiyati, sanoat/sohada bilimi va oliy taʼlim tashkiliy masalalari bilan shugʻullana olishi eʼtiborga olinadi.
Jahongir QAHHOROV,
Avstraliyaning Flinders universiteti professori