Tarixdan taraqqiyot tasodif emas, balki zaruriyat ekanini faylasuflar bot-bot uqtirib kelishadi. Bu haqda fikr yuritar ekan, miletlik donishmand Fales zaruriyatni hamma narsaning ustidan hukmronlik qiluvchi tushuncha deb eʼtirof etadi.
Oʻzimizdan qiyos, biror narsaga zaruriyat tugʻilmaguncha, harakatga kelmaymiz, intilmaymiz, mavjud masala yechimi haqida oʻylamaymiz ham. Jar yoqasiga kelgandagina, endi qayerga yurish mumkinligi ustida bosh qotiramiz. Aslida mana shu zaruriyatning taraqqiyotga xizmat qilishi — mohiyati nechogʻlik anglashilgani va qay darajada aniqlikka asoslangani bilan oʻlchanadi. Oʻylab koʻraylik-chi, bugun biz yashayotgan jamiyat taraqqiyoti tasodiflarga bogʻlanganmi yoki zaruriyatlar mohiyati tahliliga?
Nazarimizda, tasodiflarga ishonmay qoʻyganimizga ancha boʻlgan. Bugungi kunda Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek singari ulugʻ ajdodlarimiz tamal toshini qoʻygan matematika ilmiga alohida eʼtibor qaratilayotgani fikrimiz isbotidir. Davlat rahbarining “Matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari mazkur yoʻnalishdagi ishlar koʻlami va samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani ayni haqiqat.
Maʼlumki, matematika mantiq, tahlil va aniqlikka tayanadi. Masalalar yechimida mazkur omillarga asoslanilsa, tasodiflarni kutib oʻtirishga hojat qolmaydi. Aslida hujjat qabul qilinishi bu — bir qadam, asosiy masala uning amaldagi ijrosiga uzviy bogʻliq. Ayni masalaga eʼtibor qaratib, Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori, “Oʻzbekiston Qahramoni”, akademik va senator Shavkat Ayupov bilan belgilangan vazifalar ijrosi, yurtimizdagi matematika fani va taʼlimi xususida suhbatlashdik.
— Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti oʻtgan davr ichida zimmasidagi qaysi vazifalar ijrosiga ulgura oldi?
— Soʻnggi yillarda fan-taʼlimga munosabat oʻzgardi, ayniqsa, matematikaga boʻlgan eʼtibor ortdi. Davlat rahbarining “Matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan ilm qilish, tadqiqot olib borish uchun barcha sharoitlarga ega boʻlgan bino qurilib, institut ixtiyoriga topshirildi. Institutning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, xodimlar uchun ish sharoitlarini yaxshilash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimi takomillashtirildi. Matematika bu — yoshlar fani. Shu bois institut binosi aynan talabalar shaharchasida bunyod etildi. Bundan talabalar bilan doimiy muloqotda boʻlish, ulardagi isteʼdodni qoʻllab-quvvatlash koʻzlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti oʻz faoliyatida matematika fanini rivojlantirish, mamlakatimiz uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va matematik tadqiqotlarni jahon talablari asosida olib borishga masʼuldir. Prezidentning “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa matematika ilm-fani va taʼlimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga zamin yaratdi. Institutimiz nafaqat ilm-fan uchun, balki matematika taʼlimi uchun ham masʼul qilib belgilandi. Taʼlim sohasidagi dasturlar bilan shugʻullanuvchi alohida boʻlim tashkil qilinib, matematika fani boʻyicha darsliklar biz bilan kelishgan holda tasdiqlanishi belgilandi. Eng muhim oʻzgarishlardan yana biri — bu 5 ta viloyatda hududiy boʻlimlarimizning ish boshlagani bilan bogʻliq. Fan faqat Toshkentda rivojlanmaydi. Soha rivoji uchun hissa qoʻsha oladigan mutaxassislarimiz yurtimizning har bir nuqtasida topiladi. Ayni shular eʼtiborga olinib, Nukus, Urganch, Samarqand, Buxoro va Namanganda boʻlinmalarimiz faoliyati tashkil qilindi. Maqsadimiz taʼlim bilan fan uzviyligini taʼminlashdan iborat. Sababi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim beruvchi professor-oʻqituvchilar, albatta, fan bilan shugʻullanishi kerak. Shundagina sohadagi oʻzgarishlar, yangiliklar taʼlim jarayoniga kirib boradi, amaliyot va nazariya uygʻunligi taʼminlanadi. Buning yana bir muhim jihati iqtidorli talabalar bilan ishlashda respublikamizning barcha hududlarini qamrab olishda namoyon boʻladi.
Fan doimiy taraqqiy etadi, har kuni unda biror yangilik roʻy beradi. Ulardan boxabar boʻlish, ixtirolarda bevosita ishtirok etish uchun esa xalqaro ilm maktablari bilan hamkorlikda ishlash, tajriba almashish talab qilinadi. Shu maʼnoda institut ham Bonn, Kembrij, Parij, Seul, Santyago de Kompastela universitetlari va boshqa ilmiy markazlarning olimlari bilan birgalikda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Institut qoshida tashkil qilingan jamgʻarma esa matematika sohasida izlanish olib borayotgan yoshlarni chet ellardagi maktablarga yuborish, yetakchi mutaxassislarni Oʻzbekistonda taklif qilish bilan shugʻullanmoqda.
— Matematika taʼlimida qanday yangiliklarga qoʻl urilmoqda? Bu jarayonda qaysi xorijiy davlatlar tajribasiga tayanilmoqda?
— Har bir yoʻnalishning oʻz yechimini kutayotgan masalasi boʻladi. Uni hal qilishda sohaning haqiqiy egalari bilan aloqa oʻrnatish, fikr, tajriba almashish juda muhim. AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Xitoy bilan hamkorlikda olib borayotgan tadqiqotlarimiz ham maʼlum bir muammolar yechimlariga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Birgina Xitoyni olsak, davlatda soʻnggi 10 yilda fanga katta eʼtibor berildi, ilm-fan rivojlandi. Bu tajribadan chiqarilgan xulosalar biz uchun manfaatli. Olib borayotgan izlanishlarimiz yoʻnalishlari esa ularni ham qiziqtiradi. Oʻzaro hamkorlik asnosida dunyo fan tarmogʻi rivojlanadi.
Hozirda Belgiya bilan qoʻshma doktorantura tizimi joriy qilingan. Bunda izlanuvchi ikki tomonlama rahbar oladi. PhD himoya qilinganda, ham Belgiya, ham Oʻzbekiston diplomi beriladi. Bu esa mamlakatimizning matematik salohiyati, nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
— Bugungi matematika taʼlimi sizni qoniqtiradimi? Mazkur yoʻnalishdagi ishlarga qanday baho berasiz?
— Taʼlim sohasida katta islohotlarga qoʻl urildi. Muammolar yechimida koʻplab tajribalar qoʻllab koʻrilmoqda. Lekin bir narsani unutmaslik kerak, taʼlim juda nozik soha, unda hadeb oʻzgarishga qoʻl urib yoki yangi tizimlarni joriy qilib boʻlmaydi. Birinchidan, yangi tartibga nafaqat oʻqituvchi, balki darsliklar, dasturlar moslanishi talab qilinadi. Buning uchun katta mablagʻ va vaqt kerak. Ikkinchidan, bu taʼlim oluvchilarning oʻzlashtirish darajasiga, avlodlar oʻrtasidagi savodxonlik koʻrsatkichiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Muammo yechimi borasida joʻyali taklif kiritildi, soʻnggi yillarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda boshlangʻich sinflar uchun dastur yaratdik, joriy darsliklarni qaytadan koʻrib chiqdik. Darsliklar ishlab chiqishda nafaqat olim-mutaxassislar, shu bilan birga, oʻquvchi bilan bevosita ishlovchi oʻqituvchi-pedogoglar ham jalb qilindi. Ammo hozir amalda boshqa darsliklardan foydalanilmoqda. Bu boʻyicha oʻz fikr-mulohaza, takliflarimizni tegishli masʼullarga ham yetkazdik. Taʼlimda tavakkal qilish bugungi avlodning ertasi uchun qaygʻurmaslikni anglatadi, shuning uchun ham undagi islohotlarni ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish kerak. Avvallari maktablarda fundamental taʼlim berilardi. Hozir esa oʻzgarishlar koʻp qilinaverganidan sifat buzilyapti, darsliklar masalasi muammoligicha qolmoqda. Ayniqsa, bu matematika taʼlimida bizga yaqqol sezilmoqda. Ushbu fanda bir bosqichni oʻtkazib yuborsangiz, keyingi bosqichlarni tushunmaysiz. Shu bois aniq fanlar, ayniqsa, matematikaga oid qoʻllanma, kitob, darsliklar ilmiy va metodik tomondan puxta yaratilishi shart.
— Matematika ilmida “Ustoz-shogird” anʼanalari doirasida qanday tashabbuslarga qoʻl urilmoqda?
— Zamonaviy matematika maktablari XX asr boshlaridan shakllana boshlagan. Institutda funksional analiz, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi, algebra boʻyicha ilmiy maktablar shakllandi va muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Shu bilan birga, matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirish, fundamental, qidiruv va amaliy-ilmiy tadqiqotlar olib borish, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarining faoliyati va ilmiy kadrlar tayyorlash samaradorligini taʼminlash, ilm-fan, iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarishning integratsiyasini mustahkamlash, jahonning yetakchi ilmiy markazlari va universitetlari bilan xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni samarali tashkil etishda aynan ilmiy maktablarning ishtiroki va ulushi katta boʻlmoqda.
— Biz hamisha ulugʻ bobokalonlarimiz bilan maqtanamiz. Ularga munosib boʻlish haqida koʻp gapiramiz. Ayting-chi, yurtimizda matematik bilim, taʼlim olish uchun aslida sharoitlar yetarlimi?
— Inson maktab chogʻidan kelajakda kim boʻlishini aniqlab olishi lozim. Oʻzimdan qiyos, 7-8-sinflarda turli fanlardan olimpiadalarda qatnashganman. Fizika, ximiya, biologiyadan ham, 9-sinfda esa matematika fani boʻyicha respublika bosqichida ishtirok etdim. Ayni shu yili matematika menga yaqin ekanligini bilganman va 10-sinfdan bu fan bilan jiddiy shugʻullana boshlaganman. Keyinchalik universitetga ham shu yoʻnalishga topshirdim. Taassufki, bugun yoshlar mutaxassislik tanlayotganda, universitetga hujjat topshirishda “Tanlagan soham menga toʻgʻri keladimi?” degan savolni oʻziga bermaydi. Qayerga kam hujjat topshirilgan boʻlsa, oʻsha oliy taʼlim muassasasini tanlaydi. Shu bilan u mavjud iqtidorini oʻzi uchun qiziq boʻlmagan sohada qoʻllay olmaydi va aksariyat holda ushbu yoʻnalishda hech bir natijaga erishmaydi.
Maktab matematikasi va zamonaviy matematika oʻrtasida farq katta. Maktab matematikasi asosni bersa, zamonaviy matematikada mantiqiy fikrlashga, teoremalarni isbotlashga katta eʼtibor qaratiladi. Mantiqan isbotlash nihoyatda muhimdir. Olimpiadalarda asosiy eʼtibor shunga qaratiladi.
Paradoks holat bor, yaʼni olimpiadalarda gʻolib boʻlgan hamma ham matematik boʻlmaydi. Bunday bellashuvlarga umuman qatnashmaganlar orasidan yetuk matematiklar chiqqani ham haqiqat. Sababi tez va sekin fikrlovchilar oʻrtasida tafovut bor: tez fikrlaydiganlar chuqur tahlil qilmasligi, sekin fikrlovchilarda esa tahlil kuchli boʻlishi mumkin. Ustozim bolalardagi iqtidorni ajratish jarayonini olmani saralab tanlashga qiyoslar edi. Oq olma tez pishadi, lekin ozgina vaqt oʻtsa, qorayib ketadi. “Semerenka” degan olma turi bor, u yam-yashil, uzoq vaqt saqlanadi. Bahorga borib unga maza kiradi. Bolalarning ham shunday tez fikrlaydiganlari bor — chuqur oʻylamaydi, sekin oʻylab, chuqur tahlil yuritadiganlari bor — uzoqni koʻra oladi. Shu bois ular bilan ishlashda shoshib xulosa chiqarmaslik kerak.
— Bir intervyungizda matematika olamiga kirib kelishingizga fan olimpiadalari sabab boʻlganini aytgan edingiz. Shu maʼnoda, yurtimizda oʻtkazilayotgan koʻplab fan olimpiadalari saviyasi dunyo standartlariga javob beradimi, bilimni xolis baholaydimi?
— Fanlar boʻyicha oʻtkaziladigan olimpiadalar juda muhim. Ayniqsa, oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida tashkil etiladiganlari chuqur fikrlaydiganlarni aniqlashga yordam beradi. Maktab olimpiadalari esa bolalarni tez fikrlashga oʻrgatadi. Olimpiadalarda masala tuzish shuning uchun ham katta masʼuliyat talab qiladi.
Kuzatayotganim, soʻnggi paytlarda bu tizim ham ancha jonlandi. Men doim maktab olimpiadalari test vositasida oʻtkazilishga salbiy munosabatda boʻlganman. Boisi test bilan bilimni, iqtidorni aniqlab boʻlmaydi. Testda oʻquvchining mantiqiy tafakkuri, tahlil darajasini bilish imkonsiz. Xususan, xalqaro olimpiadalarda ishtirokchining nafaqat oxirgi natijasini baholashadi, balki uni masala yechishda qaysi yoʻlni tanlagani, mantiqiy fikrlashi inobatga olinadi. Matematikada masala yechimida natijaning oʻzidan koʻra uni qanday tahlil qilingani, tushunilgani koʻproq eʼtiborga molik boʻladi. Maktab olimpiadalarida gʻolib boʻlganlarning imtihonsiz talabalikka qabul qilinish tizimi, nazarimda, korrupsiyaga yoʻl ochadi. Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi jamoani shakllantirish uchun bola yigʻsak, aynan olimpiada gʻoliblari orasidan qidirardik. Ammo baʼzida ularning bilimi talabga javob bermasdi va biz qaytadan sinov bilan jamoa toʻplashga majbur boʻlardik.
Koʻpchilik matematikadagi teoremalarni yodlab olish kerak, deydi. Aslida unday emas. Har qanday teoremaning isbotini oʻrganish, bilish lozim. Shundagina u haqiqiy bilim boʻladi. Toʻgʻri, tarix fanida raqamlarni yodlab olish kerak, uni isbot bilan qaytadan chiqarib bera olmaysiz. Matematikada esa har bir natijaning isbotini bilish shart, yod olishning foydasi yoʻq. Mantiqiy masalalarni koʻp ishlash orqali fikrlarni isbotlash koʻnikmasini rivojlantirish mumkin. Xususan, xorij oliy taʼlim muassasalariga qabulda til sertifikati bilan birga, matematikada mantiqiy masalalarni yechish ham talab qilinadi. Bu orqali abituriyentning mantiqiy tafakkuri baholanadi.
— Bilimni qanday oʻrganish, ilmni qanday amalga oshirish lozim?
— Ilmning hammasini oʻrganish imkonsiz. Matematika misolida aytsak, olim sohadagi barcha mavjud ilmni oʻrganib, keyin izlanish qilaman desa, u hech qachon biror yangilik qila olmaydi. Oldinga aniq maqsad qoʻyish kerak, shu maqsadga erishish yoʻlida kitob titkilaysiz va oʻz-oʻzidan ilmni egallaysiz. Taniqli professor matematikani oʻrganishning eng oson yoʻli bu — matematikada biror narsani ixtiro qilishdir, deb aytganining boisi ham shunda.
— Matematik hisob-kitoblar, tahlillarga tayanilsa, sifatli taʼlim uchun qanday formula taklif qilgan boʻlardingiz?
— Bugun oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bilimi yetarli emasligi haqida koʻp gapirilmoqda. Muammoning sababi qidirilsa, ayb bir masʼul tashkilotdan boshqasiga toʻnkaladi. Yaʼni oliy taʼlim maktabdan oʻquvchilar bilimsiz kelayotganini, maktablar esa universitetlar sifatli oʻqituvchi tayyorlamayotganini vaj qilmoqda. Natijada mavjud muammo yechimi borasida biror ish qilinmayapti. Taʼlimda magistratura va doktoranturaga qabulda til sertifikatlari talabi qoʻyildi. Aslida bu talab maktab bitiruvchilariga nisbatan qoʻllanishi oʻrinli edi. Sababi ilm qilaman degan kishi izlanish olib boradimi, til oʻrganadimi? Qolaversa, til koʻnikmalarini oʻzlashtirish yosh oʻtgani sayin qiyinlashib boradi. Amalda esa sohani yaxshi bilgan tilni bilmaydi yoki aksincha, tilni bilgani sohani tushunmaydigan vaziyat vujudga kelgan.
Taʼlimda son jihatdan ancha yuqoriga chiqdik, bu — yaxshi. Ammo sifat-chi? Nodavlat universitetlar ochildi. Ular dars oʻtuvchi professor-oʻqituvchini qayerdan oladi? Hammasini chetdan olib kelmaydi, albatta. Davlat oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilarga yaxshi maosh taklif qilyapti, sharoit yaratib beryapti. Biroq nodavlat universitetlarga bilimi pastroq talabalar qabul qilinmoqda. Natijada bilimli oʻqituvchilar sohani tushunmaydiganlarga dars oʻtyapti. Davlat oliy taʼlim muassasalaridagi bilimli, saralangan bolalarga esa salohiyati haminqadar oʻqituvchilar taʼlim beryapti. Bu umumiy sifat pasayishiga olib kelmoqda.
Toʻgʻri, bu vaqtinchalik jarayon. Ammo biz imkoniyatlarni boy bermasligimiz kerak. Aslida taʼlimdagi sifatni bilim olaman, oʻqiyman, degan talabalar taʼminlaydi. Chunki taʼlim sifatini biror rahbar kelib nazorat qila olmaydi. Eng yaxshi nazoratchi — talabaning oʻzi. U talab qilsa, sifat ham shunga mos ravishda oʻsadi, dars mazmunli oʻtiladi, professor-oʻqituvchi oʻz ustida ishlaydi, rivojlanadi.
— Ijodkorlik — ilmning ajralmas boʻlagi. Jumladan, aniq fanlarda ham. Ayni xususiyatni rivojlantirish uchun eng muhim omil nima?
— Bugun sohani yaxshi koʻrgan yoshlar uchun oʻrganish platformalari juda koʻp. Faqat ularni yoʻnaltirib turish kerak. Matematik boʻlasiz degani boshqa fanlarni chetga surib qoʻyishni anglatmaydi. Shu sohaning egasi boʻlishni koʻzlagan odam fizika, ximiya va adabiyotni yaxshi oʻqishi, bilishi kerak. Chunki izlanishlaringiz natijasining amaliyotga tatbiq etilishi aynan yondosh sohalarga uzviy bogʻliq boʻladi. Keng tafakkurli inson boʻlish esa sizni yangi gʻoyalar bilan taʼminlaydi. Ijodkorlik qancha koʻp sohani bilsangiz, shuncha yuqori boʻladi. Unutmang, eng yaxshi ixtirolar fanlar chorrahasida vujudga keladi!
— Mazmunli suhbat uchun rahmat!
“Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnali
ijodiy muharriri Sadoqat MAXSUMOVA suhbatlashdi.