Skip to content
  • Sayt test rejimida
  • ISSN-2181-3051
  • (71) 207-03-43
  • info@edujournal.uz
  • Oʻzbek
  • Русский
  • English
O‘zbekistonda oliy ta'lim jurnali

O‘zbekistonda oliy ta'lim jurnali

rasmiy sayt

  • Bosh sahifa
  • Jurnal
    • Jurnal haqida
    • Tahririyat jamoasi
    • Normativ-huquqiy hujjatlar
  • Maqolalar
  • Nashrlar
    • 2022-yildagi nashrlar
      • 2022-yil 1-soni
      • 2022-yil 2-soni
      • 2022-yil 3-soni
      • 2022-yil 4-soni
    • 2023-yildagi nashrlar
      • 2023-yil 1-soni
      • 2023-yil 2-soni
      • 2023-yil 3-soni
      • 2023-yil 4-soni
    • 2024-yildagi nashrlar
      • 2024-yil 1-soni
      • 2024-yil 2-soni
      • 2024-yil 3-soni
  • Konferensiya
  • Talabnoma
  • Bog’lanish
  • Toggle search form

12. Gulnoza Bekmuradova. OLIY TAʼLIMDAN KEYINGI TAʼLIMDA SAMARADORLIKNI BAHOLASH MEXANIZMLARI

Posted on Oktabr 4, 2023Noyabr 6, 2023 By admin 12. Gulnoza Bekmuradova. OLIY TAʼLIMDAN KEYINGI TAʼLIMDA SAMARADORLIKNI BAHOLASH MEXANIZMLARI ga fikr bildirilmagan.

Gulnoza BEKMURADOVA,

Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi mustaqil tadqiqotchisi

Oʻzbekistonda taʼlim sohasini modernizatsiya qilish sharoitida taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlari, jumladan, oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning samaradorligini oshirish muammosi dolzarb boʻlib bormoqda.

Har qanday harakat, jarayon, amaliyot, dastur samaradorligini, xarajatlar va natijalar nisbatini, maqsadlarga erishishni aks ettiruvchi maʼlum miqdoriy va sifat koʻrsatkichlari toʻplami orqali baholash mumkin. Taʼlim kabi murakkab tizimni baholash mezonlari va koʻrsatkichlarini tanlash masalasi oson emas.

Taʼlim tizimlarining samaradorligini baholash turli yoʻnalishlarda amalga oshiriladi. Ushbu turkumda maʼlum bir oʻrinni universitetlarning turli reytinglari (mahalliy va xalqaro) egallaydi. Bu esa muayyan bir universitetni baholash va ularni bir-biri bilan taqqoslash imkonini beradi.

Eng nufuzli global universitet reytinglari Britaniyaning Times nashri bilan Tomson Reuters tomonidan birgalikda tuzilgan reytinglar (The Times Higher Education World Reputation Rankings; The Times Higher Education World University Rankings) va Britaniyaning Quacquarelli Symonds xalqaro konsalting agentligining reytingi (QS World University Rankings) hisoblanadi [1, 15].

 

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlarida

Hozirda MDH davlatlarida aspirantura va doktoranturaning reytinglari mavjud emas [2, 87]. Masalan, Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligining aspirantura va doktorantura faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan monitoring koʻrsatkichlari orasida faqat ikkitasi samaradorlikka daxldor. Bu — har 100 talabaga toʻgʻri keladigan taʼlim tashkilotining aspirant, doktorant, rezident, stajyor va assistentlari soni, shuningdek, hisobot davrida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan ilmiy-pedagogik xodimlarning umumiy sonidagi ulushi [3].

Ayrim tadqiqotlarda oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimining samaradorligini baholashda iqtisodiy yondashuvdan foydalanilgan va bunda uning ichki va tashqi kabi ikkita tarkibiy qismi ajratib koʻrsatilgan.

Samaradorlikning ichki komponenti tizim ichidagi samaraning unga erishish xarajatlariga nisbati sifatida baholanadi va doktorant (aspirant), ilmiy ish, kashfiyot, patent va boshqalar sonining koʻpayishi sifatida ifodalanadi. Tashqi komponent ijtimoiy tizim faoliyatining iqtisodiy oqibatlari, butun jamiyatga taalluqli va unga erishish xarajatlari bilan bogʻliq boʻlgan natijani ifodalaydi.

Aspirantura va doktoranturaning samaradorligi toʻgʻrisida muayyan xulosalar beradigan asosiy koʻrsatkichlardan biri — ular tomonidan dissertatsiyalarni oʻz vaqtida himoya qilinishidir.

“Samaradorlik” tushunchasining noaniqligini pesh qiluvchi mutaxassislar tomonidan yuqoridagi baholashning toʻlaqonli emasligi taʼkidlanadi. Bir qator tadqiqotchilarning fikriga koʻra, u nafaqat ilmiy va taʼlim faoliyati natijalarini biron-bir miqdoriy koʻrsatkichga keltirish qiyinligi, balki natijaning xarajatlarga nisbatini izohlashdagi murakkabligi tufayli ham samarasizdir.

Baʼzi mualliflarning nuqtayi nazariga koʻra, aspirantura va doktoranturaning samaradorligi “aspirantura va doktoranturaning asosiy maqsadli funksiyalarga erishish shartlari va darajasini aks ettiruvchi va miqdoriy usullar bilan aniqlangan resurs bazasi, oʻquv jarayoni hamda aspirant va doktorantlarni tayyorlash natijalarining muvofiqlashtirilgan parametrlarini oʻz ichiga olgan” [4, 81] kompleks koʻrsatkichdir.

Bunday samaradorlik tizimini ishlab chiqish va koʻrsatkichlarni tanlashda murakkablik, minimallashtirish, muvozanat va qulaylik asosiy tamoyillar sifatida qaraladi. Samaradorlik koʻrsatkichlari bilan bir qatorda, ushbu tizim aspirantura va doktorantura samaradorligining umumlashtirilgan natijalarini aniqlash uchun normallashtirish, maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish, vaznni farqlash va koʻrsatkichlarning raqamli qiymatlarini bir meʼyorga keltirish algoritmini ham oʻz ichiga oladi. Mazkur metodologiya, mualliflarning fikricha, texnik, ijtimoiy va gumanitar fanlar uchun ham moslashtirilishi mumkin. Aytish mumkinki, bu — eng toʻliq, izchil va koʻp qirrali tadqiqotlardan biri, chunki bitta samaradorlik koʻrsatkichi oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda ilmiy kadrlarni tayyorlash va sertifikatlash tizimining koʻp qirrali faoliyatini aks ettira olmaydi.

Taʼlim tizimlarining samaradorligini tahlil qilishda moliyaviy koʻrsatkichlar va xarajatlar nisbatidan iborat sof iqtisodiy yondashuvni qoʻllash kutilgan natijani bermaydi.

Faoliyatni baholash maqsadlarga erishish bilan chambarchas bogʻliq.

Shu munosabat bilan, yangi sharoitda doktorantlarni tayyorlash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga murojaat qilish lozim. Bugungi kunda maqsadlarni asoslashda ikkita muhim yondashuv mavjud: dissertatsiya va malaka.

Dissertatsiya yondashuvi tarafdorlari doktoranturaning maqsadi ilmiy ish, dissertatsiyani tayyorlash va himoya qilishdir, deb hisoblashadi [5, 25].

Ilmiy maktablarga asoslangan doktoranturaning klassik modeli ilmiy kadrlarni samarali qayta tayyorlashni taʼminlaydi. Dissertatsiya yozish uchun zarur boʻlgan kompetensiyalar magistraturada shakllantirilishi kerak. Doktoranturada bu kompetensiyalarni faqat bevosita ilmiy faoliyat jarayonida takomillashtirish mumkin.

Boshqa “malakaviy” yondashuv nuqtayi nazariga koʻra, doktoranturada oʻquv faoliyatining asosiy maqsadi maʼlum saviya darajasiga ega mutaxassisni tayyorlashdan iborat boʻlib, dissertatsiya yozish muhim, ammo u taʼlimning yagona vazifasi boʻlib qolmasligi lozim.

 

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida

Yevropa mamlakatlarida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning sifati, yaʼni doktorantlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqot natijadorligi ushbu izlanish olib borilayotgan ilmiy muhit bilan uzviy bogʻliqligi va shuning uchun ham u bakalavriat yoki magistratura bosqichiga xos boʻlgan taʼlim darajasiga emas, balki taʼlim sifatini taʼminlashning boshqa mezon va metodologiyalar tizimiga asoslanadi.

Yevropaning doktorantlarni tayyorlash tizimlarida ichki va tashqi sifatni taʼminlash oʻzaro farqlanadi. Tashqi sifat kafolati (yoki sifat menejmenti) doktorantura dasturlarini baholash jarayonlarida muhim rol oʻynovchi va oliy taʼlim muassasalarini akkreditatsiya qilish, baholash va auditini oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan milliy organlar va xalqaro assotsiatsiyalar vakolati doirasiga (masalan, ENQA — “Yevropa Oliy Taʼlim Sifat Assotsiatsiyasi” yoki EUA — “Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi”) kiradi. Tashqi baholashning vazifasi, birinchi navbatda, universitetning oʻz sifatini taʼminlash tizimiga ega ekanligiga ishonch hosil qilish va shu orqali uning akademik mustaqilligiga daxl qilmaslikdan iborat.

Ichki sifatni taʼminlash toʻliq universitetlar zimmasida boʻlib, oʻz-oʻzini baholash va ichki audit orqali amalga oshiriladi. Ichki sifat kafolati muassasa strategiyalari, ustuvorliklari va maqsadlariga qarab turli shakllarda boʻlishi mumkin (bir xil boʻlgan tashqi sifatni taʼminlash faoliyati bilan solishtirganda).

Sifatni taʼminlashning tashqi va ichki jarayonlari shunday bir-biriga bogʻlangan boʻlishi kerakki, tashqi sifatni taʼminlash tizimlari har bir muassasaning oʻziga xos xususiyatlariga toʻgʻri kelgani holda, sifatni taʼminlashning turli xil ichki jarayonlarini rivojlantirishga yordam berishi lozim. Sifatning tashqi taʼminlanishi ichki jarayonlarni tahlil qilishga qaratilgan boʻlib, bu jarayonlarni rivojlantirish uchun oliy oʻquv yurtlariga asosiy masʼuliyat yuklanishini va ular ushbu topshiriqni bajarishga koʻmaklashishlari nazarda tutiladi.

Doktoranturada sifatni taʼminlashning murakkab muammosini hal qilish yondashuvi, pirovard natijada, oliy taʼlim muassasasining oʻzi tomonidan ishlab chiqiladi. Biroq yondashuvlarning aksariyati uchta jarayonga asoslanadi:

  1. Mustaqil tekshirish
  2. Koʻrsatkichlardan foydalanish
  3. Taqqoslash

Mustaqil tekshirish jarayoni doktoranturadagi taʼlim sifatini tashqi ekspertlar — odatda oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, xalqaro universitetlarning mutaxassislari yoki mustaqil agentliklar tomonidan baholashni oʻz ichiga oladi.

Koʻpgina Yevropa universitetlarida doktorantura sifatini taʼminlash jarayonlari bakalavriat va magistratura sifatini taʼminlash jarayonlaridan katta farq qiladi. Chunki ularda tegishli jarayonlar va mexanizmlar tadqiqot faoliyatidan koʻra koʻproq pedagogik faoliyatga qaratilgan. Oliy taʼlim muassasalari doktorantura taʼlimining yuqori sifatini taʼminlash maqsadida dissertatsiyani yozish uchun sarflangan vaqtni, bitiruvchilarning ish faoliyatini kuzatish, dissertatsiya tadqiqoti natijalarining samarasi, ilmiy rahbarlikdan qoniqish va boshqa shu kabi sifatni baholash indikatorlaridan foydalanadi. Indikatorlardan foydalanishning mohiyati mazkur natijalarni muntazam va aniq baholab borishdan iborat.

Benchmarking — yuqoriroq sifat standartiga erishish va uni yanada takomillashtirish maqsadida tashkilotning ichki va tashqi baholash jarayonida ilgʻor tajribalarini aniqlash, oʻlchash, taqqoslash, oʻzlashtirish, qoʻllash va joriy etishga qaratilgan uzluksiz jarayon, deb taʼrif keltirish mumkin. Benchmarking oliy taʼlim muassasalariga sifatni oshirishga qaratilgan tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun oʻzlarining kuchli va zaif tomonlarini aniqlash imkonini beradi.

Biroq sifatni taʼminlash boʻyicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish muassasa uchun asosiy maqsad boʻlmasligi kerak. U yanada muhimroq va ancha barqaror boʻlgan sifat madaniyatini rivojlantirish va oshirish vositasi boʻlib xizmat qilishi lozim.

Sifat madaniyati — “maqsadi sifatni doimiy ravishda yaxshilash boʻlgan va ikkita mustaqil elementdan iborat boʻlgan tashkiliy madaniyat”, deb qarash mumkin. Ulardan biri — madaniy (psixologik), shu jumladan, umumiy qadriyatlar, eʼtiqodlar, umidlar va sifat sohasidagi majburiyatlar, ikkinchisi esa alohida harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan sifatni oshirishning belgilangan tarkibiy (boshqaruv) jarayonlaridir. Bu oliy oʻquv yurtlari tomonidan faqat imtiyozlar manbai emas, balki koʻproq ortiqcha yuk sifatida qabul qilinadigan, sof byurokratik va rasmiy talablarga javob berishdan tashqari, sifatni taʼminlash tizimining boshqa barcha jihatlarini bogʻlaydigan hamda ushbu tizimga qoʻshimcha qiymat beradigan katta boʻgʻindir.

 

Oʻzbekistonda

Yevropa komissiyasi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilgan UZDOC loyihasining nashr etilgan natijalarida [6] Oʻzbekistonda doktorantura taʼlimi sifatini taʼminlashga doir quyidagi tavsiyalar berilgan:

  1. Oliy taʼlim muassasalarida sifat madaniyatini rivojlantirishga koʻmaklashish.
  2. Doktoranturada taʼlim sifatini taʼminlash strategiyasini ishlab chiqish.
  3. Oliy taʼlim muassasalarida doktoranturani qoʻllab-quvvatlash tuzilmalarini yaratish.
  4. Sifatni taʼminlash xizmatlarini yanada rivojlantirishni taʼminlash.
  5. Ilmiy rahbarlik sifatini oshirish.
  6. Doktorantlarni sifatni taʼminlash tizimiga jalb qilish.
  7. Sifatni taʼminlash va sifat nazorati masalalarida oliy taʼlim muassasalarining mustaqilligi va javobgarligi darajasini oshirish.

Mamlakatimizda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning samaradorligi qoʻshni davlatlarda boʻlgani kabi, oʻz vaqtida dissertatsiya himoya qilgan doktorantlar sonining barcha doktorantlar soniga nisbatan foizlardagi ulushi bilan ifodalanadi. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni ushbu sohada toʻplangan ilgʻor xorijiy tajribalar asosida tashkil etish zarurati undagi samaradorlikni aniqlashga boʻlgan yondashuvni ham oʻzgartirishni taqozo qilmoqda. Zero, sifatni taʼminlash tizimini tashkil etuvchi komponentlar va tavsiyalardan tashqari, sifatni taʼminlash bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan, ammo har qanday yuqori darajadagi doktorantura taʼlimining ajralmas qismi hisoblangan boshqa elementlar ham mavjud. Bular, xususan, doktoranturaga qabul qilish, roʻyxatga olish va tanlash tartibi; doktorantlarni tayyorlashning turli jihatlarini tartibga soluvchi tavsiyalar va qoidalar; shaffof va oldindan belgilangan baholash mezonlari, ichki tartib-qoidalar va amaliyot kodekslarini ishlab chiqish, fanlararo koʻnikmalarni rivojlantirish, ilmiy loyiha va gʻoyalarni muhokama qilishdan iborat ichki seminarlar, dissertatsiya himoyasini tashkil etishda yuqori standartlarni saqlash va hokazolar doktorantura taʼlimining yuqori sifatini taʼminlashda katta ahamiyatga ega boʻlib, ularning kiritilishi ushbu tizimning umumiy sifatini oshiradi.

 

Xulosa oʻrnida

Olib borilgan oʻrganish va tahlillar taʼlim tizimi va uning alohida bosqichi boʻlgan oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning samaradorligini taʼminlashga turli yondashuvlar mavjudligini koʻrsatdi. Bunda bizning respublikamizda va MDH mamlakatlarida hozirda ham amalda boʻlgan samaradorlikni baholash yondashuvi biryoqlamalik tavsifiga ega ekanligi maʼlum boʻldi. Samaradorlikni dissertatsiyani oʻz vaqtida himoya qilganlarning salmogʻi bilan oʻlchash yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar sifatini va ularning jamiyat uchun foydalilik darajasini baholash imkoniyatini bermasligi aniqlandi.

Doktorantura orqali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashning sifat va samaradorligini taʼminlash uchun faqat doktoranturadagi jarayonlarni takomillashtirish kifoya qilmasligini bugun dunyo tajribasi koʻrsatib turibdi. Buning uchun doktorantura faoliyat koʻrsatayotgan taʼlim muassasasida (universitet, institut) sifat madaniyatini joriy etish zarur.

Taʼlim tizimi rivojlangan Yevropa mamlakatlarida yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash jarayonlarini tashkil etish va bunda sifat va samaradorlikni taʼminlashga doir qoʻllanilayotgan yondashuv va mexanizmlarni mamlakatimiz taʼlim tizimining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, doktorant va mustaqil tadqiqotchilarni tayyorlash tizimiga joriy etish lozim. Bunda Yevropa komissiyasi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilgan UZDOC loyihasining Oʻzbekistonda doktorantura taʼlimi sifatini taʼminlashga doir tavsiyalaridan unumli foydalanish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Зулкарнай И.У. Российские вузы в глобалных рейтингах / И.У.Зулкарнай, Г.Р.Ислакаева //Высшее образование в России. – 2015. – № 12. – С. 13–21.
  2. Калинина И.А. Специфика и эффективност подготовки научно-педагогических кадров в аспирантуре в контексте развития и модернизатсии образования / И.А.Калинина // Актуалные проблемы психологического знания. – 2014. – № 3. – С. 82–89.
  3. Методика расчета показателей мониторинга эффективности образователной деятелности организатсий высшего образования 2016 года (АК-6/05вн от 21.03.2016) [Электронный ресурс]: официалный сайт Минобрнауки РФ. – http://stat.miccеду.ру/инфо/мониторинг15/%Д0%90%Д0%9А-

6_05%Д0%Б2%Д0%БД%20%Д0%БE%Д1%82%2021.03.2016.пдф

  1. Бедный Б.И. Осенка эффективности подготовки научных кадров в аспирантуре: электронное учебно-методическое пособие / Б.И.Бедный, Т.В.Серова. – Нижний Новгород: Нижегородский госуниверситет, 2012. – 136 с.
  2. Шестак В.П. Аспирантура как третий уровен высшего образования: дискурсивное поле / В.П.Шестак, Н.В.Шестак // Высшее образование в России. – 2015. – № 12. – С. 22–33.
  3. Further development of doctoral education in Uzbekistan. Recommendations for quality assurance in doctoral education in Uzbekistan. / Outcomes of the UZDOC project. / — 1.2.uzdoc-publication-oct2016-singlep.pdf.
Ulashing
          
Jurnal 2023-yil 3-soni

Post menyusi

Previous Post: 13. Rayhona Toʻxtayeva. FAN OLIMPIADALARIDA GʻOLIB BOʻLMOQCHIMISIZ? UNDA BU MAQOLA AYNAN SIZ UCHUN!
Next Post: 11. Risolat Maxsimova. XALQARO REYTINGLARDA OʻRIN EGALLASH VA UNI YAXSHILASHNING SINALGAN USULLARI

Fikr bildirish Javobni bekor qilish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

So‘nggi maqolalar

  • «O’zbekistonda oliy ta’lim» jurnalida reklama berish talablari va tariflari
  • ENG KATTA IXTIROLAR FANLAR CHORRAHASIDA PAYDO BOʻLADI
  • RAQAMLI DUNYODA OLIY TAʼLIM: UNDA NIMALAR OʻZGARDI?
  • ILMIY MAKTABLAR — QADRIYATLAR UZVIYLIGINI IFODALOVCHI MODEL SIFATIDA
  • AVSTRALIYA OLIY TAʼLIMI: JAMIYAT TARAQQIYOTINING NEGIZI
  • TAʼLIM MUAMMOLARI YECHIMI — TARAQQIYOT GAROVI
  • JURNALISTIK TAʼLIM NIMAGA TAYANISHI KERAK?
  • PROFESSOR-OʻQITUVCHILARNING YUKLAMASI TAQSIMOTIGA OID XORIJ TAJRIBASI
  • TURKIYA RESPUBLIKASIDA OLIY TAʼLIM TIZIMI VA UNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
  • YANGI AVLOD OʻQUV ADABIYOTLARI QANDAY BOʻLISHI KERAK?

Сўнгги мақолалар

  • «O’zbekistonda oliy ta’lim» jurnalida reklama berish talablari va tariflari
  • ENG KATTA IXTIROLAR FANLAR CHORRAHASIDA PAYDO BOʻLADI
  • RAQAMLI DUNYODA OLIY TAʼLIM: UNDA NIMALAR OʻZGARDI?
  • ILMIY MAKTABLAR — QADRIYATLAR UZVIYLIGINI IFODALOVCHI MODEL SIFATIDA
  • AVSTRALIYA OLIY TAʼLIMI: JAMIYAT TARAQQIYOTINING NEGIZI
  • TAʼLIM MUAMMOLARI YECHIMI — TARAQQIYOT GAROVI
  • JURNALISTIK TAʼLIM NIMAGA TAYANISHI KERAK?
  • PROFESSOR-OʻQITUVCHILARNING YUKLAMASI TAQSIMOTIGA OID XORIJ TAJRIBASI
  • TURKIYA RESPUBLIKASIDA OLIY TAʼLIM TIZIMI VA UNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
  • YANGI AVLOD OʻQUV ADABIYOTLARI QANDAY BOʻLISHI KERAK?

Arxivlar

  • Yanvar 2024
  • Dekabr 2023
  • Oktabr 2023
  • Sentabr 2023
  • Yanvar 2023
  • Noyabr 2022
  • Sentabr 2022
  • Avgust 2022
  • May 2022

Ruknlar

  • E'lonlar
  • FIKR
  • ILM-FAN
  • Jurnal 2023-yil 3-soni
  • Jurnal 2023-yil 4-soni
  • MUNOSABAT
  • OLIY TAʼLIM ISTIQBOLLARI
  • Tabrik
  • TADQIQOT
  • TAHRIRIYAT MINBARI
  • XORIJDA OLIY TAʼLIM

Рукнлар

  • E'lonlar
  • FIKR
  • ILM-FAN
  • Jurnal 2023-yil 3-soni
  • Jurnal 2023-yil 4-soni
  • MUNOSABAT
  • OLIY TAʼLIM ISTIQBOLLARI
  • Tabrik
  • TADQIQOT
  • TAHRIRIYAT MINBARI
  • XORIJDA OLIY TAʼLIM

Yangi sharxlar

  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "Usmonov Aslam"ga

Янги шархлар

  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "admin"ga
  • “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnal 2022-yil 4-soni uchun maqolalar tanlovini eʼlon qiladi! "Usmonov Aslam"ga
Iyun 2025
Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30  
« Yan    

O’zbekistonda Oliy ta’lim jurnali haqida

«O‘zbеkistonda oliy ta’lim»
ilmiy-ommabop jurnalida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga oid umumiy masalalar va muammolarga bag‘ishlangan hamda soha taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ilmiy tahlil, takliflardan iborat maqolalar e’lon qilinadi.

Batafsil >

Navigatsiya

  • Bosh sahifa
  • Jurnal
    • Jurnal haqida
    • Tahririyat jamoasi
    • Normativ-huquqiy hujjatlar
  • Maqolalar
  • Nashrlar
    • 2022-yildagi nashrlar
      • 2022-yil 1-soni
      • 2022-yil 2-soni
      • 2022-yil 3-soni
      • 2022-yil 4-soni
    • 2023-yildagi nashrlar
      • 2023-yil 1-soni
      • 2023-yil 2-soni
      • 2023-yil 3-soni
      • 2023-yil 4-soni
    • 2024-yildagi nashrlar
      • 2024-yil 1-soni
      • 2024-yil 2-soni
      • 2024-yil 3-soni
  • Konferensiya
  • Talabnoma
  • Bog’lanish

BOG’LANISH

Manzilimiz:
Toshkent shahri, Shifonur ko’chasi, 75 uy
Elektron pochta:
rmxat@edu.uz
info@rmedu.uz
Telefon:
(+998 71) 207-03-43
Telegram Botga
murojaat
Metro: Beruniy

Xaritadan ko’rish

Copyright © 2025 O‘zbekistonda oliy ta'lim jurnali.

Powered by отдел ИКТ