Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini tubdan yangilash boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Qonun takomillashtirildi, tegishli farmon va qarorlar asosida modernizatsiya qilindi. Oliy taʼlimga xususiy sektorning keng miqyosda jalb etilishi yurtimizdagi nafaqat taʼlim muassasalarining miqdoriga, balki taʼlimni tashkillashtirishning sifatiga ham ijobiy taʼsir qilishi demokratik davlatlar tajribasida isbotlangan haqiqatdir.
Taʼlim jarayonini olib borishda munosib oʻquv dasturi, darsliklar bilan birga, zamonaviy texnik vositalardan foydalanish bilim olish samaradorligiga ijobiy taʼsir oʻtkazadi, albatta. Ayni paytda, aksariyat taʼlim muassasalarining ertalabdan kechgacha faoliyat yuritishida nafaqat binolardan, balki AKTdan foydalanish darajasi ham yuqori boʻladi. Shuning uchun institut va universitetlarda texnik vositalarni muntazam ishlab turishini taʼminlash katta ahamiyatga ega. Tegishli mutaxassislar ishini toʻgʻri tashkil etish texnik vositalardan foydalanish samaradorligini oshiradi. Bir soat toʻxtagan texnikaning zarari talabalarning oʻzlashtirishiga, boshqacha qilib aytsak, taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bois texnik vositalar ishlashini taʼminlaydigan, buzilganda tezda tuzatadigan mutaxassislar ish vaqtini soat 9:00 dan 17:00 gacha emas, balki ertalabki soat sakkiz yarimdan kechkida oʻqiydigan talabalarning oxirgi darsigacha ikki yoki uch smenaga boʻlgan holda tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Shu bilan birga, baʼzi darslarni texnik vositaga zoʻrma-zoʻraki tarzda bogʻlash yaxshi natija bermaydi. Masalan, bosma jurnalistikada amaliy mashgʻulotlarni slaydlar oʻrniga anʼanaviy usullardan foydalanib, jumladan, yozma va bosma matnlarni tahrirlagan holda olib borish mumkin. Agar uni ham kompyuter texnologiyalari bilan oʻtish lozim topilsa, bunday amaliy mashgʻulotlar uchun bir serverga ulangan kamida yigirmata kompyuter majmuasi va tegishli dastur talab etiladi.
AQSHning Boston shahrida joylashgan Northeastern universiteti jurnalistika fakultetida boʻlganimizda amaliy mashgʻulotlar uchun aynan shunday sharoit yaratilganining guvohi boʻldik. Bunda talabalar oʻzlari yozgan, deylik, yangiliklar matnini ustoz boshqaradigan bosh kompyuter orqali barcha monitorlarga tarqatishadi. Kursdoshlari mazkur matnni muhokama qilishadi, tahrirlashadi, zarurat tugʻilganda, qayta yozishadi va oʻz variantlarini yana muhokamaga tashlashadi. Muhokama davomida talabalar oʻz fikrlarini bildirish, tahrir va qayta matn tuzish jarayonida mahoratlarini oshirish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Bizda ham ushbu tajribadan unumli foydalanilsa, boʻlajak jurnalist kompyuterda ishlash, uning imkoniyatlaridan foydalanishni ham oʻrganib boradi. Maktablarda kompyuter (Word)da fayl ochib, matn terish, yaratish, uni xotiraga saqlash kabi elementar funksiyalardan foydalanish yaxshi oʻrgatilmagan boʻlsa, oʻquv jarayonida taʼlimning oʻrta taʼlim maktab bosqichidagi bu kamchilik ham bartaraf etiladi.
Oliy taʼlim sifatiga salbiy taʼsir qilayotgan muammolarimizdan yana biri — turli saviyadagi talabalarning birinchi bosqichdan bir kursda taʼlim olishidir. Tillarga ixtisoslashgan universitetlarda ularning guruhlarga ajratilishi va zarur dasturlar asosida taʼlim berish tajribasi mavjud. Lekin filologiya, pedagogika, jurnalistika, tarix va shu kabi ijtimoiy yoʻnalishdagi birinchi bosqich talabalari uchun chalasavodlik, xato yozish kabi muammolarni bartaraf etishga moʻljallangan darslar qoʻyishga ehtiyoj koʻzga tashlanmoqda. Shu oʻrinda, talabalarni testga tayyorlanish bahonasida maktabda oʻqimagan kitoblari mutolaasiga jalb qilish mumkin.
Har bir talaba — shaxs!
Har bir inson betakrordir. Talabaning mana shu betakrorlikni oʻzida kashf etishida ustozning oʻrni beqiyos. Albatta, joriy oʻquv yilida hujjat topshirgan abituriyentlarning kirish imtihonlaridagi past koʻrsatkichi tajribali professor-oʻqituvchilarni mavzular mohiyatini talabaga tushuntirish vaqtida qiyin ahvolga solib qoʻymoqda. Abituriyentning asosiy vaqti test yodlashga ketadi. Testlar ichida mantiqiy savollar ham bor, biroq ular mavzular mohiyatini anglash uchun yetarli emas. Masalan, Oʻzbekiston tarixidagi bir voqeani tushuntirish uchun 1918-yilda nima boʻlganini soʻraysiz. Sanoqlilarigina bu yilda Turkiston muxtoriyati qonga botirilganini aytadi. Ammo bu savolga javob topganlar ham voqealar qanday kechganligini, qanchadan-qancha odamlar nobud boʻlganini va eng asosiysi bu manfur ishni kimlar, nima maqsadda bajarganini izohlashga, tahlil qilishga qurbi yetmaydi. Holbuki, tarixning bu sahifalaridagi voqealar kelgusida takrorlanmasligi uchun qaysi kasbni tanlab, oʻqiyotganidan qatʼi nazar, talaba voqeaning tub mohiyati, negizini tushunishi va tushuntirib bera olishi ham kerak.
Shuning uchun bunday vaziyatlarda umumtaʼlim maktabi dasturlariga qaytish zarurati tugʻiladi. Tabiiyki, bu professorning vazifasiga kirmaydi. Shunday boʻlsa-da, amaldagi mavzudan chekinib, besh-oʻn daqiqa vaqt sarflab, talabalar bilimidagi kamchiliklarning asosiy jihatlariga eʼtibor qaratishimiz, talabalarga tushuntirib, yuqori taʼlim olishni davom ettirishlariga erishishimiz zarur.
Talabalarning amaliyotini tashkil etish nazariy taʼlimning naqadar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligini koʻrsatib beradi. “Amaliyot maktabida ilk bor jurnalistikaning eshigidan moʻralarkanman, uning ortidagi ogʻir ijod mashaqqatini yelkamga orta olarmikinman degan oʻy xayolimdan oʻta boshladi. Hatto bir necha marta ortimga qaytmoqchi ham boʻldim”[1], deb yozadi talabalardan biri.
Amaliyot jarayonida ixtisoslashgan jurnalist sohani chuqur biladi, yozgan maqolasining sifati yaxshi, samaradorligi yuqori boʻladi. Sohaga ixtisoslashgan jurnalistlar tahririyatda ijodiy raqobatni kuchaytiradi. Raqobat bor joyda esa, albatta, rivojlanish boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyunda imzolagan “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–294-son qarorida “Jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiya qilish, kadrlarning malakasini oshirish va jurnalistlarning xorijiy tillarni oʻrganishini ragʻbatlantirish maqsadida jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan boʻlimlari Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi tahririyati va boshqa tahririyatlarda tashkil etilishi koʻzda tutiladi”[2].
Holbuki, uzoq yillardan buyon faoliyat koʻrsatayotgan talaba-jurnalistlar mahorat maktablarida salmoqli tajriba toʻplangan. Bunday maktablar talabalarga nafaqat oʻz kuchi va iqtidorini sinab koʻrishga, balki jurnalistik faoliyat muhitiga shoʻngʻish, bu sohaning yetakchi mutaxassislari bilan muloqotda boʻlish, ularning yozish uslubi va eng yaxshi tajribalarini oʻzlashtirishga imkon beradi.
Asosiysi, Prezident qaroridagi gʻoyalarni amalga oshirishni qatʼiy nazorat ostiga olish kun tartibidagi masala boʻlib qolmoqda.
Oliy oʻquv yurtini tugatgan mutaxassislar bilan ishlash haqida gap borganda, Singapurni dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoriga olib chiqqan bosh vazir Li Kuan Yu qoʻllagan tadbir xayolga keladi. Odatda Singapur taraqqiyotiga xizmat qilgan omil sifatida koʻproq mamlakat rahbariyatining korrupsiyaga qarshi kurashi tilga olinadi. Bunday muammosi boʻlgan davlat olimlarining asosiy diqqatni aynan shu jihatga qaratishlari toʻgʻri va bunga shubha yoʻq.
Biroq Singapur bosh vazirining taʼlim sohasida olib borgan ishlariga ham alohida eʼtibor berilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Li Kuan Yu davlatini qadim faylasuflar, xususan, Forobiy aytmoqchi, fozil fuqarolarni koʻpaytirish hisobiga rivojlantirishga ahd qiladi va bu borada yuzaga chiqqan muammolarni bartaraf etish uchun maxsus qoʻmitalar tashkil etadi. Masalan, u qizlarni oliy taʼlimda oʻqitish boʻyicha samarali ishlarni amalga oshiradi. Sharq xalqlarida shakllangan odatga koʻra, yigitning nafaqat ota-onasi, balki oʻzi ham oliygohda tahsil olmagan (salohiyati oʻzidan past) qizlar bilan turmush qurish oqibatida yuzaga keladigan tang holatdan chiqish boʻyicha juda qiziq bir tadbirni ilgari suradi. Chora shuki, agar oʻqigan yigit oliy maʼlumotli qiz bilan turmush qursa, bu oilaning ravnaqi uchun sharoit yaratib beriladi. Bu qoʻllovning nima ekanligiga urgʻu bermasdan, uning natijasiga eʼtibor qaratamiz: “Bugun Singapurda ota-onalarning maʼlumot darajasi va iqtidori qanchalik yuqori boʻlsa, farzandlarining ham yuqori natijalarga erishish ehtimoli yuqori boʻlishi borasida hech kim bahslashmaydi… 1982-yilda 32 foiz oliy maʼlumotli yigitlar universitetni tugatgan qizlarga uylangan boʻlsa, 1997-yilga kelib bu koʻrsatgich 63 foizga yetdi”[3].
Bundan maʼlum boʻladiki, fuqarolarning maʼlumotlilik darajasi qanchalik yuqori boʻlsa, yurt taraqqiyotiga shunchalik taʼsir qiladi. Li Kuan Yu bu koʻrsatgichlarni xalqqa beradigan hisobotlarida muntazam aytib turdi va xalq ham unga munosib javob berdi. Aynan ana shu haqiqat, yaʼni oliy maʼlumotli fuqarolarning koʻpayishi Singapur taraqqiyotiga xizmat qildi.
Oʻzbekistonda xotin-qizlarning oliy maʼlumotli boʻlishi, ilmiy yoʻnalishlarga jalb etilishi boʻyicha qator tadbirlar amalga oshirildi. Endi jamiyat va davlat taraqqiyotida ularning intellektual salohiyatidan foydalanishda paydo boʻladigan toʻsiqlarni bartaraf etish muhimdir.
Xulosa qilib aytish mumkinki, oliy oʻquv yurtlarining koʻpayishi, qabul qilinadigan oʻrinlarning oshganligi, alaloqibat, yoshlarning universitet va institutlarga intilishi yurtimiz taraqqiyotida oʻz natijasini koʻrsatadi. Faqat endi taʼlim sifati, imtihonlarning shaffofligiga yana ham koʻp diqqat qaratishimiz, fanni oʻzlashtirmagan talabalarni “oʻzbekchiligimizga borib” keyingi kursga oʻtkazmasligimiz darkor. Akademik halollikka urgʻu berilsa, koʻpgina muammolar oʻz-oʻzidan yechimini topadi. Aks holda, taʼlimda vujudga keladigan har qanday muammo taraqqiyotga toʻsiq boʻlishi muqarrar. Muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish esa taraqqiyot garovidir.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori
[1] Таҳририят “қозонида қайнаган” ёш журналистлар // “Ma’rifat” газетаси, 2018 йил 23 май.
[2] https://lex.uz/uz/docs/6083381.
[3] Ли Куан Ю. Сингапурская история: из «третьего мира» — в «первый». https://olzublog.files.wordpress.com/2016/09/singapoor_story.pdf