Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida anʼanaviy tarzda Respublika fan olimpiadalari oʻtkazib kelinmoqda. Bilimi zoʻrlar bahsida eng kuchlilargagina gʻoliblik nasib etmoqda. Bu gal siz uchun joriy yilgi Respublika olimpiada bilimdonlarining fan olimpiadasiga tayyorgarlik davomida duch kelgan qiyinchiliklari, ularni yengishdagi oʻz uslubi, sohasi kelajagini qanday koʻrishi-yu bu kabi tanlovlarda qatnashishning ijobiy hamda salbiy tomonlari haqidagi fikrlarini bir yerga jamladik.
Sohibjamol Mirzaqandova,
Fizika fani boʻyicha Respublika fan olimpiadasi gʻolibi
— Bolaligimdan fizika fanidan bilimlar bellashuvi va fan olimpiadalariga qatnashib kelaman. 7-8-sinfligimda bu fan menga biroz murakkabdek tuyulardi, ammo ustozlarim bilan shugʻullanib, 9-sinfda oʻqiydigan paytlarimda abituriyentlar qatori qoʻshimcha kurslarga qatnashni boshladim. Ilk yutugʻim shu yili fizika fanidan oʻtkazilgan fan olimpiadasining shahar bosqichida 1-oʻrinni egallash bilan boshlandi. Bilasizmi, bir marta gʻolib boʻlgan kishi uchun keyingi bellashuvlar yanada masʼuliyatli boʻladi. Negaki undan keyingi harakatlar endi bayroqni hech kimga berib qoʻymaslik va gʻoliblik muddatini uzaytirish uchun boʻladi. Shu tariqa 10-sinfligimda iqtidorli oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan Innovatsion fan olimpiadasining Respublika bosqichida 2-oʻrin sohibasi boʻldim. Fan olimpiadalarida muntazam qatnashib, oʻz ustimda ishlaganim bois 2019-yil Davlat test sinovlaridan yuqori ball toʻplab, 1-oʻrinda grant asosida talabalikka tavsiya etildim.
Yurtimizda fizika fani va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun Prezidentimiz qaroriga muvofiq, barcha viloyat Barkamol avlod maktablarida STEM fizika klublari tashkil etildi. Oʻtgan yil ushbu klubga rahbarlik qildim. Faoliyatim davomida oʻquvchilar bilan turli tajribalar oʻtkazdik. Klub doirasida olimpiada va “Men kichik tadqiqotchiman” tanlovini tashkil qildik va unda oʻquvchilar turli ixtiro va kashfiyotlari bilan qatnashib, oʻz iqtidorlarini koʻrsatishdi.
Bugun fizika fanini toʻrt devor oʻrtasida oʻrgatish oʻzini oqlamaydi, zamonaviy bilimlardan chetda qolmaslik uchun fanlararo integratsiyani yoʻlga qoʻyishimiz va asosiy eʼtiborni amaliy tajribalar qilishga qaratishimiz lozim. Zero, biror muammoga yechim topish uchun nazariy bilimlarning oʻzigina yetarli emas.
Fan olimpiadasida qatnashishning ham oʻziga yarasha masʼuliyatli va foydali tomonlari bor. Bu kabi tanlovlar bois oʻquvchi va talabalarda fikrlash, tanqidiy tahlil qilish qobiliyati, kreativlik va kognitivlik xususiyatlari rivojlanadi. Chunki oʻquvchi masalaning yechimini toʻgʻri topish uchun, avvalo, masala shartini toʻgʻri tushunishi va tahlil qila olishi kerak. Masala shartiga mos chizmani chizish kreativlikni, formulalarni keltirib chiqarish esa tahlil qila olish koʻnikmalarini talab qiladi. Yaʼni olimpiadaga qatnashish barcha fanlardan olgan bilimlarni umumlashtirish, masalaga yechim topish va kerakli xulosalarga kelishda yordam beradi.
Noʻmonjon Sultonov,
Biologiya fani boʻyicha Respublika fan olimpiadasi gʻolibi
— Hech bir muvaffaqiyat oʻz-oʻzidan va osonlik bilan qoʻlga kiritilmaydi. Shu maʼnoda, olimpiadadagi yutugʻimiz zamirida ham katta mehnat, izlanish va harakat bor. Boisi, bilim olish qanchalik murakkab jarayon boʻlsa, undan toʻgʻri foydalanish ham bir mahorat va masʼuliyatni talab qiladi. Fan olimpiadalari esa ayni shu jarayonni baholab beruvchi juda muhim bellashuv. Unda 4 yil davomida olgan bilimlarimizni sinovdan oʻtkazamiz. Olimpiada davomida koʻpchilikda boʻlgani kabi menda ham baʼzi esdan chiqishlar, hisob-kitoblardagi ayrim yanglishishlar, darsliklarni qayta koʻrib chiqish uchun muddat yoʻqligi kabi turli qiyinchiliklar boʻldi. Ammo bu qiyinchilik va xatoliklar inson uchun faqat va faqat foyda keltiradi — oʻzining ustida ishlashga undaydi. Muhimi, muammoga duch kelgach, undan toʻgʻri xulosa chiqarish va uni takrorlamaslikka harakat qilish kerak.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda biologiyaning turli sohalari va shunga yondosh yoʻnalishlar, qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi koʻplab tarmoqlarda turli muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlar hozirda qoʻllanilayotgan koʻplab sunʼiy va kimyoviy usulda olinayotgan mahsulotlarning oʻrnini bosuvchi muqobil mahsulotlarni tabiiy xomashyolardan olish ustida izlanishlar olib borishmoqda. Bu kabi innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida yurtimizda koʻplab laboratoriyalar, ilmiy-tadqiqot institutlarining ochilishi biz kabi yosh olimlarning qiziqishlarini yanada oshiradi.
Ammo baʼzi kamchiliklar ham borki, ularni hal etish soha taraqqiyotini tezlashtiradi. Xususan, foydalanayotgan darsliklarimizdagi aksariyat maʼlumotlar eskirgan va koʻplab chet davlatlarda allaqachon tizimdan chiqarib yuborilgan. Ilmiy manbalarimiz faqatgina faktlar emas, balki talabani fikrlashga undaydigan maʼlumotlar bilan ham boyitilishi kerak. Bundan tashqari, yoshlarimizni diplom olish, universitetga kirish kabi yuzaki maqsadlardan koʻra haqiqiy ilm olishga qiziqtirishimiz lozim.
Fan olimpiadalariga maktab davrimdanoq qiziqa boshlaganman. Maktab paytimdagi olimpiada meni koʻp jihatdan tarbiyalagan. Jumladan, olimpiadaga tayyorgarlik jarayonida tizimli ishlashni oʻrganganman. Yaqinda oʻtkazilgan fan olimpiadasida gʻolib boʻlganim uchun imtiyozli tarzda magistratura bosqichiga oʻqishga qabul qilindim va bu mening ilmiy rivojlanish tomon bosgan yana bir muhim qadamim hisoblanadi. Bu men uchun eng katta ragʻbat va motivatsiya boʻldi, ammo shu natija bilangina cheklanib qolish niyatim yoʻq.
Otabek Esanov,
Informatika va AKT fani boʻyicha Respublika fan olimpiadasi gʻolibi
— Axborot texnologiyalari sohasi kun sayin rivojlanib borayotgan davrda yashayapmiz. Bu sohaga oid bugungi bilimlar bir kundayoq eskirib qolyapti. Fursatdan foydalanib qolmasak, koʻp narsani qoʻldan chiqarib qoʻyishimiz muqarrar. Bir kun bilim olishdan, izlanishdan toʻxtab qolgan kishi ertagayoq oʻziga notanish yangi bilim, tushunchaga duch kelib, qiyin bir vaziyatga tushib qolishi mumkin. Fan olimpiadasida ham baʼzi savollar men uchun yangi boʻldi. Ayniqsa, amaliy (dasturlash masalalari) qismida yangi turdagi algoritm va metodlarni muntazam oʻrganib borishim kerakligini tushundim.
Oʻzbekiston taʼlim tizimini rivojlantirishda oʻquvchilar, pedagoglar va hatto taʼlim muassasalari orasidagi sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirish har bir oʻquvchiga nazariy bilimlar bilan birga, amaliy koʻnikmalarni ham berib borish, ularning har bir fanga oid umumiy tushunchalarini samarali shakllantirishda muhim rol oʻynaydi. Shuningdek, har qaysi sohaning rivoji uchun oʻsha soha fidoyilari, olimlarni yetarlicha qoʻllab-quvvatlash, imkoniyat yaratib berish va oʻz oʻrnida ragʻbatlantirib turish kerak.
Turli grantlar, tanlovlar talabalar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga asos boʻla oladi. Ularni bir maqsad yoʻlida birlashtiradi. Har bir ajratilgan grant va tashkillashtirilgan tanlovlar qoʻshimcha imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu esa yosh olimlarning ilmiy ishlarini, yosh tadbirkorlarning esa startap loyihalarini amalga oshirishiga yordam beradi.
Oybek Akramov, Informatika va AKT fani boʻyicha Respublika fan olimpiadasi gʻolibi
— Olimpiada borasida menda aytarli muammolar, qiyinchiliklar boʻlmadi. Ammo har bir narsaning oʻziga yarasha mushkul tomonlari boʻlgani kabi, tanlovga tayyorgarlik ham maʼlum miqdorda sabr va chuqur izlanishni talab qildi. Bu harakatlar, avvalo, fanning nozik jihatlarini chuqurroq oʻrganish va koʻnikma hosil qilishga zamin yaratdi. Oʻylaymanki, baʼzan qiyin yoki ilojsiz tuyulgan muammolarga yechim topish men va safdoshlarimda ajoyib ishtiyoqni uygʻotgan.
Barchamizga maʼlumki, IT sohasi dunyo boʻylab juda tez rivojlanmoqda. Jahon miqyosida, shuningdek, yurtimizda ham ushbu sohaga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnuniyat tuygan holda, shuni ayta olamanki, ushbu sohani rivojlantirishning eng samarali yoʻli mazkur yoʻnalishda oʻqib-izlanayotgan yosh isteʼdodlarni birlashtirish va ularni aniq maqsadlarga yoʻnaltirishdan iborat. Bunga, albatta, moddiy taʼminot va tashabbuskorliksiz erishishning imkoni yoʻq.
Garchi ushbu olimpiada gʻolibligining kelajak faoliyatimga katta taʼsiri bor deb hisoblamasam-da, natijadan koʻra unga erishish yoʻlida egallagan bilim va koʻnikmani koʻproq qadrlayman. Ishonamanki, bu kelajakda katta imkoniyatlar eshigining ochqichi oʻlaroq xizmat qiladi. Ushbu tanlovlarga tayyorlanish jarayonida har bir talaba kelajak uchun foydali koʻplab narsalarni oʻrganishga muyassar boʻladi hamda bu kabi sovrin va mukofotlar ularda fanga nisbatan kuchli ishtiyoqni uygʻotishi bilan ham ahamiyatlidir.
Sarvar Amirov,
Fizika fani boʻyicha Respublika fan olimpiadasi gʻolibi
— Rostini aytsam, olimpiada davomida aytarli qiyinchiliklarga duch kelmadim. Chunki men oʻz kuchimga va bilimimga ishonardim. Odatda fizika yoki boshqa fanni biror bir tanlovda qatnashish uchun oʻqimayman. Binobarin, bu olimpiada uchun ham maxsus tayyorgarlik koʻrganim yoʻq. Fizika fani menga yoqqanligi sababli universitetdagi 4 yillik taʼlim olish davomida bu fanni yaxshi oʻqishga imkon boricha harakat qildim. Bu yutugʻimni shu oʻzlashtirilgan bilimlarning natijasi deb oʻylayman. Olimpiadalarda gʻolib boʻlish uchun bilim bilan birga, jangovarlik ruhi ham katta rol oʻynaydi.
Respublikamiz taʼlim tizimida fizika fani yetarlicha qadrlanmaydi, nazarimda. Talabalarda bu fanni mukammal oʻrganishga istak bor, ammo bu xohishni toʻla amalga oshirish uchun kuchli motivatsiya yetishmaydigandek. Aksariyat talabalar fizikani chuqur oʻrganib katta yutuqlarga erishish mumkinligiga ishonmaydi. Shuning uchun ham fizika sohasi mamlakatimizda keng rivojlanmayapti. Bu narsa juda ham yomon, mening nazdimda. Fizika, qolaversa, barcha tabiiy fanlar eng muhim sohalar hisoblanadi va bularning rivojiga katta eʼtibor berishimiz kerak. Mamlakatimizda aynan fizika faniga eʼtibor berilmasa, deyarli hech bir sohada katta yutuqlarga erishib boʻlmaydi. Misol uchun, kuchli muhandislar va injenerlarni yetishtirib chiqarolmaymiz. Natijada, hech bir maishiy texnikalarimiz oʻzimizning davlatda ishlab chiqarilmaydi. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Fan olimpiadasi gʻolibligining kelajakdagi faoliyatimga katta taʼsiri bor, deb oʻylamayman. Ammo gʻoliblik menga imtihonsiz magistraturaga kirish imkonini berdi. Bundan tashqari, grant yutishim va chet eldagi TOP universitetlaridan birida tahsil olishim uchun foyda bersa, xursand boʻlardim.
Sunnat Oʻrinov,
Biologiya fani boʻyicha Respublika fan olimpiadasi gʻolibi
— Fan olimpiadasi yuqori saviyali tanlov hisoblanadi va unda ishtirok etish turli xil qiyinchiliklar keltirib chiqarishi tabiiy hol. Chunki bu yerda respublikaning turli hududlaridan oʻz bilimiga ishongan talabalar bosh sovrin uchun mavjud imkoniyatlarini ishga solgan holda qatnashishadi. Ammo bu kabi xavotirlardan qoʻrqmagan holda, maqsadim yoʻlida davom etdim. Men duch kelgan qiyinchiliklarga baʼzi ilmiy terminlarning yoddan chiqishi, laboratoriya mashgʻulotlaridagi ishlarning ketma-ketligi, hayajon va shunga oʻxshash yana boshqa holatlarni misol qilib keltirishim mumkin. Tanlovda gʻolib boʻlganligim sababli oʻzimga boʻlgan ishonch yanada oshdi va shunday tanlovlarda yana qatnashish istagi paydo boʻldi. Oʻzimdan quyi kursda taʼlim olayotgan talabalarni ham shunday olimpiadalarda ishtirok etishga chorlab qolaman.
Hozirgi kunda aniq fanlarga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda. Ayniqsa, bizning sohada juda koʻplab tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Qilinayotgan ishlar biz kabi yoshlarning gʻayratini yanada oshiradi. Agar shu ketishda davom etsak, yaqin yillarda bizda dunyo miqyosida koʻplab olimlar yetishib chiqishiga ishonchim komil. Biz kabi yosh olimlarga sharoit yaratib berilsa, bildirilgan ishonchni albatta oqlaymiz. Taʼlim tizimini rivojlantirish uchun taʼlim sohasiga yanada koʻproq investitsiya kiritilishini va pedagog xodimlarning koʻproq qadrlanishini xohlardim.
Olimpiada — bu yutuqlarning boshlanishi. Dastlabki marra zabt etildi, endi keyingi moʻljal yuksak choʻqqilar boʻladi. Bu kabi olimpiada va tanlovlarning koʻpayishi, unda qatnashishga harakat qilayotgan yoshlar sonining ortishi yurtimizda ilmga boʻlgan qiziqishning oshishidan darak beradi. Buning natijasida koʻpchilik yoshlar oʻz yoʻlini topib ketmoqda. Bu yoʻlda qilinishi kerak boʻlgan eng katta ishlardan biri munosib ilmiy rahbar tanlash va uning koʻrsatgan yoʻnalishi boʻyicha eng yangi bilimlarni kam-koʻstsiz egallash hisoblanadi. Men ham ustozlarimga havas qilgan holda, ilm yoʻlini tanlaganman. Bu sohada natija koʻrsata olishimga yanada ishonchimni oshirgan narsa, shubhasiz, olimpiada boʻldi.
Asadbek Qarshiyev,
Informatika va AKT fani boʻyicha Respublika fan olimpiadasi gʻolibi
— Har bir ishning oʻz mashaqqati boʻlgani kabi, tabiiyki, olimpiadaga tayyorlanish jarayonida ham birmuncha qiyinchiliklarga duch kelish mumkin. Masalan, men tayyorgarlikning boshida oʻzimda motivatsiya topa olmadim. Baʼzida biror qiyin masala yoki muammoga duch kelsam, olimpiadaga tayyorlanish uchun ishtiyoqim soʻngandek boʻlardi. Ammo bilardimki, har bir sohaning mutaxassisi boʻlish uchun izlanishdagi muntazamlik juda muhim. Shu sababdan har qanday vaziyatda oʻzimda kuch topib, uzluksizlikni saqlash va olgʻa intilishga harakat qildim.
Hammamiz guvohi boʻlib turganimizdek, soʻnggi yillarda xoh maktab, xoh oliygohda boʻlsin, fan olimpiadalariga boʻlgan eʼtibor ortib bormoqda. Ayta olamizki, bu saʼy-harakatlar oʻz mevasini ham bera boshladi. Biroq, oʻylashimcha, ushbu sohalarga boʻlgan eʼtibor yanada kuchaytirilishi kerak. Chunki zamonaviy, jumladan, bizning fanlardan oʻzbek tilidagi materiallar juda kam va bu soha rivojlanishiga oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatmasdan qolmaydi. Taʼlimga kiritilgan sarmoyalar uzoq yillardan keyin oʻzini oqlashni boshlaydi. Shunga qaramay, koʻproq sarmoya jalb qilinishi kerak. Uning samarasi ham shunga yarasha boʻladi. Yoshlarni ragʻbatlantiruvchi har xil olimpiadalar sonini yanada oshirish va natijaga erishgan yoshlarni yaxshigina ragʻbatlantirib, ommaga tanitish kerak.
Har bir insonning hayotida tub burilish yasaydigan voqealar boʻladi. Mening hayotimda ham olimpiadalar xuddi shu rolni oʻynagan. Maktab paytidan matematika fanidan olimpiadalarga qatnasha boshlaganman va 7-sinf oʻquvchisi ekanligimda Respublikada 1-oʻrinni olganman. Shundan keyin hayotim butunlay yaxshi tomonga oʻzgargan va yangi bilimlarni oʻrganishda davom etishimga sabab boʻlgan. Joriy yildagi olimpiadada Informatika va axborot texnologiyalari fanidan 1-oʻrinni qoʻlga kiritishim menga keng imkoniyatlar eshigini ochdi, deya olaman. Jumladan, endilikda men yurtimizdagi istalgan oliygohga magistratura bosqichiga grant asosida oʻqishga kirishim mumkin. Bu kelgusida kattaroq marralarni zabt etishim uchun muhim qadam ekanligiga ishonaman.
Rayhona TOʻXTAYEVA yozib oldi.