Oʻzingiz qiziqqan soha boʻyicha yangi bilimlarni qayerdan oʻrganyapsiz? Qaysi format siz uchun qulay? Qanday shakldagi maʼlumotlarni oson qabul qilasiz?
Bugun oliy taʼlim muassasalarida oʻquv adabiyoti yaratayotgan professor-oʻqituvchilar talabalarga shu savollarni berib koʻrishyaptimi? Ustozlar bilan fikrlashsangiz, aksariyati bugungi yoshlar oʻqimayotgani, tanlagan sohasiga qiziqmasligi, berilgan vazifalarni oʻz vaqtida sifatli bajarmayotganidan yozgʻiradi.
Shunda ayb kimda: fan mazmunini toʻliq yetkazib bera olmayotgan pedagoglardami yoki oʻquv adabiyotlarining sifatsizligi sabab oʻqishdan bosh tortayotgan taʼlim oluvchilarda?
Vaziyat shu darajada jiddiyki, bunga bugun yechim topilmasa, taʼlimda haminqadar sifat ham yoʻqqa chiqadi. Aslida masala koʻlamini his qilayotgan masʼullar ham yoʻq emas. Xususan, Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi yangi avlod oʻquv adabiyotlari sifatini oshirish, mualliflarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida “Eng yaxshi darslik” tanlovini oʻtkazib kelmoqda. Biz yuqoridagi savollar bilan ayni tanlov gʻolibi boʻlgan professor-oʻqituvchilarga murojaat qildik.
Qahhor Abdurahmonov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori:
— Darslik, oʻquv qoʻllanmalar tasdiqlangan fan dasturi mazmuni va unga biriktirilgan oʻquv rejalarga mos ravishda yaratilishi kerak.
Birinchidan, fizik mutaxassislik yoʻnalishlari soni koʻp boʻlganligi sababli ularga tegishli fan dasturlari soni ham koʻpdir. Ayrim mutaxassislik yoʻnalishlari koʻp yillardan beri shakllanganligi bois (Nazariy fizika, Yarim oʻtkazgichlar fizikasi, Optika, Fizikaviy elektronika, Yadro fizikasi, Radiatsiyaviy fizika va boshqalar) ularga tegishli oʻquv-uslubiy majmualar koʻp va sifatli yaratilgan. Hozirgi davrda shakllanayotgan zamonaviy yoʻnalishlar — Nanofizika, Nanoelektronika, Astrofizika, Fotoelektronika va hokazolarga oid koʻpchilik tan oladigan darslik va oʻquv qoʻllanmalar yetarli emas. Zamonaviy darslik va oʻquv qoʻllanmalarni yaratishda qoʻllanilayotgan masofaviy taʼlim tizimi talablarini inobatga olish kerak. Xususan, biz ishlab chiqqan darslik uchun maxsus https://fizika.uz/ sayti yaratilgan. Bunda professor-oʻqituvchilar darslik boʻyicha mavzular kesimida taqdimot fayllarini yuklab olib, maʼruza mashgʻulotlarida foydalanishlari mumkin. Shu bilan birga, talabalar uchun darslikda keltirilgan mavzularga oid animatsion roliklar, modellar bilan maxsus QR-kod orqali tanishib, qoʻshimcha maʼlumot olish imkoniyati yaratilgan. Darslikda keltirilgan mavzularni oʻzlashtirish darajasini aniqlash uchun testlar ham kiritilgan boʻlib, talabalar internet orqali saytga bogʻlangan holda, oʻz bilimini qulay baholashi mumkin.
Rivojlangan davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ularning markazlarida multimedia kontentlari — dinamik jarayonlar animatsiyalari, interaktiv modellar va maxsus pedagogik dasturiy vositalar yaratilgan hamda ular ochiq taʼlim resurslarida keltirilgan. Shu sababli talabalarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish uchun zamonaviy oʻquv darsliklarini yaratishda, albatta, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga tegishli dasturlar aks ettirilishi, taʼlim tizimiga integratsiyalanishi shart.
Ikkinchidan, texnik va nofiziklar yoʻnalishlari talabalariga “Umumiy fizika” faniga moʻljallangan tegishli fan dasturi mazmuniga mos darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar yaratish juda mushkul hisoblanadi. Umumiy fizika fani boʻyicha oʻquv rejasida koʻzda tutilgan amaliy mashgʻulotlar va ularga ajratilgan auditoriya soatlari shunday taqsimlangan: 20 soat — amaliy mashgʻulotlar, 10 soat — laboratoriya mashgʻulotlari. Bu esa fizika fanining maqsadi — kelajakda muhandislik masalalarini yechishda yordam beruvchi fizikaning barcha sohalariga tegishli aniq masalalarni yechish usullari va koʻnikmalarini oʻzlashtirish uchun juda ham kamlik qiladi. Natijada amaliy va laboratoriya mashgʻulotlariga moʻljallangan uslubiy qoʻllanmalarni yuqori sifatda yaratish imkoniyati ham yoʻqoladi.
Uchinchidan, darslik va oʻquv qoʻllanmalar yaratishda yuqori malakali, yuksak salohiyatli, ilmiy maktablarga ega boʻlgan mutaxassislar jalb etilishi zarur. Xorijiy oliy taʼlim muassasalarida yaratilgan darsliklar kamida 10-15-marta qaytadan ishlanib, nashr etiladi. Shu sababli 10 dan ortiq oliy oʻquv yurtlarining taʼlim jarayonida ulardan samarali foydalaniladi. Mualliflarning qalam haqi yuqori baholanadi. Shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, hozirgi vaqtda mualliflar maktabi bizda yaxshi shakllanmagan. Istiqbolda yurtimizda mualliflar maktabini shakllantirish boʻyicha ishlarni tashkillashtirish maqsadga muvofiq.
Ozod Husanov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori:
— Darslik yaratish — bu ilmiy faoliyatdagi eng qiyin jarayonlardan biri. Unga qoʻyiladigan talablar yuqori:
– birinchidan, darslik oʻquv dasturiga kiritilgan barcha mavzularni toʻliq ochib berishi, hammaga birdek tushunarli boʻlishi kerak. Kitobni oʻqiganda aniq tasavvur beradigan, fan sohasi boʻyicha muhim masalalarni qamrab olgan darslikkina talabaning bilim olishiga, oʻrganlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Xususan, men “Konstitutsiyaviy huquq” darsligini yaratdim. Unda huquqiy normalarning mazmun-mohiyati, qoʻllanishi, Konstitutsiyaning amal qilish kuchi, qonunchilikni yaratishdagi oʻrni va eng muhimi, inson huquq va erkinliklarini koʻrsatib berishga harakat qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning muhim jihati shundaki, u inson huquqlarini kengaytirishga qaratildi, inson huquqlari va erkinliklari bevosita amal qiladi degan yangi qoida kiritildi. Darslikda ayni shu oʻzgartirishlarning mazmuni hamda mazkur qonunlar qanday ishlashi, bular fuqarolarga nima berishi kabi masalalar yoritib berilgan;
– ikkinchidan, darslik yaratish — bu faqat bilim yoki tajribanigina emas, balki talabalarga nima tushunarli boʻlishini ham toʻgʻri baholay olish, ularni saralash va bir yerga jamlash deganidir. Darsliklar boshqa shu yoʻnalishdagi qoʻllanma va kitoblarni takrorlamasligi lozim. Shu bois uni yozishda oʻquv dasturlarida berilgan doiradan chetga chiqmaslik, ushbu qamrovni batafsil ochib berish maqsadga muvofiqdir;
– uchinchidan, zamonaviy darslik faqat bilim berib qolmasdan, talabani izlanishga, toʻgʻri manbalarni topishga undashi, ularni oʻz ustida ishlashga yoʻnaltirishi lozim.
Yuridik sohada darslik, oʻquv qoʻllanmalar yaratishda yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar ham yoʻq emas. Chunonchi, baʼzi mualliflar darslik va oʻquv qoʻllanmani bir-biridan ajrata olishmayapti. Darslik va oʻquv qoʻllanmalarga qoʻyiladigan talablar turlicha, ularni bir-biridan farqlay bilish shart.
Yana bir masala — darslikning qanday boʻlishi fan dasturiga bogʻliq. Dasturni biz oʻqigan paytlarda shu sohaning eng kuchli olimlari yozar edi. Chunki darslik qanday mavzularni qamrab olishini shu dastur belgilaydi. Hozir oʻz soham doirasida nazar solsam, bir-ikki yil ishlagan oʻqituvchilar ham dastur yozmoqda. Bu yaxshi holat emas. Masʼullar bu masalani alohida nazoratga olishi shart. Dastur, oʻquv qoʻllanmalari ularga qoʻyiladigan talablarga javob berishi, shundan keyingina oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari darslik yaratishi lozim. Hamma oʻzi bilganicha darslik yozsa, dastur yaratsa, taʼlimda sifat qoladimi?!
Anatkul Kalbibekova, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori, pedagogika fanlari nomzodi:
— Oliy taʼlim tizimida islohotlar qilinyapti, ular doirasida oʻquv rejalari, dasturlar va adabiyotlarni modernizatsiya qilmasdan turib, yangi adabiyotlarni yaratish, pirovardida taʼlimdagi sifatni taʼminlashning imkoni yoʻq. Shuning uchun ham bugun integratsiyalashgan fanlar yaratilyapti, oʻquv adabiyotlari qayta ishlab chiqilyapti.
Adabiyotlarni yaratishda bir narsaga, yaʼni ularning sonini koʻpaytirishga emas, sifatli boʻlishiga eʼtibor qaratish kerak. Bunda, birinchidan, oʻquv adabiyotlarni yaratadigan mualliflar yoki mualliflar jamoasining tarkibi oliy taʼlim muassasasi tomonidan oldindan aniqlanishi lozim. Bu mualliflar ilmiy jihatdan yetuk, tajribali professor-oʻqituvchilar boʻlishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, har bir kafedrada metodik birlashma tashkil qilinishi, oʻquv adabiyotlari muhokamaga qoʻyilishi shart. Bunda mutaxassislar oʻquv adabiyotining yutuq va kamchiliklarini aniqlaydi, tahlil qiladi. Kamchiliklar aytilgach, muallifga oʻquv adabiyotini qayta toʻldirishi, xatolarini toʻgʻrilashi uchun vaqt beriladi.
Keyingi masala, darsliklarni jahondagi eng yaxshi oʻquv adabiyotlarini oʻrganib, ulardagi ijobiy natija bergan tajribalardan foydalanib, oʻzimizda ham shu paytgacha yaratilganlarini oʻrgangan holda yozgan maʼqul. Soʻnggi paytlarda oʻquv adabiyotlarida tushunarsiz jumlalar, imloviy, uslubiy xatolar koʻp uchramoqda. Bu talabaning savodsizligiga olib keladi. Shuning uchun darsliklar yaratayotganda har bir mavzuning ilmiy asoslarini yoritib berishdan tashqari, uning grammatik jihatlariga ham katta eʼtibor berilishi kerak.
Oʻquv adabiyotini yaratishda bugungi texnika, texnologiyalarni ham hisobga olish, raqamli vositalardan unumli foydalanish mumkin. Sekin-astalik bilan elektron adabiyotlarga oʻtamiz, shuning uchun interaktiv adabiyotlarni yaratishga harakat qilishimiz lozim.
Eng muhimi, oʻquv adabiyotlarida asosiy tushunchalar berilishi, jumlalar, misollarni keltirish orqali sahifalarini zoʻrma-zoʻraki koʻpaytirishga urinmaslik darkor. Yana bir mulohaza, oʻquv adabiyotlari sifatini taʼminlash uchun uni chop etishga ruxsat bergan kengashlar ham masʼuliyatni oshirishi lozim. Shundagina sondan sifatga qarab borishimiz mumkin.
Shavkat Xurramov, Toshkent davlat arxitektura va qurilish universiteti professori, texnika fanlari doktori:
— Men yozgan “Oliy matematika” kitobi uch qismdan iborat. Birinchi va ikkinchi qism nazariy tushunchalar izohiga, uchinchi qismi esa amaliy misollar tahlili, talabalarning mustaqil taʼlimini tashkil etishga qaratilgan. 1990-yildan buyon universitetda dars beraman, bu davr ichida talabalar bilan ishlab, mavzularni tushunarli va sodda tilda yetkazish boʻyicha tajriba toʻpladim va bu darslikni yozishda qoʻl keldi. Kitobni yozishdan avval respublikamizda chop etilgan bir qancha materiallar va chet el adabiyotlari bilan tanishdim, nufuzli xorijiy universitetlarda oʻqitilayotgan darsliklardan ham foydalandim.
Darslik nomutaxassislik yoʻnalishida tahsil oluvchilar uchun moʻljallangani bois uchinchi tomda mustaqil ishlarga katta eʼtibor berilgan. Unda yoshlarning nazorat va hisob-grafik ishlarini bajarishida kerak boʻladigan barcha topshiriqlar keltirilgan. Shuningdek, talabaga aniq tasavvur hosil boʻlishi uchun bittadan misol va masala namuna sifatida yechib koʻrsatilgan.
Darslik nashr qilinishidan avval bir nechta oʻquv qoʻllanmalar ham yozildi. Hozirda kitobga kredit-modul tizimiga aloqador yangi maʼlumotlar qoʻshish ustida ish olib borilyapti.
Muxlisa Sabirova, OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi (PhD):
— Bugungi kunda yetarli intellektual salohiyatga ega, ilm-fanning zamonaviy yutuqlari asosida fikr va mushohada yurita oladigan shaxslarni tarbiyalash hamda raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalasi oʻquv adabiyotlarining yangi avlodini yaratishni talab qilmoqda. Ilm-fan jadal taraqqiy etayotgan zamonaviy jamiyatda axborot-kommunikatsiya tizimlari vositasida turli fan sohalarida erishilgan yutuqlarning tez yangilanib borishi taʼlim oluvchilar oldiga yangi bilimlarni jadal egallash bilan bir qatorda, muntazam ravishda mustaqil bilim izlash vazifasini qoʻymoqda. Zamonaviy oʻquv adabiyotlarining axborot texnologiyalari bilan integratsiyasi taʼlim sifatining oshishiga xizmat qiladi. Bugungi kunda globallashuv davrining zamonaviy yoshlariga anʼanaviy taʼlim orqali saboq berish oʻzini oqlamayapti. Shu sababdan ham har bir oʻquv adabiyoti va darsliklarning elektron shakllari yaratilishi taʼlim oluvchilarga qulay imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu bilan bir qatorda, kitoblarda QR-kod generatorining ham qoʻyilishi talabalarda mavzuni qulay usulda topish va oʻqish, qoʻllanmani oson oʻzlashtirish imkoniyatini beradi. Shuningdek, faqat matndan iborat oʻquv qoʻllanmalar talabalarning diqqatini jalb qilmasligi mumkin. Kitoblardagi dizayn, yorqin ranglar, infografika, turli illyustrativ rasmlar oʻquvchida mavzu haqida toʻliqroq tasavvurni shakllantiradi.
Gulbahor Yoʻldasheva, Fargʻona davlat universiteti katta oʻqituvchisi:
— Taʼlim tizimi nafaqat bilim berishga, balki mustaqil taʼlim metodologiyasini egallash, doimiy ravishda malaka oshirish va koʻnikmalarni muntazam rivojlantirib borishga asoslanishi shart.
Bugun axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda keng koʻlamda qoʻllash jahon taraqqiyotining global yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bu taʼlim sohasida axborot resurslarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etadi. Shu sababdan oʻqitish jarayonini tashkil etish, jumladan, oʻquv materiallarini bayon etish uslubini takomillashtirish tamoyillariga maʼlum oʻzgartirishlar kiritish zaruriyati tugʻiladi. Bunda taʼlim jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va ulardan oʻrinli foydalanish maqsadga erishishdagi eng samarali yoʻl hisoblanadi.
Maʼlumki, avloddan-avlodga oʻtib borgan sari ijtimoiy tajriba hajmi ham ortib boradi. Fan va texnikaning rivoji esa ilmiy bilimlarning koʻlami va xarakteriga taʼsir koʻrsatadi. Shu maʼnoda, darslik va oʻquv-qoʻllanmalar yaratish ham mazkur talablarga mos ravishda takomillashtirib borilishi lozim.
Xususan, darslik hamda oʻquv qoʻllanmalarning zamonaviy talablar asosida yaratishda:
– yangi pedagogik texnologiyalarni qoʻllash;
– oʻquv dasturi mazmunining butunligini taʼminlash;
– oʻquv rejasi mohiyatining nazariy va amaliy xususiyatlariga koʻra yagona maqsad — talabaning bilimini oshirishga erishish uchun xizmat qilishiga qaratilgan boʻlishi lozim.
Shu bilan birga:
– talabalar bilimini faollashtirish maqsadida qoʻllaniladigan savollar roʻyxati;
– oʻqituvchi tomonidan oʻquv jarayonida foydalaniladigan slaydlar, jadval va boshqa vizual materiallar;
– munozara oʻtkazish uchun qoʻshimcha savollar;
– yangi texnologiyalar;
– talabalarning fikriy erkinligini oshirishga qaratilgan muammoli vaziyatlar;
– yoʻnalishlarga mos virtual laboratoriyalardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Dilfuza Poʻlatova, Chirchiq davlat pedagogika universiteti maxsus pedagogika kafedrasi oʻqituvchisi:
— Kafedramiz mudiri Feruza Qodirova bilan hammualliflikda “Inklyuziv taʼlim: nazariya va amaliyot” nomli darslikni tayyorladik. Inklyuziv taʼlim bugungi kunda taʼlim sohasidagi eng dolzarb masalalardan biridir. Shu tufayli bu darslik maqsad va mazmuni jihatidan juda ahamiyatli. Darslikda inklyuziv taʼlimning mohiyati, uning meʼyoriy-huquqiy asoslari hamda pedagogik-psixologik jihatlarini ochib berishga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, darslikda bugungi kundagi inklyuziv taʼlimning soʻnggi yutuqlari oʻz aksini topdi, yaʼni imkoniyati cheklangan bolalar bilan faoliyat olib borishning yangicha yondashuvlari keltirildi.
Sadoqat MAXSUMOVA yozib oldi.