Bahodir AYUPOV, IT Park University bosh direktori |
Zamonaviy dunyoda axborot texnologiyalari sohasiga oid taʼlim muhim rol oʻynaydi. Buning bir nechta sabablari bor. Masalan, IT mutaxassislariga yuqori talab, yaʼni texnologiyaning rivojlanishi va hayotning barcha jabhalarini raqamlashtirish jarayonida axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislarga ehtiyojning ortishi. Bugungi kunda dasturiy taʼminotlar ishlab chiqish, maʼlumotlar tahlili, kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt va ITning boshqa sohalari bilan bogʻliq koʻpgina boʻsh ish oʻrinlari mavjud. Bu soha mutaxassislariga boʻlgan talabning taklifdan oshib ketishi esa yuqori maosh olish va ish tanlashda keng katalogga ega boʻlish imkonini beradi.
Shuningdek, IT sanoati doimiy harakatda, har kuni yangi va innovatsion texnologiyalar paydo boʻlmoqda. Ushbu sohadagi taʼlim bizga eng soʻnggi tendensiyalardan xabardor boʻlishga, yangi vositalar va ishlash usullarini oʻrganishga hamda oʻzgaruvchan muhitga tez moslashishga yordam beradi.
Bundan tashqari, IT biznes ham jamiyatning barcha sohalariga kirib bormoqda. Ular jarayonlarni avtomatlashtirishga, ish samaradorligini oshirishga, aloqani yaxshilashga va yangi biznes imkoniyatlarini yaratishga yordam beradi. Axborot texnologiyalari sohasidagi taʼlim ushbu texnologiyalarni tushunish hamda ulardan turli sohalarda innovatsiyalar va transformatsiyalar uchun foydalanishga sharoit yaratadi.
Yana bir muhim tomoni shundaki, IT mutaxassislari tahlil qilish, mantiqiy fikrlash va murakkab muammolarni hal qilish koʻnikmalariga egadirlar. IT sohasidagi taʼlim tanqidiy fikrlash va turli muammolar uchun texnik yechimlarni topish qobiliyatini rivojlantiradi.
Umuman olganda, axborot texnologiyalari sohasidagi taʼlim yaxshi maoshli ishga joylashish, innovatsion loyihalarda ishtirok etish, zamonaviy jamiyat rivojiga hissa qoʻshish imkonini beradi va barqaror kelajakni yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Jahon tajribasiga nazar
AQSh axborot texnologiyalari sohasida eng rivojlangan oliy taʼlim tizimlaridan biriga ega. Koʻpgina universitet va kollejlar IT bilan bogʻliq keng koʻlamli dasturlarni taklif qiladi. Jumladan, dasturlash, informatika, dasturiy injiniring va boshqalarni dalil sifatida keltirishimiz mumkin.
Massachusets Texnologiya Instituti, Stenford Universiteti, Kaliforniyada joylashgan Berkli kabi AQShdagi koʻplab eng nufuzli universitetlar zamonaviy IT dasturlariga ega.
AQShdagi ushbu oliygohlarda taʼlim olish noqulayligi baʼzan yuqori oʻqish toʻlovlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, lekin bu universitetlar zamonaviy laboratoriyalarda real tadqiqotlar olib borish va boy IT oʻquv muhitiga kirish imkonini beradi.
Singapur Osiyoning texnologik markaziga aylanishga intilib kelmoqda. Shuning uchun ham uning oliy taʼlim tizimi axborot texnologiyalari sohasida faol rivojlanmoqda.
Singapur Milliy Universiteti va Nanyan Texnologiya Universiteti kabi oliy taʼlim muassasalari IT va tegishli sohalarda sifatli dasturlarni taklif qiladi. Singapurdagi talabalar taniqli professor-oʻqituvchilardan taʼlim olish va xalqaro tadqiqot loyihalarida ishtirok etish imkoniyatiga egadirlar.
Yaponiya oʻzining texnologik innovatsiyalari bilan mashhur va talabalar robototexnika, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik kabi ilgʻor sohalarda bilim va tajribaga ega boʻlishadi. Yaponiya taʼlim tizimida oʻquvchilarning intizomi va mustaqilligiga alohida eʼtibor beriladi.
Germaniyada esa oliy taʼlim tizimi, jumladan, axborot texnologiyalari sohasi oʻzining yuksak akademik obroʻsi va taʼlimga oʻziga xos yondashuvi bilan mashhur. Germaniya universitetlar, texnik maktablar va amaliy maktablar (Fachhochschule)da koʻplab axborot texnologiyalari dasturlarini taklif etadi. Taʼlimning amaliy tomoniga katta eʼtibor beriladi va talabalar koʻpincha oʻqish davomida kompaniyalarda ish tajribasiga ega boʻlishadi.
Hindiston dunyodagi eng yirik IT markazlaridan biri boʻlib, axborot texnologiyalari sohasida dasturlarni taklif qiluvchi juda koʻp institut va universitetlarga ega. Hindiston Texnologiya Institutlari oʻzining yuqori darajadagi dasturlari bilan mashhur va talabalarda texnik koʻnikmalarni rivojlantirishga yordam beradi.
Hindiston, shuningdek, IT xizmatlari va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish markazi sifatida tanilgan boʻlib, talabalarga amaliy tajriba va ushbu sohada koʻplab nufuzli ish oʻrinlariga ega boʻlish imkoniyatlarini taqdim etadi.
Axborot texnologiyalarini oʻqitishda jahon tajribasi xilma-xil boʻlib, turli yondashuv va amaliyotlarni oʻz ichiga oladi. Quyida bir nechta misollar keltiraman:
Eng avval aytish joizki, koʻpgina universitetlar axborot texnologiyalari, jumladan, kompyuter fanlari, dasturlash, axborot xavfsizligi va boshqa mutaxassisliklar boʻyicha dasturlarni taklif qiladi. Bunday dasturlar odatda nazariy mashgʻulotlar, amaliy mashgʻulotlar va loyiha ishlarini oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, internet va masofaviy taʼlimning rivojlanishi bilan axborot texnologiyalari boʻyicha treninglarni ilgari suruvchi onlayn kurslar va platformalar mashhur boʻldi. Bunga “Coursera”, “Udacity”, “edX” va “Codecademy”larni misol qilib keltirish mumkin. Bular kurs va dasturlarning keng doirasini, shuningdek, sertifikat va diplomlar olish imkoniyatini beradi.
Yana bir muhim tomoni shundaki, koder maktablari va intensiv dasturlar axborot texnologiyalarini oʻqitishning mashhur variantlariga aylandi. Ushbu dasturlar odatda qisqaroq oʻqish muddatini taklif qiladi va amaliy koʻnikmalar hamda loyiha ishlariga qaratilgan boʻladi. Baʼzi taniqli kodlash maktablari orasida Umumiy Assambleya, Flatiron maktabi va Le Wagon ham mavjud.
Baʼzi kompaniya va tashkilotlar oʻzlarining axborot texnologiyalari boʻyicha oʻquv dasturlarini taqdim qiladi. Masalan, “Google”da Google Developers Training bor va Microsoft kompaniyasi Microsoft Learn dasturini ilgari suradi. Aynan IT Park Universityning asoschilari hisoblanmish EPAM Systems va IT Park Uzbekistan ham xuddi shu yoʻnalishda global platformalarda hamda mahalliy tizimda oʻz taʼlim dasturlarini taklif qilib kelmoqda. Ushbu dasturlar odatda kompaniyaning muayyan texnologiyalari va mahsulotlariga qaratilgan boʻlib, bepul va pullik resurslarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Yakka (individual) oʻrganish va hamjamiyatlar haqida ham aytib oʻtmoqchiman. Koʻpgina IT mutaxassislari onlayn resurslarni oʻrganish, kitoblarni oʻqish va dasturchilar hamjamiyatlarida ishtirok etish orqali oʻz malakalarini oshirishadi. Turli xil onlayn forumlar, bloglar va bilim almashish platformalari mavjud. Ularda foydali manbalarni topishingiz va tajribali mutaxassislardan yordam olishingiz mumkin.
Taʼkidlash joizki, axborot texnologiyalarini oʻqitishda jahon tajribasi muttasil rivojlanib, takomillashib bormoqda. Vaqt oʻtishi bilan yangi usullar, kurslar va resurslar paydo boʻlib, texnologik landshaft va mehnat bozori talablaridagi oʻzgarishlarni oʻzida aks ettirmoqda.
Oʻzbekistodagi axborot texnologiyalari taʼlimi holati
Oʻzbekistondagi TATU, INHA, AMITI va boshqa IT universitetlarining faoliyati axborot texnologiyalari sohasida taʼlim berish va kadrlar tayyorlashni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Mazkur universitetlar mamlakatimizni malakali IT mutaxassislari bilan taʼminlashga katta hissa qoʻshmoqda. Bu esa Oʻzbekistonda texnologiya sohasi va innovatsiyalar rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Ushbu universitetlarning behisob qiymati shundaki, ular mamlakatga foyda keltiruvchi va rivojlanishiga hissasini qoʻshuvchi IT mutaxassislarining keyingi avlodini shakllantirmoqda. Mehnat bozorida tayyorlanayotgan ishchi kuchi axborot jamiyatini mustahkamlash, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashning asosiy omili hisoblanadi.
Albatta, taʼlim sifatini oshirish, oʻquv dasturlarini jadal oʻzgarib borayotgan mehnat bozori talablariga moslashtirish, talaba yoshlarga zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashlariga yordam berish muhim. Bundan tashqari, mamlakatimizda taʼlim va IT sohasini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida boshqa universitetlar bilan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro tajriba almashish ayni muddaodir.
Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari sohasidagi taʼlim soʻnggi yillarda sezilarli rivojlanish va takomillashuvni boshdan kechirdi. Axborot texnologiyalari boʻyicha dasturlarni taklif etuvchi universitetlar yildan yilga koʻpayayotganining guvohi boʻlmoqdamiz. Hukumat IT-sanoatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlayotgani, xorijiy universitetlar bilan hamkorlik, IT startap va inkubatorlarni rivojlantirish ham yoʻlga qoʻyilayotgani meni juda quvontiradi. IT mutaxassislariga talab ham ortib, bitiruvchilar uchun istiqbollar yaratilmoqda. Biroq mazkur yangi sohada malakali oʻqituvchilarning yetishmasligi, oʻquv dasturlarini yangilash zarurati kabi muammolar ham mavjud.
Yoʻnalishdagi muammolar
Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari taʼlimi sohasida quyidagi qator muammolar koʻzga tashlanadi:
Malakali oʻqituvchilarning yetishmasligi taʼlim sifatini cheklaydi, eskirgan oʻquv dasturlari esa zamon talablariga javob bermaydi. Amaliy tajribaning yetishmasligi va qayta tayyorlash tizimining kerakli darajada rivojlanmaganligi ham talabalar va mutaxassislarning bilimlarini amaliyotda muvaffaqiyatli qoʻllash imkoniyatlarini toraytiradi. Taʼlim olishning notekisligi ham muammo boʻlib, ayrim hududlar va kam taʼminlangan aholi uchun yetarli imkoniyatlar bera olmaydi.
Bundan tashqari, oʻqituvchilarning kamida 30 foizi IT boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlishi talabi oʻqitish sifatiga, shuningdek, amaliyotga yoʻnaltirilgan tayyorgarlikka toʻsqinlik qiladi.
Bu IT yoʻnalishining oʻziga xos xususiyati. Chunki bu sohada ilmiy darajaning mavjudligi emas, balki ish muddati va tajribasiga koʻproq tayaniladi. Ushbu sohada ilmiy darajaga ega boʻlish yoʻlini tanlaganlar, ayniqsa, hozirgi oʻzgaruvchan texnologiyalar sharoitida “ishlab chiqarish” va amaliyotdan uzoqroq boʻlishadi. Oliy taʼlim muassasalarining ushbu sohasida yuqori ish tajribasiga ega boʻlgan amaliyotchilar katta ahamiyatga ega, chunki ular talabalarga bozorda darhol talab qilinadigan bilim va koʻnikmalarni bera oladilar. Ushbu talab natijasida ITPU (IT Park University)ning yuqori malakali amaliyotchilarni jalb qilish imkoniyati cheklangan.
Yana bir ogʻriqli masala — bu onlayn oʻqitish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilishdagi toʻsiqlar.
Hukumatning 2020-yil 14-maydagi 283-son qarori bilan Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish monitoringi va nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Shu bilan birga, ushbu qoida asosan tovarlar savdosi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan boʻlib, elektron kutubxonalar yoki xizmat koʻrsatish shartnomalari boʻyicha xorijiy davlatlardan jalb qilingan malakali mutaxassislar bilan xizmat koʻrsatish shartnomalarini tuzishning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olmaydi. Dunyo miqyosida tan olingan va tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar oʻz mamlakatlarida qabul qilingan shartnoma va oʻz shartlari asosida ishlashga moyildirlar. Ammo taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari yoki boshqa ilmiy tashkilotlar mutaxassislarni jalb qila olmaydi. Chunki yuqoridagi qoida tashqi pudratchilar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha oʻz talablarini belgilaydi, buning natijasida kompaniyalar tizimni chetlab oʻtish yoʻllarini izlashlari, naqd pul orqali faoliyat yuritishlari kerak boʻladi. Chet ellik shaxslarni yoki AQSh kabi davlatlardan juda tajribali mutaxassislarni jalb qilish va turli elektron kutubxona tuzilmalari bilan qulay shartnomalar tuzish imkoniyatini yoʻqotadi. Faqat postsovet mamlakatlarida “bajarilgan ish akti” tushunchasidan foydalaniladi, jahon tajribasi bunday tushunchalarni tan olmaydi.
ITPU chet ellik mutaxassislarni jalb qilishda duch keladigan muammolar:
– xorijiy mutaxassislarning Oʻzbekistonga jismonan kelishi, PINFL olishi, roʻyxatdan oʻtishi va hokazo ularni ishga qabul qilishimizga toʻsqinlik qiladi;
– xorijiy fuqarolarga bank oʻtkazmalari boʻyicha shaffof boʻlmagan va doimiy oʻzgarib turadigan qoida va talablar jozibadorlikni yoʻqotadi;
– soliq rezidentligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani faqat joriy kalendar yili uchun rezidentga faqat 183 kun (yarim yil)dan keyin berilishi mumkin boʻlgan taqdirdagina, taqdim etish talabi birinchi yarim yillikda koʻrsatilgan oʻquv xizmatlari evaziga oʻz vaqtida haq toʻlashga imkon bermaydi;
– barcha imtihonlarni oflayn rejimda oʻtkazish talabi onlayn universitetning keng qamrovli boʻlishiga hamda ularning imkoniyatlari va salohiyatini tenglashtirishga toʻsqinlik qiladi. Bu onlayn universitetlarning boshqa mamlakatlar fuqarolarini oʻqishga jalb qilish qobiliyatiga ham taalluqlidir. Chunki oflayn imtihonlarni topshirish uchun yiliga 4-marta Oʻzbekistonga kelish talabi Oʻzbekistondagi onlayn universitetda oʻqishda biroz noqulaylikni yuzaga keltiradi.
IT Park University tajribasi
Taʼkidlash joizki, IT Park Universityda yuqorida tilga olingan muammolarning koʻpi oʻz yechimini topgan va Oʻzbekistonning istalgan yerida istiqomat qiluvchi aholini sifatli IT taʼlim bilan taʼminlashni aʼlo darajada bajarmoqda. ITPUning bosh asoschisi boʻlgan EPAM Systems kompaniyasi oʻzining taʼlim sohasidagi 20 yildan ortiq tajribasi asosida mukammal oʻquv dasturini yaratgan boʻlib, uni oʻzining amaldagi mutaxassislari yordamida kundan kunga rivojlantirib boradi. Shuningdek, EPAM Systems kompaniyasining AQShga tegishli ekanligi bizning oʻzbekistonlik talabalarimizga ham dunyo ilmiy resurslaridan va hatto Open AI mahsuloti boʻlmish ChatGPT dasturidan ham qiyinchiliklarsiz foydalanish imkonini beradi. Shuningdek, talabalarimizning asosiy yutuqlaridan biri “EPAM School of Digital Engineering” (ESDE)ning ham talabasi ekanliklaridir. Bu esa ularga EPAM Systems kompaniyasining real loyihalari ustida tajribalar olib borish va hatto uning turli davlatlardagi ofislariga amaliyot dasturi asosida borib, EPAM Global Campusning barcha talabalari bilan bilim almashish imkonini beradi.
Oʻzbekistondagi birinchi yangi formatdagi universitetning asoschilari IT Park va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish boʻyicha jahon yetakchilaridan biri boʻlmish EPAM Systems hisoblanadi.
Bakalavriatda talabalar informatika asoslarini oʻrganishadi, muhim jamoaviy ish va loyihalarni bajarish koʻnikmalariga ega boʻlishadi. Oʻquv rejasi dasturiy muhandislikning barcha asosiy mavzularini qamrab olgan boʻlib, IT sohasida muvaffaqiyatli karyera uchun zarur boʻlgan real vakolatlar va amaliy tajribaga qaratilgan.
Bakalavriat dasturida taʼlim davomiyligi 3 yil. Bu davr mobaynida talabalar oʻzlarining ingliz tili boʻyicha bilimlarini ham mukammallashtirishadi. Chunki taʼlim toʻliq ingliz tilida olib boriladi.
Dasturiy muhandislik yoʻnalishi tavsifi. Bizning taʼlim yondashuvimiz ish beruvchilar, texnologiya va dizayn sohasining yetakchilari, taʼlim sohasi mutaxassislarining tajribalari uygʻunlashuvi yordamida ishlab chiqilgan. Bu bizga taʼlim olish uchun eng moslashuvchan va amaliyotga yoʻnaltirilgan dastur yaratish imkonini berdi.
Bu dasturni tuzish uchun biz IT-industriyani, dunyodagi taʼlimga boʻlgan eng yaxshi yondashuv va amaliyotda mutaxassislar oldiga qoʻyiladigan talablarni oʻrganib chiqdik. Bitiruvchilar dasturiy muhandislik sohasidagi haqiqiy masalalarni yecha olish koʻnikmasiga ega boʻladi.
Barcha uchun umumiy boʻlgan taʼlim trayektoriyasi General track deb ataladi. Unda talabalar har qanday IT mutaxassisiga kerak boʻlgan asosiy bilimlarni olishadi, real masalalarni hal etish va dasturlashning ikkita eng asosiy tillari: Java va JavaScriptni chuqur oʻrganishadi.
Toʻrtinchi semestrdan boshlab eng yaxshi akademik natijalarni va yuqori qiziqishni namoyon etgan talabalar chuqurlashtirilgan Advanced track dasturi orqali taʼlim olishlari mumkin. Ularga qoʻshimcha uchta mutaxassislikdan birini oʻtish imkoni taklif etiladi: avtomatlashtirilgan test, Front-end va Back-end dasturlash. Yoʻnalish alohida fanlar boʻyicha koʻrsatgichlardan kelib chiqib tanlanadi.
Taklif oʻrnida…
Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari sohasida taʼlimdagi muammolarni hal qilish uchun quyidagi chora-tadbirlarni taklif qila olaman:
- Pedagog kadrlar malakasini oshirish, oʻquv dasturlarini eng soʻnggi tendensiyalar asosida yangilash va talabalar uchun amaliy imkoniyatlarni rivojlantirish zarur. Mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, taʼlim olishning hududiy notekisligini kamaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Hukumat, universitetlar va ishlab chiqarish oʻrtasidagi kompleks yondashuv va hamkorlik Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari boʻyicha taʼlim sohasidagi ushbu muammolarni muvaffaqiyatli hal etishning kaliti boʻladi.
- Soha boʻyicha 5 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassislarni ilmiy darajali oʻqituvchilarga tenglashtirish lozim.
- Xoʻjalik yurituvchi subyektlarimizning xorijiy davlatlardagi hamkorlar bilan teng huquqli boʻlishiga imkon berish kerak.