Raqamli dunyoda yashayapmiz. Kuniga bir necha oʻn martalab yumushimizni yengillashtiruvchi axborot texnologiyalari moʻjizalariga murojaat qilamiz, xizmatidan foydalanamiz. Natijada vaqt, pul, resurs va turli asabbuzarliklarning oldi olinadi. Aslida, inson ongi vazifalarini texnika bajarayotgan ayni hayotimizda bundan boshqachasini tasavvur qilish ham qiyin.
Eʼtiborlisi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining turli tizimlarga tezlik bilan tatbiq etilishi sohalardagi ortiqcha vaqt sarfi, qogʻozbozlikning oldi olinishiga, pirovardida fuqarolarga sifatli xizmat koʻrsatishga omil boʻlmoqda.
Buning amaliy ifodasi, real harakati haqida aniq tasavvurga ega boʻlish uchun Oʻzbekistonda davlat tashkilotlari raqamli transformatsiya holati reytingining joriy yil dastlabki yarim yilligi yakuni natijalariga koʻra, vazirliklar ichida birinchi oʻrinni egallagan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tajribasiga qiziqdik.
Raqamlashtirish jarayonining oliy taʼlim isteʼmolchilariga yaratayotgan qulayliklari xususida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha maslahatchisi Bobur Rahimov bilan suhbat uyushtirdik.
— Vazirlik faoliyatini raqamlashtirish yoʻnalishida yil davomida amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumot berib oʻtsangiz.
— Joriy yil davomida taʼlim muassasalari va vazirlik faoliyatini raqamlashtirishga qaratilgan 4 ta axborot tizimlari ishlab chiqildi hamda joriy etildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 6 ta davlat xizmati ishga tushirildi.
Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalariga kirish, davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining oʻqishini koʻchirish hamda qayta tiklash boʻyicha hujjatlarni onlayn topshirishga moʻljallangan 6 ta axborot tizimlari takomillashtirildi. Belgilangan talab va tartiblar, qabul parametrlariga muvofiqligi va uzluksiz ishlashi boʻyicha barcha tegishli amaliy choralar koʻrildi. Natijada davlat tashkilotlarining raqamli transformatsiya holati reytingining 2023-yil I yarim yillik yakuni natijalariga koʻra, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi “yashil” (yaxshi) toifadan joy olib, vazirliklar ichida birinchi oʻrinni egalladi.
— Oliy taʼlim, fan va innovatsiya sohasini raqamlashtirish hamda yagona raqamli ekotizimga keltirish masalasining dolzarbligi nimada va bu yoʻnalishda qanday ishlar amalga oshirildi?
— Texnologiyalar dunyoda koʻplab sohalarni tezlik bilan oʻzgartirayotgan bir davrda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida raqamlashtirish alohida ahamiyatga ega. Talabalar, tadqiqotchilar, professor-oʻqituvchilar hamda olimlar uchun qulay va samarali platforma boʻlib xizmat qiladigan yagona raqamli ekotizimni yaratish, shuningdek, vazirlik boshqaruv tizimida raqamlashtirishni jadallashtirish maqsadida 2025-yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarni oʻz ichiga olgan strategiya belgilandi.
Strategiya uchta asosiy chaqiruv (main challenge), maqsad va loyihalar xaritasini oʻz ichiga oladi.
- Raqamli transformatsiya arxitekturasi
Chaqiruv: mavjud axborot tizimlari turli vaqtlarda yaratilgan va oʻzaro zaif bogʻlangan.
Maqsad: oliy oʻquv yurtlariga translyatsiya qilinadigan taʼlim va fanni raqamli oʻzgartirishga yagona yondashuvni ishlab chiqish. Vazirlik bu jarayonni maxsus yaratilgan BI (Business Intelligence) tizimi yordamida kuzatib borishni rejalashtirgan.
- Raqamli xizmatlarni rivojlantirish
Chaqiruv: “raqamli tengsizlik” texnologiyalarning rasmiy joriy qilinishi.
Maqsad: taʼlim va ilmiy tashkilotlar faoliyatining barcha jabhalari boʻyicha qator xizmatlarni yaratish: maʼmuriyat, taʼlim, fan va innovatsiyalar, kampus va infratuzilmani boshqarish.
- Maʼlumotlarni boshqarish
Chaqiruv: fan va oliy taʼlim tizimidagi maʼlumotlarning toʻplanishi, sifati va xavfsizligi hozirga kunda yaxshi holatda emas.
Maqsad: qarorlar qabul qilish uchun maʼlumotlarni boshqarish va ularning sifatini oshirish, maʼlumotlarni uzluksiz avtomatik yigʻish tizimi va ular asosida bashoratli tahlillarni shakllantirish.
1-rasm. Vazirlikning yagona raqamli ekotizimi
Strategiya asosida 2025-yilgacha boʻlgan loyihalarning “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan boʻlib, u quyidagi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi: infratuzilma, axborot tizimlari, axborot va kiberxavfsizlik, raqamli kompetensiyalar, raqamli xizmatlar, integratsiya, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish.
2-rasm. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasini raqamlashtirish loyihalari
2025-yilda oliy va kasb-hunar taʼlimi, fan va innovatsiyalar sohasida www.edu.uz raqamli ekotizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadga erishishning asosiy vazifalaridan biri — axborot tizimlari oʻrtasida oʻzaro maʼlumot almashishni tashkil etish uchun tizimlararo integratsiya hisoblanadi. Bundan tashqari, barcha axborot tizimlarini integratsiyalash va takomillashtirish natijasida yagona “DATAHUB” yaratiladi.
Joriy yil davomida Oliy taʼlim, fan va innovatsiya sohasini raqamlashtirishga qaratilgan quyidagi loyihalar amalga oshirildi:
– oliy taʼlim muassasalarining rahbar kadrlari zaxirasini yuritish axborot tizimi;
– “Akademik litseylarda taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimi;
– “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish — HEMIS” axborot tizimining mobil ilovasi;
– yagona taʼlim xizmatlari portali — my.edu.uz;
– aholi va yoshlarning sohaga oid takliflarini qabul qilishga moʻljallangan muloqot tizimi — taklif.edu.uz;
– kollej va texnikumlarda oʻqitish boʻyicha shartnomalarni elektron tarzda taqdim etish axborot tizimi;
– vakant lavozimlarga ariza yuborish axborot tizimi — vacancy.edu.uz;
– statistik maʼlumotlarni aks ettiruvchi maxsus tizim.
— Taʼlim isteʼmolchilariga qulaylik yaratish maqsadida taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda qanday tashabbuslarga qoʻl urildi?
— Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 6 ta davlat xizmati ishga tushirildi. Jumladan, talabalar turarjoyiga joylashishga ariza berish, oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun akademik maʼlumotnoma (transkript) olish, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahrirlash, bakalavriat talabalari uchun davlat stipendiyalariga onlayn ariza yuborish xizmati, magistratura bosqichi talabalari uchun davlat stipendiyalariga onlayn ariza yuborish xizmati, doktorantlar uchun davlat stipendiyalariga onlayn ariza yuborish kabi yangi xizmatlar ishga tushirildi.
“Oliy taʼlim tizimida toʻlov xizmatlarini yagona hisob raqami orqali qabul qilish va taqsimlash hamda moliyaviy hisobotlarni yuritish” axborot tizimi bir nechta toʻlov tizimlariga integratsiya qilindi. Jumladan, AT “Aloqabank”ning “Zoomrad” mobil ilovasi, “Payme” toʻlov tizimi, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali”ning toʻlov tizimiga integratsiya qilingan holda, talabalarga shartnoma toʻlovlarini toʻlash uchun qulayliklar yaratildi. Bugungi kunda “Click” va boshqa toʻlov tizimlariga integratsiya qilinmoqda.
Vazirlik hamda AT “Aloqabank” hamkorligida “Universal talaba kartasi” loyihasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida talabalarga taqdim etilgan kartalar bir vaqtning oʻzida talaba guvohnomasi, taʼlim muassasasi va kutubxonaga ruxsatnoma, VISA karta, onlayn toʻlovlar, transport kartasi (ATTO) kabi turli xil raqamli xizmatlar va bank xizmatlaridan foydalanish imkonini taqdim etadi.
Loyiha tajriba sifatida Toshkent moliya instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ishga tushirildi. Kelgusi yildan boshlab ushbu loyihani boshqa oliy taʼlim muassasalarda ham amalga oshirish rejalashtirilgan.
— Taʼlim sifatini taʼminlash jarayonlarini elektron taʼlim boshqaruv tizimi orqali nazorat qilish borasida-chi? Nimalar qilindi va qilinmoqda?
— Taʼlim sifatini nazorat qilish jarayonlari “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish — HEMIS” axborot tizimining vazirlik qismi tomonidan amalga oshiriladi.
Axborot tizimining asosiy maqsadi vazirlik va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida maʼmuriy, akademik, ilmiy, iqtisodiy va moliyaviy axborot almashish uchun yagona axborot muhitini yaratish hisoblanadi.
HEMIS axborot tizimi vazirlik qismi — oliy taʼlim jarayonlarini monitoring qilish tizimi hisoblanib, oliy taʼlimni boshqarish sohasidagi qarorlarni qabul qilishda foydalaniladigan tahliliy hamda statistik maʼlumotlarni toʻplash, saqlash, qayta ishlash va taqdim etish uchun moʻljallangan. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari faoliyati boʻyicha turli hisobotlarni shakllantirish orqali nazorat darajasini oshirish hamda statistik maʼlumotlarni taqdim etish uchun ham xizmat qiladi.
Ayni vaqtda tizimda 1 200 000 dan ortiq talabalar, 41 000 dan koʻproq professor-oʻqituvchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Shu bilan birga, 400 000 ga yaqin bitiruvchilarning QR-kodli diplomlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham shakllangan.
Bundan tashqari, akademik litseylar, professional va oliy taʼlim, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bilan bogʻliq boʻlgan oliy taʼlim muassasalari darajasidagi statistik maʼlumotlarni oʻzida aks ettiradigan hamda monitoring qilish imkonini beruvchi maxsus axborot tizimi ishlab chiqildi. Hozirda ushbu tizimlarda integratsiya va takomillashtirish bilan bogʻliq ishlar olib borilmoqda.
— “Professional taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimini takomillashtirish yuzasidan qaysi ishlar toʻla amalga oshirilgan?
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–162-son qarorida “Professional taʼlim jarayonlarini boshqarish — EMIS” axborot tizimini takomillashtirish vazifasi belgilab qoʻyilgan. Ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida “Professional taʼlim jarayonlarini boshqarish — EMIS” axborot tizimini takomillashtirish boʻyicha texnik topshiriq loyihasi ishlab chiqildi hamda tegishli tartibda Raqamli texnologiyalar vazirligi va Kiberxavfsizlik markazi DUK tomonidan ekspertizadan oʻtkazilib, ekspertlarning ijobiy xulosalari olindi.
“Professional taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimini takomillashtirish doirasida dars jadvali, elektron jurnal, oʻqituvchi va oʻquvchi rollari yaratildi. Shuningdek, baholash jarayonida oraliq, joriy va yakuniy baholashlar yoʻlga qoʻyildi.
Toʻlov-shartnoma asosida tahsil oladigan oʻquvchilarga shartnomalarni elektron koʻrinishda olish uchun ushbu tizim orqali ariza yuborish hamda toʻlov-shartnomasini yuklab olish imkoniyati yaratildi.
Oʻquvchilarning ijtimoiy holatini aniqlash hamda qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Yoshlar daftari”ga integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, bitiruvchilarning bandligini monitoring qilish maqsadida oʻquvchilarning ishga joylashishi hamda oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinishi boʻyicha statistik hisobotlar shakllantirish imkoniyati yaratiladi.
Joriy yilning oktyabr oyida “Akademik litseylarda taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimi ishlab chiqilib amaliyotga joriy etildi. Ushbu axborot tizimi akademik litseylarda taʼlim jarayonlarini boshqarishga moʻljallangan boʻlib, guruh jurnali, reyting daftarchasi, oʻquv mashgʻulotlari, imtihon jadvallari, oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi, davomati, diplom va akademik maʼlumotnomalarni raqamlashtirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda oliygohlardagi masʼul xodimlarga axborot tizimidan foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlari oʻtkazilmoqda.
— Oliy taʼlim muassasalarida raqamlashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Oliy taʼlim muassasalarida raqamlashtirish jarayonlari holatini baholash hamda oliy taʼlim muassasalarining reytingini aniqlash uchun maxsus axborot tizimi ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi.
Ushbu axborot tizimi oliy taʼlim muassasalarida AKT bilan qamrov darajasini, joriy etilgan axborot tizimlari hamda elektron xizmatlarning holatini, AKT sohasidagi inson kapitali, rasmiy veb-saytlarini yuritish darajasini, axborot xavfsizligining taʼminlanganlik holatini va boshqa shu kabi tashkiliy masalalarni nazorat qilish, baholash va reytingini yuritish uchun moʻljallangan.
Vazirlikning tegishli buyrugʻi bilan oliy taʼlim muassasalarining rahbar oʻrinbosarlaridan biriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirishga masʼul oʻrinbosarlar (Chief Digital Officer) vakolati yuklatildi.
Joriy yilning oktyabr-noyabr oylari davomida 41 ta oliy taʼlim muassasalari rahbarlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirishga masʼul oʻrinbosarlarining raqamlashtirish boʻyicha olib borayotgan ishlari, kelgusidagi rejalari boʻyicha taqdimotlari boʻlib oʻtdi.
— Vazirlik qoshida ochilgan Sunʼiy intellekt boʻyicha maslahat kengashi faoliyati haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.
— Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Sunʼiy intellekt maslahat kengashi tashkil etilgan boʻlib, mamlakatimizda sunʼiy intellekt taqdim etayotgan vositalar va imkoniyatlar tufayli har bir fuqaroning farovonligini oshirishga xizmat qiladigan ilmiy tadqiqotlar, amaliy startaplar va boshqa tashabbuslar uchun turli ilgʻor gʻoyalarni taklif eta oladigan, muhim mutaxassislar hamjamiyati (professional community)ni shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tuzilgan.
Ayni paytda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi sunʼiy intellekt boʻyicha maslahat kengashi va ishchi guruhi tarkibiga 10 nafar xorijiy ekspert va 30 dan ortiq mahalliy mutaxassis jalb etilgan. Sunʼiy intellekt vositalaridan samarali va axloq doirasida foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida sunʼiy intellekt maslahat kengashi huzurida Taʼlim va tadqiqotlarda sunʼiy intellekt ishchi guruhi tuzilgan.
Vazirlik ushbu yoʻnalishda YUNESKO, TeachAI kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. TeachAI texnologiya va taʼlim tashkilotlari konsorsiumi boʻlib, 20 ta davlatning taʼlim vazirliklari, shuningdek, Germaniya, Kanada, Braziliya, Ispaniya va boshqa mamlakatlardan kompyuter fanlari tadqiqotchilari hamda oʻqituvchilarini birlashtirgan.
Taʼlimga sunʼiy intellektni joriy qilishda Singapur juda ilgʻor davlatlardan biri hisoblanadi. Shu sababli Singapur milliy universiteti professori va sunʼiy intellekt laboratoriyasi direktorini ham maslahat kengashimizga taklif qildik.
Kompyuter koʻrish hamda toʻldirilgan reallik texnologiyalari asosida ishlovchi AR-gid loyihasi Oʻzbekiston–Tojikiston rektorlarining birinchi forumi doirasida Tojikiston Milliy universiteti Millat yetakchisi muzeyiga joriy qilindi.
Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasi muzeyiga ham ushbu ishlanma oʻrnatib berildi. Vazirlik huzuridagi Sunʼiy intellekt maslahat kengashi hamda Toshkent shahridagi Amity universiteti hamkorligida Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablarining informatika fani oʻqituvchilari uchun Sunʼiy intellekt asoslari va Buyumlar interneti (Internet of Things — IoT) boʻyicha bepul oʻquv kursi tashkil etildi.
Kengash faoliyati bilan ai.edu.uz sayti orqali yanada koʻproq maʼlumot olish mumkin.
— Kelajak avlod sunʼiy intellekt davrida muvaffaqiyatli yashashi uchun taʼlimda qanday oʻzgarishlar amalga oshirilishi kerak, deb hisoblaysiz?
— Biz yaqin oʻtmishda axborot texnologiyalarining rivojlanib, turli sohalarga kirib borganiga hamda buning ortidan taʼlim va mehnat bozorida sezilarli oʻzgarishlarga guvoh boʻldik. Shunga oʻxshash tendensiyalar hozirda sunʼiy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi bilan kuzatilmoqda. Soha ekspertlari ushbu texnologiyalarni endi alohida, ajratilgan element qabilida emas, balki inson aql-zakovati, qobiliyati va imkoniyatlarining kengaytmasi sifatida qarashni taklif qilyapti.
Sunʼiy intellekt muhim rol oʻynaydigan kelajakka tayyorgarlik koʻrish uchun taʼlim tizimlari talabalarga ushbu texnologiyalar bilan ishlashda zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirishi kerak. Bu nafaqat kodlashni yoki sunʼiy intellekt algoritmlarini oʻrganishni, balki moslashuvchan fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishni ham anglatadi. Tanqidiy fikrlashni, muammolarni hal qilishga ijodiy yondashishni, yangi sharoitlarga tez moslashish qobiliyatini tarbiyalash muhim ahamiyatga ega.
AKT davri texnologiya mutaxassislariga talabning oshishiga olib kelgani kabi, sunʼiy intellekt davri ham yangi koʻnikmalarga ega kadrlarni talab qiladi. Shu bilan birga, muloqotga kirishish va jamoalarda ishlash qobiliyati, fanlararo bilim hamda koʻnikmalarning ahamiyatini kamaytirmaydi.
Sunʼiy intellektning tibbiyotdan tortib sanʼatgacha boʻlgan sohalarga tobora koʻproq integratsiyalashuvini hisobga olsak, taʼlim dasturlari talabalarga sunʼiy intellektdan keng miqyosda qanday foydalanish maqsadga muvofiq ekanligini singdirsa, nur ustiga nur boʻlar edi. Bu yoʻnalishda yaqinda Rossiya va Qozogʻiston oliy taʼlim dasturlariga sunʼiy intellekt boʻyicha yagona modulni joriy etish ishlari boshlandi va turli yoʻnalishda bilim olayotgan talabalar uchun ushbu texnologiya boʻyicha bilim berish nazarda tutilgan.
Shunday qilib, kelajak avlodni nafaqat sunʼiy intellektning texnik jihatlariga oʻrgatish, balki ularni ushbu vositalardan kengroq, fanlararo jabhalarda samarali foydalanishga tayyorlash muhim, deb hisoblayman. Bu ularga nafaqat yangi dunyoga moslashishga, balki uni faol ravishda shakllantirishga yordam beradi.
— Savollarimizga bergan javobingiz uchun rahmat!
Sadoqat MAXSUMOVA suhbatlashdi.