Dilsora FOZILOVA, Kanadadagi British Columbia universiteti professori |
Izlangan, intilgan borki, maqsadiga erishadi. Toʻgʻri, u yiqilishi, pand yeyishi, qayta-qayta tanbeh eshitishi mumkin, biroq bularning barchasi muvaffaqiyatga kalit boʻladi.
Bugun mana shunday kalitlar sohibasi, Kanadadagi British Columbia universiteti professori, ijodkor, olima Dilsora Fozilova bilan Kanada oliy taʼlimining oʻziga xosligi, yutuq va kamchiliklari xususida suhbatlashamiz.
— Kanadada taʼlim olishning oʻziga xosligi nimada? Mamlakat oliy taʼlimida asosiy eʼtibor aynan qaysi masalalarga qaratilgan?
— Kanada taʼlim sifati yuqori boʻlgan davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda nafaqat oliy, balki boshlangʻich va oʻrta taʼlimga ham yuqori darajada eʼtibor qaratiladi. Chunki boshlangʻich va oʻrta taʼlimdagi sifat oliy taʼlimga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Kanadada taʼlimga bir butun tizim deb qaralgani uchun ham yaxshi natijalarga erishilgan, nazarimda. Nima uchun koʻplab taʼlim isteʼmolchilari bu davlatni tanlaydi? Birinchidan, taʼlimdagi sifat, ikkinchidan, mamlakatga chetdan kelib oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar yuqori; inklyuzivlik, xilmaxillik esa uning jozibadorligini oshiradi. Taʼlim muassasalari xorijdan kelib oʻquvchilar uchun yaxshi sharoitlar yaratishiga sabab shuki, xalqaro talabalar universitetni boyitishga yordam beradi. Shuningdek, oʻz tili, madaniyati va ilmini oʻrtoqlashadi. Chunonchi, xorijlik talabalarga kanadaliklardan farqli ravishda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilgan. Birinchi va ikkinchi bosqich xorij talabalari uchun oʻtish kurslari hisoblanadi, ularga universitet hayoti, oʻquv jarayonlari va talablari batafsil tushuntiriladi, yaʼni talabalar muhitga moslashishadi.
Mana shunday kurslarga tadqiqot metodlari fanidan dars oʻtganimda ulardan nima talab qilinishi haqida maʼlumot berganman. Agar xorijdan kelgan talabaning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari past boʻlsa, ular bilan assistent oʻqituvchilar alohida ishlaydi. Kanada taʼlimida xavfsizlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Sababi, ota-ona farzandini oʻqishga joʻnatayotganda, avvalo, yashash va taʼlim olishida xavfsizlik choralari koʻrilganiga eʼtibor qaratadi.
— Ayting-chi, u yerda taʼlim berish qaysi sektor qoʻlida: davlatmi yoki xususiy? Bu savolni bejiz bermadim. Boisi, Oʻzbekistonda xususiy oliy taʼlim muassasalari soni ortib bormoqda. Bu faktor taʼlim sifatiga qay darajada taʼsir koʻrsatadi, deb oʻylaysiz?
— Kanadadagi barcha oliy taʼlim muassasalarining byudjeti butunlay davlat tomonidan qoplanmaydi. Universitet mablagʻining asosiy manbayi — xalqaro talabalar hamda tadqiqot grantlaridir. Tadqiqot universitet mulki hisoblanadi, undan kelgan daromaddan taʼlim muassasasi ham ulushdor boʻladi. Toʻgʻri, Kanadada taʼlim berish qiymati yuqori emas, ammo grantlar koʻp, yaratilgan sharoitlar yaxshi. Shuning uchun ham koʻpchilik bu mamlakat taʼlimini hamyonbop taʼlim deb hisoblaydi. Bundan tashqari, talabalarda grantlarni yutib olish imkoniyatlari katta. Taʼlim oluvchidan koʻp narsa talab qilinadi, agar u soʻnggi ikki yilda yaxshi oʻqigan boʻlsa, oʻqishdan tashqari ishlarda oʻzini koʻrsatsa, deylik, fizika, ximiya kabi sohalarda biror yangilik yaratsa, bu albatta inobatga olinadi. Aksariyat hollarda grantlar berishda shu jihatlarga qaraladi. Universitetda yangilik qilish uchun juda qulay muhit yaratilgan. Taʼlim muassasasiga qandaydir ixtiro olib kelsangiz, birinchidan, hurmatingiz ortadi, ikkinchidan, moliyaviy taʼminotingiz yaxshilanadi, uchinchidan, gʻoyalaringiz qoʻllab-quvvatlanadi. Buning zamirida “shu narsani qilding, yana nimalarni qila olasan, marhamat, yarat” qabilidagi munosabat, motivatsiya yotadi. Davlatning universitetga ajratadigan mablagʻi muassasa amalga oshira oladigan tadqiqotlarga chambarchas bogʻliq. Shu bilan birga, talabalar soni, xorijlik taʼlim oluvchilar ulushi ham inobatga olinadi.
Deylik, bizda “Shork” degan grant bor, uni jamoaviy yoki tadqiqotchining oʻzi ham yutib olishi mumkin. Oʻzim ham grant yutib olib, tadqiqotlarimni yettita davlatda olib bordim. Tadqiqot uchun summa ajratiladi, uni qanday sarflashni esa tadqiqotchi hal qiladi. Istasa boshqa mamlakatlarga borib, istasa uydan turib onlayn maʼlumotlar bilan ishlab izlanadi. Muhimi, natija samarali, ishonchli, asosli boʻlishi kerak.
— Kanadada professor-oʻqituvchilar va talabalarning ijtimoiy himoyasi masalasiga munosabat qanday? Taʼlim subyektlarining yashashi uchun alohida turarjoylar mavjudmi? Agar bor boʻlsa, ularni berishda qaysi jihatlar eʼtiborga olinadi?
— Albatta, universitetlarda talabalar yotoqxonalari bor. Agar talabaga yotoqxona kerak boʻlsa, ariza beradi. Arizalarni koʻrib chiqishda talabaning taʼminlanganlik darajasi eʼtiborga olinadi. Baʼzi talabalarga yarim summasi davlat tomonidan toʻlanadigan, baʼzilariga hammasini universitet qoplab beradigan turarjoylar topshiriladi. Yaʼni sharoiti, ijtimoiy ahvoli oʻrganilib, shunga koʻra yordam koʻrsatiladi.
Eng muhim faktor — barcha taʼlim olayotganlar uchun imkoniyatlar tengligini yaratishga eʼtibor qaratilishidir. Universitet maʼmuriyati murojaatga qarab talaba bilan ishlaydi. Bunda har bir talaba bilan alohida ishlash tizimi shakllangan. Darsni oʻzlashtirishda qiynalayotgan, sogʻligʻida muammosi bor, nogironligi boʻlgan talabalarning har biri uchun mutaxassislar biriktirilgan. Misol uchun, bizning universitetda 2 ta kampus bor, ikkisining toʻlov summasi bir-biridan farq qiladi. Vankuver markazda joylashgan. Bunda talabalar koʻp, shu bois yotoqxonalar kichkina va toʻlov summasi katta. Oknogn esa chekkaroq hududda, shuning uchun toʻlov summasi birmuncha arzon. Yotoqxonalar narxi talabaning sharoiti va tanloviga qarab moslashuvchan tizimda ishlaydi.
Professor-oʻqituvchilar qayerdan kelib ishlayotganiga qarab, boshlangʻich paket beriladi. Ularni shaharga koʻchib kelishi bilan bogʻliq barcha xarajatlar, birinchi-ikkinchi oydagi toʻlovlari universitet tomonidan qoplanadi. Universitetda yangi ish boshlaganlar uchun yiliga oʻrtacha bir yuz oʻn ming AQSh dollari sarflanadi. Maosh qiymati professor-oʻqituvchining tajribasi, layoqati va natijalariga koʻra oʻzgarib boradi. Masalan, oʻzim magistraturani tamomlab dars berganman. Oʻshanda bir semestr uchun shartnoma tuzilgan. Ikkinchi semestr uchun yana qaytadan hujjat topshirganman. Ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilar bilan esa shartnomalar uzoqroq muddatga tuziladi. Doktorlikni yoqlagunga qadar assistent professor lavozimida ishlash mumkin. Doktoranturani bitirgach, 5-7 yillik sinov muddatidan soʻng professor boʻlish mumkin.
— Kanadada oliy taʼlimning nechta bosqichi mavjud va ularning davriyligi qancha? Qabul jarayonlarida talabalikka nomzoddan nimalar talab qilinadi?
— Kanadada ham bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlari mavjud. Bakalavr darajasini olish muddati — 4 yil. Lekin talaba bu bosqichni ertaroq tugatishi ham mumkin. Misol uchun, bir semestrda 4 yoki 5, yaxshi oʻqiydiganlar 6 ta kurs olishi mumkin. Kurslar qiyin, talaba oʻz ustida qancha koʻp ishlasa, yakuniy baholari 5 ta fandan “4” bahodan yuqori boʻlsa, 6 ta kurs olishiga ruxsat beriladi. Bitta kursdan “3” baho olsa, bu fanlarni oʻzlashtirishda qiynalayotganini anglatadi va u imtihondan oʻtsa-da, 6 ta kurs ololmaydi. Yaʼni tizim talabani kuzatib turadi. Oʻzlashtirishi yaxshi boʻlgan talaba bakalavr darajasini hatto 2 yil-u 7 oyda olishi mumkin. Lekin 3 yilda bakalavriatni tugatsangiz-u, baholaringiz past boʻlsa, bu foydangizga ishlamaydi. Sababi, magistraturaga qabulda oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga qaraladi. Yana ham aniqrogʻi, oʻquv davrining soʻnggi 2 yilidagi koʻrsatkichlaringizga asosiy eʼtibor qaratiladi.
Taʼlim tizimida faqat baholar yuqoriligi emas, sizning tom maʼnoda rivojlana olganingiz ham inobatga olinadi. Agar baholaringiz pastdan boshlab yuqorilagan boʻlsa, magistratura va doktoranturaga qabul qilinishingiz oson boʻladi. Yaʼni bu talaba oʻz ustida ishlabdi, rivojlanibdi degan xulosani beradi. Oʻz tajribamdan aytsam, universitetda oʻqishni boshlaganimda ingliz tili boʻyicha koʻnikmalarim yaxshi emasdi. Birinchi yil oʻzlashtirish koʻrsatkichim past boʻlgan va yuqori kurslarda koʻrsatkichimni yaxshilaganman. Shuning uchun magistraturaga qabul qilinishim oson boʻlgan. Oʻz ustimda ishlaganim grantlar olishimda ham qoʻl kelgan.
Magistraturaga kirish uchun yaxshi oʻzlashtirish koʻrsatkichlaridan tashqari, nomzodda aniq tadqiqot taklifi ham boʻlishi kerak. Bunda biron mavzu tanlanadi, atroflicha oʻrganilib, taklif yoziladi. Masalan, mavzu doirasida 10 nafar olim ishini koʻrib chiqdim, mana bu narsalarni oʻrganishgan ekan, ammo mana bu yeri oʻrganilmagan, men ayni shu jihatini tadqiq qilmoqchiman, degan mazmunda tayyorlanadi. Unda tadqiqotda qaysi savolga javob izlanishi, qanday usullardan foydalanilishi aniq koʻrsatilishi talab qilinadi. Shu bilan birga, til bilish sertifikati ham boʻlishi kerak. Magistratura bosqichi 2 yil boʻlib, uni ham muddatidan avval tugatish mumkin. Bu kurslarni oʻzlashtirishingiz va tadqiqotni qancha muddatda yozib tugatishingizga bogʻliq.
Magistraturadagi natijalar doktoranturaga qabulda eʼtibor qaratiladigan asosiy faktor hisoblanadi. Magistraturada tadqiqotni qanday oʻtkazilgani, baholarning yuqori pastligi, ilmiy rahbar bergan taqrizi doktoranturada oʻqishni davom ettirish-ettirolmaslikni belgilab beradi.
Doktoranturani necha yilda bitirish talabaning harakati va layoqatiga bogʻliq. Birinchi kursda tadqiqot metodlari oʻtiladi. Ikkinchi kursda esa tadqiqot taklifi bilan chiqiladi, tadqiqot savollari aniqlanib, taklif himoyasi oʻtkaziladi. Taklif himoyasida tadqiqotni qanday metod orqali olib borish aniq koʻrsatiladi. Tadqiqot rejasi komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi. Tadqiqotda duch kelishingiz mumkin boʻlgan muammolar yechimida nimalarga eʼtibor qaratishingiz soʻraladi. Shundan soʻng yana bir tayyorlov kursidan oʻtiladi, bu — tadqiqot jarayonida siz va tadqiqotda ishtirok etuvchi insonlar xavfsizligini taʼminlashga tayyorlov kursi hisoblanadi. Bu kurs psixologik tayyorlov mashgʻulotlarini ham qamrab oladi. Universitetning tadqiqot maʼlumotlari saqlanadigan alohida bazasiga qoʻlga kiritgan yangi maʼlumotlaringizni jamlab borasiz. Agar boshqa mamlakatda oʻrganish olib borayotgan boʻlsangiz, bu maʼlumotlar ustida siz borguningizgacha hech kim ishlay olmaydi. Yaʼni bu yerda maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Tahlillar jarayonida ilmiy rahbar bilan hamkorlikda ishlanadi. Maʼlumotlarni qanday tizimlashtirish haqida maslahatlar olinadi. Dissertatsiya ishining birinchi bobini tayyorlab, ilmiy rahbarga topshiriladi. U koʻrib chiqadi va alohida komissiyaga taqdim etadi. Ularning maslahatlari asosida agar ishda kamchiliklar boʻlsa, isloh qilinadi, toʻldiriladi — qisqasi, bob qayta ishlanadi. Masalan, oʻzimning dissertatsiya ishim 5-marta qayta ishlandi. Bu sifatli tadqiqot oʻtkazilishiga zamin yaratadi.
— Bugun sifatli taʼlim haqida koʻp gapirilyapti. Uning oʻlchov mezonlari ham turli mamlakatlarda bir-biridan farqlanadi. Shu maʼnoda, Kanadadagi taʼlimning sifati aynan qaysi jihatga qarab baholanadi?
— Kanadada taʼlim sifatiga bir nechta perspektiva nuqtayi nazaridan qaraladi. Talabaning bilim olishi uchun yaratilgan sharoit, oʻqituvchining sifatli dars berishi kabi muhim omillar borki, ularning har biri alohida katta masala.
Oʻqituvchini ishga qabul qilish bilan bogʻliq jarayonni koʻrib chiqaylik. Ishga kirishda 200 dan ortiq nomzod bir ish oʻrni uchun hujjat topshiradi. Komissiya 2 ta asosiy narsaga eʼtibor qaratadi: birinchisi, u albatta doktoranturani tamomlagan boʻlishi kerak; ikkinchisi, uning soʻnggi yillardagi nashrlari sifati yuqori boʻlishi darkor.
Shuningdek, tajribasi, oʻquv yili yakunida talabalarning unga bergan bahosiga ham qaraladi. Talabalar oʻqituvchini quyidagi savollarga javob berish asosida baholaydi:
– Dars mantiqli oʻtildimi?
– Darsdan soʻng oʻqituvchini topish qiyin boʻlmadimi?
– Dars tushunarli edimi?
– Manbalar berildimi, manbalardan foydalanildimi?
Bu kabi maʼlumotlar universitet tomonidan oʻqituvchining elektron portfoliosiga biriktirib boriladi. Platforma orqali oʻqituvchining sifatli dars bera olish mahorati baholanadi. Endi ish boshlagan yosh oʻqituvchilar darsini tajribali oʻqituvchilar kirib kuzatadi va unga taqriz beradi. Bu ham elektron portfolioga kiritiladi. Bu hujjatlarni yoʻqotishning iloji yoʻq. Yaxshi oʻqituvchi boʻlsangiz, reytingingiz yaxshilanadi, aksi boʻlsa, quyiga tushib ketaverasiz. Yaʼni bu yerda reytingni oʻqituvchi va talaba yaratadi.
— Oʻz sohasining yetuk mutaxassisi, xorij taʼlimining bevosita ishtirokchisi sifatida mamlakatimiz taʼlim tizimini qanday baholaysiz? Uni yanada rivojlantirish uchun takliflaringiz?
— Oʻzbekistonda katta oʻzgarishlar boʻlmoqda. Koʻplab hamkasblar bilan muloqotda boʻlib, taʼlimga oid islohotlardan xabardor boʻlaman. Ammo muammolar ham yoʻq emas. Aytaylik, eskirgan oʻquv dasturlari bizga sifatli, zamonaviy bilim berishga toʻsqinlik qiladi. Texnologiya tez oʻzgarmoqda. Yoʻnalishlar, mashgʻulotlar shunga hamohang ravishda takomillashtirib borilishi kerak.
Yana bir masala bugun Oʻzbekistonda universitetlar koʻpaymoqda. Jumladan, xususiy universitetlar ham. Agar ular odamlarni faqat pul uchun oʻqitishda davom etsa, bu — katta yoʻqotish; agar xorij davlatlarining sifatli taʼlim tizimlarini olib kirayotgan boʻlsa, bu — ulkan yutuq. Buning uchun, avvalo, talabalarni tanlash jarayonlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi lozim. Hozir bizda har ikki jarayon birgalikda ketmoqda. Sayozlikka qarab ketish ham bor, rivojlanish ham.
Yana bir muhim masala, oʻquv sifati oʻqituvchi sifati bilan bevosita bogʻliq. Infrastruktura yaxshi boʻlmasa ham, sifatli taʼlim berish mumkin. Buning uchun taʼlim berayotgan xodim malakali mutaxassis boʻlishi shart.
Standartlashgan testlarga mutelik esa katta kamchiliklarimizdan biri. Kanadada faqat tibbiyot va qonunshunoslikda standartlashgan test tizimi mavjud. Bu ham kirish imtihonining nari borsa, 40 foizini tashkil qilishi mumkin. Qolgan yoʻnalishlarda bolaning qobiliyati, avvalgi oʻzlashtirish koʻrsatkichlari inobatga olinadi. Bizda esa faqat testdan oʻtishsa bas, talaba boʻlishadi. Uning boshqa qirralari-chi? Yangilik yarata olishi, harakatchanligi muhim emasmi?! Kanadada abituriyentning oxirgi 2 yildagi oʻzlashtirish koʻrsatkichlari, oʻzini qayerlarda koʻrsatgani kabi masalalarga eʼtibor qaratiladi. Boisi, test ishlash bolaning bir tomonlama qobiliyatinigina rivojlantiradi va namoyon qiladi, shu bilan birga, uning ijtimoiy hayotga qarashi, yangilik yarata olish-olmasligi, yaʼni keng maʼnodagi ijodkorlik darajasi, muammolarga yechimlar taklif qila olish qobiliyati kabi muhim faktorlar eʼtibordan chetda qoladi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda resurslar masalasi ham bor. Ingliz tilida bir mavzu boʻyicha oʻnlab maʼruzalarni topish mumkin. Oʻzbek tilida esa resurslar juda kam. Mana shunday resurslarni koʻpaytirishimiz kerak. Universitetlarga, biron kafedraga avtonomiya berilmaydi, byurokratik nazorat kuchli. Amaliy fanlarga eʼtibor yetarlicha emas. Tadqiqot olib borish masalasi ham ogʻriqli.
Nazarimda, akademik erkinlikka eʼtibor qaratilishi kerak. Har qanday yoʻnalishda, har qanday mavzuda tadqiqotlarni kuchaytirish, tadqiqot grantlari sonini oshirish lozim. Salmoqli tadqiqot uchun shunga yarasha yuki bor tadqiqot metodlarini oʻrgatadigan olimlar va uni talab qiladigan ilmiy rahbarlar kerak. Foydali tadqiqot olib borish uchun esa, avvalo, oliy taʼlim muassasasida sifatli taʼlim boʻlishi darkor. Buning uchun boshlangʻich va oʻrta taʼlim ham sifatli tashkil qilinishi shart. Sababi, quyi taʼlimdagi tizimni yaxshilamay turib, oliy taʼlimda sifatni yuqori darajada taʼminlash ham, olamshumul tadqiqot olib borish ham imkonsiz.
— Mazmunli suhbat uchun rahmat!
Sadoqat MAXSUMOVA suhbatlashdi.