Oʻqituvchi yuklamasini hisoblashda shaffoflik va aniqlikni taʼminlash hamda oʻqituvchi resursidan toʻlaqonli foydalanish orqali sifatli taʼlim jarayonining asosiy taʼsir kuchini toʻgʻri yoʻnaltirishga erishiladi. Oʻqituvchi ish vaqtining taqsimotida hech bir element eʼtibordan chetda qolmasligi zarurati, yaʼni toʻgʻri taqsimot boʻlajak kadrlarning raqobatbardosh boʻlib yetishishida hal qiluvchi omil boʻlib xizmat qiladi.
Milliy amaliyotimizda mazkur sohadagi ayrim bahsli masalalarga yechim topish, zamonaviy taʼlim shakllari tizimga joriy etish va bunda professor-oʻqituvchilar ish yuklamasini toʻgʻri, adolatli va samarali taqsimlash uchun tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi tomonidan mazkur mavzuga oid rivojlangan davlatlar tajribasi oʻrganildi.
Jahon tajribasini tahlil qilish jarayonida oʻqituvchi yuklamasini hisoblashda talabalar soni, dars turi va ularning kombinatsiyasi (maʼruza+laboratoriya), oʻqituvchining tajribasi, fanning yangiligi (butunlay yangi sohani oʻrgatuvchi fan), baholash metod va usullari, fanning bakalavriat yoki magistratura bosqichi talabalariga oʻqitilishi, darsning binar yoki yakka tartibda oʻtilishi, oʻqituvchining bir fandan oldingi oʻquv yillarida dars berganligi, fan xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, bir oʻqituvchiga toʻgʻri keluvchi talabalar soni, oʻqituvchining ilmiy darajasi, dars shakli (masofaviy, anʼanaviy), darsda innovatsion texnologiyalardan foydalanish kabi omillar inobatga olinishi kuzatildi.
Amerikaning Jorj Meyson universiteti (George Mason university)
2023-yilgi THE (Times Higher Education) dunyo universitetlari reytingida 301-350-oʻrinni egallagan boʻlib, ushbu universitetdagi oʻqituvchi yuklamasi oʻqitish, tadqiqot oʻtkazish va xizmat koʻrsatish majburiyatlarini oʻz ichiga oladi hamda umumiy yuklama har bir yuklama komponenti uchun sarflangan vaqtning foizi sifatida belgilanadi. Oʻqituvchilar belgilangan foiz nisbatlariga taʼlim jarayonida amal qilgan holda faoliyat olib boradi. Bunda foiz nisbatlari quyidagicha taqsimlanishi belgilangan:
Tadqiqotchilik hamda oʻqituvchilik: 40 foiz oʻqitish + 40 foiz tadqiqot + 20 foiz xizmat koʻrsatish.
Oʻqituvchilik: 80 foiz oʻqitish + 20 foiz tadqiqot.
Tadqiqot bilan shugʻullanish: 100 foiz tadqiqot.
Ushbu taqsimot oʻqituvchilarning oʻz vaqtini samarali rejalashtirishi uchun yaxshi yoʻriqnoma boʻlib xizmat qiladi. Oʻqituvchi haftada 2 kunini dars oʻtish (darsga tayyorlanish, ofis soatlari, dars soati, xatlarga javob)ga, yana 2 kunini tadqiqot ishlariga va qolgan 1 kunini xizmat koʻrsatishga sarflashi mumkin.
Estoniyadagi Tallin texnologiya universiteti (Tallin university of Technology)
2023-yilgi QS dunyo universitetlari reytingida 701-750-oʻrinni egallagan boʻlib, ushbu universitetda oʻqituvchining yuklamasi taʼlim dasturlariga kiritilgan fanlarga tayanib, undagi kontakt soatlari yuklamasi esa oʻquv rejasiga kiritilgan oʻquv kursi/fan uchun ajratilgan soatlari asosida hisoblanadi. Ushbu universitetda 1 semestr 16 haftadan iborat boʻlib, 1 kontakt soatining davomiyligi 50 daqiqani tashkil qiladi. Kunduzgi taʼlimda bir semestrda kontakt soatlarining maksimal miqdori oʻquv dasturida (kreditda) belgilangan yuklamaga muvofiq quyidagicha hisoblanadi:
Oʻquv fanining YECTSdagi yuklamasi | Kunduzgi taʼlimda 1 semestr uchun maksimal kontakt soatlari soni | Haftalik maksimal kontakt soatlari soni |
3 | 32 | 2 |
6 | 64 | 4 |
9 | 96 | 6 |
12 | 128 | 8 |
Fanga ajratilgan umumiy yuklamaning eng kamida 25 foizini kontakt soatlari tashkil qilishi belgilangan. 1 YECTS krediti – 26 soatga teng boʻlib, uning 25 foizi kontakt soatiga ajratiladi.
Ushbu hisoblashni quyidagi jadvalda koʻrish mumkin:
(bunda: 1 YECTS = 26 soat/3 YECTS = 78 soat/78 soatning 25 foizi=19,5 soat)
Fanning yuklamasi (YECTS kreditida) | Semestrdagi kontakt soatining maksimal soni |
3 | 19 |
6 | 39 |
9 | 58 |
12 | 78 |
Amerikaning Missouri universiteti (University of Missouri)
2023-yilgi QS dunyo universitetlari reytingida 511-oʻrinni egallagan. Ushbu universitetda oʻqituvchilar yuklamasini taqsimlashda 40 foiz oʻqitish, 40 foiz tadqiqot hamda 20 foiz xizmat koʻrsatish yuklamasi bajarilishi qabul qilingan. Oʻqitish yuklamasi maʼruzaning har bir kredit soati uchun 3,3 foiz yuklama hisoblanadi. Demak, 3 kredit soatlik fan oʻqituvchi yillik yuklamasining 10 foizini bajarganligidan dalolat beradi (4 kreditlik fan 13%, 5 kreditlik fan 16,5% ga teng).
Talabalar soniga qarab yuklamaga quyidagi oʻzgartirishlar kiritiladi:
- Talabalar soni 61-120 atrofida boʻlgan fan uchun 1,35 kredit qoʻshiladi (3 kreditli kurs x1,35=4,1 kredit. 4×3,3%=13,5%).
- Talabalar soni 121-180 atrofida boʻlgan fan uchun 1,7 kredit qoʻshiladi (3 kredit x1,7 = 5,1 kredit. 5,1×3,3%=16,8%.
- Talabalar soni 180 dan koʻp boʻlsa 2 kredit kurs uchun qoʻshiladi (3 kreditli kurs x 2 kredit = 6 kredit. 6×3,3%=20%).
Ilmiy rahbarlikda oʻqituvchi yuklamasi quyidagicha taqsimlanadi:
- 6 nafar bakalavr talabasiga ilmiy rahbarlik 1 semestr yuklamaning 1 foizini tashkil etadi.
- 1 nafar PhDga rahbarlik qilish 1 semestr uchun 1,5 foiz yuklamani tashkil qiladi va ushbu rahbarlikdan yuklamaning 10 foizigacha toʻplash mumkin.
- Har bir magistrant uchun ilmiy rahbarlik qilish 1 semestrda 0,7 foiz yuklamani tashkil qiladi va oʻqituvchilar maksimal 10 ta magistrantga rahbarlik qilishi mumkin.
Avstraliyaning eng nufuzli 10 ta universitetlaridan biri hisoblangan Makkuari universiteti (Macquarie University)
2023-yilgi THE (Times Higher Education) dunyo universitetlari reytingida 175-oʻrinni egallagan boʻlib, oʻqituvchilar yuklamasini hisoblashda oʻziga xos yondashuvlari mavjud. Asosiy shtatda ishlaydigan oʻqituvchi haftada 35 soatdan oshmagan holda ish faoliyatini yuritadi. Umumiy oʻqituvchi yuklamasi 3 ta qismning yigʻindisidan tashkil topgan (umumiy yuklama = 1+2+3). Ushbu qismlar va ulardagi vaqt meʼyorlari quyidagicha taqsimlanadi:
1-qism. Darsning turidan kelib chiqib, haftalik unga ajratilgan tayyorlanish vaqti. Keltirilgan jadvaldan koʻrinib turibdiki, anʼanaviy maʼruza va seminar uchun 2 soat tayyorgarlik koʻrish; laboratoriya, amaliy mashgʻulotlarning 1 soati uchun 1 soat tayyorgarlik vaqti; 1 soat onlayn diskussiya forumini oʻtish uchun 0,5 soat tayyorgarlik koʻrish vaqti ajratiladi.
Maʼruza /
Seminar |
Laboratoriya /
Amaliy mashgʻulot |
Asinxron tyutorial (onlayn diskussiya) | |||
Tayyorgarlik | 2 | 4 | 1 | 2 | 0,5 |
Dars oʻtish | 1 | 2 | 1 | 2 | 1 |
2-qism. Baholash. Bunda oʻqituvchi yuklamasini hisoblashda universitet talabalar sonini ham inobatga oladi. Chunki talabalar soni oʻzgarishi bilan baholanuvchilar soni va oʻqituvchidan talab qilinadigan vaqt ham oʻzgaradi.
Har bitta fan boʻyicha har bir oʻqituvchi uchun soatlar:
Baholash |
1-toifa | 2-toifa | 3-toifa |
0,5 soat |
1 soat |
1,5 yoki 2 soat
|
1-toifa. Talabalarni fan boʻyicha baholash oʻqituvchining koʻp vaqtini olmaydi (“Quiz”lar, talabalarning bir-birlarini baholashi, qisqa javoblar, oʻz-oʻzini baholash metodlaridan foydalaniladi). Yoki bu yerda avtomatlashgan testlar baholash yuklamasining 50 foizini bajaradi.
2-toifa. Bunda baholash topshiriqlari avtomatlashgan baholash hamda oʻqituvchining tanqidiy fikrlashini talab qiluvchi topshiriqlar aralashmasi (murakkab “Quiz”lar hamda yozma topshiriqlar).
3-toifa. Bu yerda oʻquvchilar tomonidan bajarilgan vazifalarni baholash oʻqituvchining ham vaqti, ham ilmiy resurslarini talab etadi (loyihalar, kurs ishlari).
Universitetda har bir bakalavr darajasidagi talaba uchun 14 soatdan ilmiy rahbarlik vaqti ajratiladi. Oʻqituvchilarga talabalarni yoʻnaltirish, konsultatsiya xizmatini koʻrsatish uchun ham soatlar ajratiladi. Talabalarga maslahat berish uchun yuklama fanga qatnashayotgan talabalar soniga qarab hisoblanadi. Bunda talabalarga oʻqituvchining onlayn va oflayn tavsiyalari birdek hisobga olinadi.
3-qism. Dars berish. Dars oʻtish uchun oʻqituvchi yuklamasi hisoblanishiga turli omillar taʼsir qiladi. Ular jumlasiga oʻqitish shakli (masofaviy, anʼanaviy), fanning talab etilgan tayyorgarlik muddati (kichik takrorlash, katta takrorlash/oʻqituvchi ushbu fandan ilk bora dars oʻtyapti, butunlay yangi fan), talabalar soni kabilarni kiritishimiz mumkin. Oʻqituvchi uchun oʻtiladigan fanning qanchalik tanish ekani hisobga olinadi va fanni oʻtish uchun shunga qarab tayyorgarlikka vaqt meʼyorlari belgilangan. Ushbu vaqt meʼyorlari kichik takrorlash/bazaviy tayyorgarlik (mavzuni qisqacha takrorlash, baholash mashgʻulotlarini oʻzgartirish, maʼlumotlarni yangilash), katta takrorlash (fandan oʻqituvchi ilk bor dars beradi va shunga oʻquv adabiyotlarini tubdan oʻzgartirish, yangi maʼruza mavzularini shakllantirish, baholash metodlarini koʻrib chiqishi lozim) va yangi fanni shakllantirish kabi qismlarga qarab taqsimlanadi.
Amerika universitetlari reytingida 374-oʻrinni egallagan Tennessi davlat universitetida (Tennessee state university)
Professor-oʻqituvchilari haftasiga 37,5 soatdan kam boʻlmagan ish faoliyatini yuritadi. Uning kamida 30 soati oliy taʼlim muassasasida bevosita bajarilishi lozim. Universitet oʻqituvchilarining 1 semestr uchun toʻliq yuklamasi bakalavriat bosqichi talabalariga dars beruvchilarga 15 kredit soatiga, magistratura bosqichi talabalariga dars beruvchilar uchun esa 12 kredit soatiga teng boʻlishi belgilangan. Dars berishdan tashqari bajariladigan vazifalar uchun ham kredit hisoblanadi. Professor-oʻqituvchilar odatda 12 kredit soatlik bakalavr bosqichi uchun darslar yoki 9 kredit soatlik magistratura bosqichi talabalari uchun darslarini oladi va 3 kredit soatini tashkil qiluvchi tashkiliy, konsalting, tadqiqot oʻtkazish kabi faoliyatlar bilan shugʻullanish orqali toʻplaydi.
Odatiy bakalavriat uchun 3 soatlik fan (davomiyligi 50 daqiqa boʻlgan haftasiga 3-marta*16 hafta) 15 kreditlik oʻqituvchi yuklamasining 20 foizini tashkil etadi. Demak, 1 semestrda oʻqituvchi 3 soatlik fandan 5 tasidan dars bersa, u 15 kreditlik yuklamasini bajargan boʻladi. Agarda oʻtiladigan fan yangi kiritilgan boʻlsa, tabiiyki, bunday fanlarni oʻqitish oʻqituvchidan koʻproq vaqt talab qiladi. Ushbu yangi fanga 3 kredit ajratilgan boʻlsa-da, lekin dars berayotgan oʻqituvchi yuklamasining 25 foizi bajarilgan hisoblanadi. Har bir magistrant yoki PhDga ilmiy rahbarlik qilishga 0,25 kredit hisoblanadi.
Talabalarni yoʻnaltirish, ularning savollariga javob berish, ularga oʻquv vazifalarini bajarishda koʻmaklashish oʻqituvchi faoliyatining bir qismi boʻlib, oʻqituvchi yuklamasiga bevosita kiritiladi. Agarda talabalar biron oʻqituvchining maslahat va koʻmak berishlariga rasman yozilgan boʻlsalar, oʻqituvchi 1 semestrda uning ilmiy maslahatiga yozilgan talabalar uchun eng kamida bir marotaba maslahat berish darsini oʻtkazgan boʻlsa, bu oʻqituvchilarning ishchi yuklamalarida aks ettiriladi. Oʻqituvchilarning 1 semestr davomida 30 nafar talabaga maslahat berishi 1 kredit ish yuklamasiga teng hisoblanadi.
Masofaviy taʼlim materiallarini tayyorlash, mavzuga doir izlanishlarni olib borish, maʼlumotlarni tahlil qilish va darsni masofadan tashkil etish oʻqituvchi uchun qoʻshimcha vazifalar demakdir. Shu sababdan ham masofaviy taʼlimni sifatli olib boruvchi oʻqituvchilar uchun kursga ajratilgan kreditning 1,25 barobarigacha kredit ajratiladi. Anʼanaviy darsxonalarida tashkil etilmaydigan, talaba shaxsi tomonidan mustaqil tarzda yoki oʻqituvchining umumiy koʻrsatmalariga tayangan holda oʻzlashtirilishi mumkin boʻlgan materiallar mustaqil taʼlim jarayonida oʻrganiladi. Mustaqil taʼlim uchun oʻqituvchi har bir talaba kredit soatidan 0,25 kredit egallaydi. Kasbiy amaliyotda rahbarlik uchun oʻqituvchi 0,5 krediti soatiga teng yuklamaga ega boʻladi.
Xitoyning Chjeszyan universiteti (Zhejiang university)
2023-yilgi QS dunyo universitetlari reytingida 42-oʻrinni egallagan boʻlib, har bir taʼlim yoʻnalishlari oʻqituvchilarining yuklamalari turlicha hisoblanadi. Masalan, til, yozuv va madaniyatga (language, writing and culture) oid fanlardan bakalavr darajasiga ega maʼruzachi oʻqituvchining yuklamasi haftasiga (5 ish kuni) 20 soatga teng. Universitetning “Moliya maktabi” (School of Finance) kollejida esa bakalavr bosiqchidagi talabalarga “Moliya, menejment, iqtisodiyot va biznes” fanlaridan dars beruvchi PhD darajasiga ega oʻqituvchining yuklamasi haftasiga 9-12 soatni tashkil qiladi. Universitetda 1 oʻquv soati 45 daqiqaga teng. Oʻqituvchilarning oyligi uning tajribasi va malakasiga qarab belgilanadi.
Qatar universiteti
2023-yilgi THE (Times Higher Education) dunyo universitetlari reytingida 201-250-oʻrinni egallagan ushbu universitetda 1 oʻquv yili uchun 18 kurs kredit soatiga teng yuklama ajratilgan. Yuklamaga taʼsir etuvchi omillarga talabalarning soni hamda kursning qaysi bosqich talabalariga (magistratura yokida bakalavriat) oʻtilayotganligi kiradi. Bunda yuklamani hisoblash tartibi quyidagicha belgilangan.
Bakalavr darajasi uchun:
- Talabalar soni < 10 oʻqituvchi yuklamasi = 0,5 yuklama.
- Talabalar soni 10 tadan 50 tagacha boʻlsa, oʻqituvchi yuklamasi = belgilangan yuklama.
- Talabalar soni > 50 boʻlsa, oʻqituvchi yuklamasi = 2 yuklama.
Magistratura bosqichidagi talabalar uchun:
- Talabalar soni < 10 oʻqituvchi yuklamasi = 0,5 yuklama.
- Talabalar soni 10 tadan 25 tagacha boʻlsa, oʻqituvchi yuklamasi = belgilangan yuklama.
- Talabalar soni > 25 boʻlsa, oʻqituvchi yuklamasi = 2 yuklama.
Oʻqituvchilar binar dars oʻtsa, ularning yuklamalari dars oʻtishda qoʻshgan hissalariga qarab belgilanadi. Bu holda yuklamani hisoblash formulasi quyidagicha:
Oʻqituvchi yuklamasi = yuklama*oʻqituvchi qoʻshgan hissasining nisbati
Onlayn, gibrid kurslar: Kurs birinchi marotaba oʻqituvchilar tomonidan taklif qilingan holda, yuklama 1,5 barobarga koʻpaytiriladi.
Yuklamani hisoblash tartibi
№№ | Dars turi | Oʻqituvchi yuklamasi | Qoʻshimcha qoidalar |
11 | Maʼruza | Kurs kredit soati | – |
22 | Laboratoriya | 0,5*kurs uchun jami kontakt soatlar soni | – |
33 | Mustaqil taʼlim | (0,1*kurs kredit soati) har 1 talaba uchun | Yiliga eng koʻp ajratilishi mumkin boʻlgan yuklama = 6
Maksimal yuklama har 1 kursning kredit soatiga teng |
44 | Amaliyotchilik | (0,1*kurs kredit soati) har 1 talaba uchun | Oʻqituvchi uchun eng koʻp yillik yuklama 6 |
55 | Amaliyot va talabalarni oʻqitish | Har bir talaba uchun 0,5 | Oʻqituvchi uchun eng koʻp yillik yuklama 6 |
66 | Seminar | Yuklama=1 | Kurs kredit soati yoki kontakt soatlardan qatʼi nazar |
77 | Maʼruza/Laboratoriya | CH yoki CTHT | Agar oʻqituvchi maʼruza va Laboratoriya darslarini oʻzi oʻqitsa, yuklamasi — CHga teng boʻladi (kurs uchun ajratilgan kredit miqdori)
Agar oʻqituvchi tomonidan Laboratoriya mashgʻulotlari olib borilmasa, uning yuklamasi — CTHTga teng. (Nazariy darslarning umumiy soni) |
Bu yerda:
* CH (credit hour) — kursning kredit soati.
* CTH (total number of contact hours) — kursni tamomlash uchun talab yetilgan kontakt soatlar yigʻindisi.
*CTHT (total number of contact hours for the theory) — kursning nazariy komponenti uchun talab qilingan jami kontakt soatlar soni.
Birlashgan Arab amirliklaridagi xususiy Sharja universiteti (University of Sharjah)
2023-yilgi THE (Times Higher Education) dunyo universitetlari reytingida 251-300-oʻrinni egallagan boʻlib, yuklamani hisoblashda tayyorgarlik koʻrish kurslari soni, kurslarning murakkablik darajasi, talabalar soni, dars oʻtuvchi oʻqituvchilar soni kabi elementlar inobatga olinadi. Oʻqituvchining yuklamasini tashkil etuvchi vazifalariga oʻqitish, konsultatsiya berish, loyihaga rahbarlik qilish, amaliyot rahbarligi kabilar kiradi.
PhD ilmiy darajasiga ega oʻqituvchilar uchun yuklama 24 kredit soatga, magistraturani tamomlaganlar uchun esa 30 kredit soatga teng. Agar oʻqituvchi dekan lavozimiga ega boʻlsa va bakalavrlarga dars oʻtsa, u holda, uning yuklamasi 3 kredit soatga kamaytiriladi. Shuningdek, dekan lavozimidagi oʻqituvchi magistrlarga dars oʻtsa, u 6 kredit soatlik yuklamadan ozod qilinadi. Bu universitetdagi lavozim masʼuliyatlari hamda funksiyalarini inobatga oluvchi ichki siyosati tartibida belgilangan. Oʻqitish kredit yuklamasi odatda kurs kredit soatiga teng boʻladi (masalan, 3 kredit-soatlik kursdan taʼlim berish 3 yuklama kreditiga teng). Belgilangan yuklamani bajarish faqat dars oʻtish bilan bir qatorda, qolgani yuklama kredit miqdoriga ekvivalent vazifalarni bajarish bilan amalga oshirilishi mumkin.
Mustaqil taʼlim | 1 kredit soat — har 12 ta talaba uchun 3 kredit soatdan oshmasligi kerak |
Innovativ taʼlim | Yiliga 3 kredit soat |
Loyiha direktori/ ijodiy tadqiqot rahbari | 1 semestr uchun 3 kredit |
Kichik guruh uchun dars berish (talabalarning soni minimal koʻrsatkichdan kam hollarda) | Har 1 kurs kredit soati uchun 0,75 kredit soat yoki 1 kredit soat. Masalan: 3 kredit soatlik kurs uchun yuklama 3 kredit soatdan oshmasligi va 2,25 kredit soatdan kam boʻlmasligi kerak. |
- Oʻqituvchilarning haftalik yuklamasi 12 kredit soatga teng.
- Bakalavr talabalari uchun 1 soat nazariy maʼruza darsi 1 yuklama kredit soatiga teng.
- Magistratura talabalari uchun oʻtilgan 1 soat nazariy maʼruza darsi 4/3 yuklama kredit soatiga teng.
- 1 laboratoriya mashgʻuloti darsi yuklamada 0,5-0,75 kredit soatga teng.
- Bakalavrdan keying darajalar uchun dars berish 9 kredit soat yuklamasidan oshmasligi belgilangan.
Malayziya oliy taʼlim muassasalari
Bunda oʻqituvchilar yuklamasini hisoblashda kredit soatlardan foydalaniladi. Oddiy oʻqituvchi uchun haftalik eng koʻp dars soati 18 ga teng. Ammo bu oʻqituvchining ilmiy darajasi/vazifalariga qarab farqlanadi. Malayziyada yuklama hisoblashda darsda qatnashgan talabalar soni, kurs uchun ajratilgan kredit miqdori va darsning binar yoki yakka tartibda oʻqituvchi tomonidan oʻtilishiga qaraladi. Oʻqituvchilarning tajribasi ham yuklama taqsimotida ahamiyatga ega. Bir oʻquv kursini takroran oʻqitish oʻqituvchida shu kursdan taʼlim berish boʻyicha shakllanib boʻlgan koʻnikmani ishga solishni anglatadi. Oʻqituvchi shu kursdan taʼlim berishda qanday metodlar, usul va texnologiyalardan foydalanish haqida tushuncha hosil qiladi. Takroriy jarayonda uning shu fandan dars oʻtishi uchun tayyorgarligiga nisbatan kamroq vaqt sarflanadi, chunki endilikda oʻqituvchida zaruriy baza bor boʻlib, undan kurs maʼlumotlarining bir qismini oʻzgarishlarga moslashtirishni talab qiladi.
Quyidagi jadval Malayziya sifat agentligining bilim sohalari boʻyicha taʼlim berishda sifatni kafolatlash uchun oʻqituvchilarning talabalar soniga toʻgʻri keluvchi meʼyoriy mezoni standartini aks ettiradi.
Kurs | Sertifikat, Diplom | Bakalavr darajasi | Magistr darajasi | Doktorlik |
Ijtimoiy fanlar | 1:30 | 1:25 | 1:20 | 1:12 |
Gumanitar fanlar va adabiyot | 1:30 | 1:25 | 1:20 | 1:12 |
Aniq fanlar | 1:25 | 1:20 | 1:15 | 1:9 |
Salomatlik fani va tibbiyot | 1:25 | Salomatlik fani 1:20
Tibbiyot 1:4 |
1:15 | 1:9 |
Muhandislik va texnologiya | 1:20 | 1:15 | 1:15 | 1:6 |
Demak, Malayziya oliy taʼlim muassasalarida:
- Haftalik yuklama hisob-kitobi boʻladi va u 1 oʻqituvchi uchun 18 kredit soatdan oshmasligi kerak.
- 18 kredit soatning kamayishiga oʻqituvchining ilmiy darajasi, unvoni, lavozimi taʼsir qilishi mumkin.
- Yuklamani hisoblashda sinfdagi talabalar soni inobatga olinadi.
- Oʻqituvchilar birgalikda (binar) dars oʻtsalar, dars uchun ajratilgan yuklama teng ikkiga boʻlinadi.
- Taʼlim sifatini kafolatlashda bilim sohalaridan kelib chiqqan holda, 1 oʻqituvchi uchun toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbati aniqlangan.
Kredit-modul tizimida professor-oʻqituvchilar yuklamasi taqsimlanishining xorij tajribalaridan kelib chiqqan holda, quyidagi takliflar ilgari surilmoqda:
Birinchidan, respublikamizda oliy taʼlim muassasalari kredit-modul tizimiga oʻtganligi bois professor-oʻqituvchilar yuklamasining taqsimlanishi boʻyicha yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilish.
Ikkinchidan, professor-oʻqituvchilar yuklamasini taqsimlashni fan kreditlariga bogʻlagan holda, kredit boʻyicha hisoblashni joriy qilish.
Uchinchidan, magistratura va bakalavr talabalari uchun oʻqitiladigan fanlarning murakkablik darajasi turlicha ekanligiga qarab yuklamaning kamaytirilishini joriy qilish.
Toʻrtinchidan, fan xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, samarali taʼlimni kafolatlash uchun bir oʻqituvchiga toʻgʻri keluvchi talabalar sonini aniqlash hamda talabalar sonining ortishi qoʻshimcha kuch va vaqt sarfini talab qilgani tufayli yuklamaga taʼsir qilishini inobatga olish.
Beshinchidan, modul rahbari — modulni ishlab chiquvchi va uni sifatli oʻqitilishiga masʼul, modul yuzasidan kelib chiquvchi savollarga muntazam javob berish vazifalarini bajaruvchi shaxs tushunchasini kiritish hamda uning uchun alohida yuklama ajratilishini taʼminlash.
Oltinchidan, dars mashgʻulotlarining xususiyatlariga koʻra, (maʼruza, seminar, laboratoriya) professor-oʻqituvchi sarflaydigan energiyasiga qarab yuklama ajratilishini taʼminlash.
Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari
va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi