Shaxodat OBIDOVA, Buxoro davlat pedagogika instituti doktoranti, Ingliz tili va adabiyotini oʻqitish metodikasi kafedrasi oʻqituvchisi |
Taʼlim har bir jamiyat rivojining asosi hisoblanadi. U bilim, koʻnikma va malakalar berish bilan birga, qadriyatlarga ega va texnologik jarayonlarni boshqaradigan hamda oʻrnatadigan inson kapitalini yaratish uchun asosdir. Taʼlim, oʻz navbatida, innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanish jarayonida muhim omil hisoblanadi.
Sifatli taʼlim oʻquvchiga berilgan bilimni idrok eta bilishi va uni real hayotdagi muammoli vaziyatlarni hal qilishda qoʻllay olishi bilan oʻlchanadi. Anʼanaviy maʼruza usuli qanchalik qiziqarli boʻlmasin, bunda oʻqituvchi faolligi yuqori boʻlib, oʻquvchi materialni mustaqil qoʻllay olmagani bois oʻzlashtirish koʻrsatkichi ham pasayadi. Shuningdek, maʼruzalarda qoʻllanilayotgan yangilanmagan maʼlumotlar internet ijtimoiy tarmoqlarida faol boʻlgan talabalarni qiziqtirmay qoʻyishi mumkin. Albatta, bu tarzda kurs uchun oʻzlashtirish maqsadlariga toʻla erishib boʻlmaydi.
Shuning uchun bugun, birinchi navbatda, mavjud oʻqitish metodlarini isloh qilish va bunda optimal usullarni tanlash, talaba qiziqishidan kelib chiqib, kurs dasturi tayyorlash muhim hisoblanadi. Bunda oʻqish jarayonini tashkillashtirishda innovatsion taʼlim usullarini qoʻllash boʻshliqlarini aniqlash talab qilinadi.
Talabalar psixologiyasi, uning bilim darajasini diagnostik testlar orqali aniqlash va farqlangan taʼlimni tashkil etishda innovatsion usullarni qoʻllash oʻrinlidir. Hayotning har bir jabhasida talabadan ish, texnologiya, madaniy turmush tarzi va atrof-muhitda kutilmagan vaziyatlardagi topqirlik, zukkolik, tezkorlik, tanqidiy baholash, yaratuvchanlik malakalarini takomillashtirishni davrning oʻzi talab qilmoqda.
Garchi maʼruza qilish oliy taʼlimda qoʻllaniladigan sinalgan usul boʻlsa-da, bugun u oʻzini deyarli oqlamayapti. Bu masalada koʻplab oʻzbek va xorij olimlari ilmiy izlanishlar olib borgan.
Hind olimi Shobhana Puranik (2020) oʻz ilmiy izlanishlarida oʻrganuvchiga yoʻnaltirilgan taʼlimni yangi usullar bilan boyitishni tavsiya etgan. Yoʻnaltirilgan taʼlim bilim berishda samarali va aksincha, baʼzan chuqur idrok etish, muammoni mustaqil hal qila olishga biroz cheklov qoʻyadi va ijodkorlikni qoʻllab-quvvatlamaydi. Shu sababli innovatsion usullar yuqorida keltirilgan sifatlarni rivojlantirishda oʻrinlidir.
Talabalarga koʻp qismli oʻqish materialini arrali oʻqish usuli orqali berish maʼlumotlarning har biridagi oʻziga xoslikni anglash, kamchiliklarni tuzatishga imkon beradi. Bunday oʻrganish davomida oʻqituvchining talabalarni kuzatib borishi oʻrganuvchi duch kelishi mumkin boʻlgan muammolarni osonlik bilan anglashga va bartaraf etish choralarini koʻrishga koʻmaklashadi.
Rivojlanishning asosiy motivi — yangicha oʻqitish va oʻqitish uslublari darsda guruhning barcha oʻquvchilari faol ishtirok etishi va bir-biriga ijobiy maʼnoda taʼsir qilishiga omil boʻladi. Auditoriyada shunchaki tinglash va boʻsh oʻtirish emas, maksimal bilim miqdorini yetkazish yoki qabul qilish fazasiga oʻtiladi.
Innovatsion taʼlim berish
Oʻqitish metodologiyasi boʻyicha koʻplab tadqiqotlarda taʼlim ijtimoiy oʻzgarishlar qilish va jamiyatdagi barcha shaxslarni yuksaltirishning samarali vositasi ekanligi asoslangan. Taʼlim sifatini nazorat qilish asoslarini ishlab chiqish va qabul qilish orqali bu sohani yanada yaxshilash mumkin. Dars mashgʻulotlari mazmunini qiziqarli qilish, shuningdek, ragʻbatlantirish uchun innovatsion oʻqitish amaliyotini qoʻllash zarurdir.
Globallashuvning kuchayishi oʻqituvchilardan ham texnologik oʻzgarishlarga moslashish va murakkab muammolarni hal qilish uchun yangi ehtiyojlarni qondirish qobiliyatini rivojlantirishni talab qilmoqda. Ushbu muammoni hal qilishda oʻqitishning faol usullari alohida oʻrin egallaydi. Bunda qoʻl keladigan uslublardan biri esa nazariy va amaliy koʻnikma, malakalarni amalda qoʻllash oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrnatishga urgʻu beradi. Birinchi navbatda, talabalarga dars mazmunini tushunishiga imkon berish va koʻmaklashish zarur. Ushbu faol usullardan foydalangan holda, talabalarning turli tashqi va ichki oʻzgaruvchanligini hisobga olib, loyiha ssenariylarini baholash talab qilinadi. Shunday qilib, faol innovatsion uslublar asosiy tushunchalarni oʻzlashtirishni yaxshilaydi, chuqur va ijodiy oʻrganishni ragʻbatlantirish bilan birga, jamoada ishlash va muloqot qobiliyatlarini rivojlantiradi.
Multimedia vositalaridan foydalanish
Bugungi raqamli multimedia asri muloqotning eng qudratli yoʻli hisoblanadi. Koʻp oʻqituvchilar materiallar tayyorlashda audio, video, foto manbalardan muntazam dars jarayonlarida foydalanmoqda. Bu bilimlarni yetkazishda eng samarali yoʻl hisoblanadi. Anʼanaviy taʼlim yondashuvlari esa oʻqitiladigan narsalar oʻrtasidagi nomuvofiqlikka olib kelishi mumkin. Kadrlardan kelajakda ish beruvchi tomonidan talab qilinadigan koʻnikmalar: ijodkorlik va tahlil mahoratini oshirish uchun talabalarning muammoni hal qilish qobiliyati, muammoli oʻqitish taʼlim usuli koʻplab muassasalar tomonidan qabul qilingan.
Kurs materiallari taqdimot usulida tayyorlansa, maʼruza mazmuni yetkazilishi taʼsirchanligi oshadi. Multimedia vositalari talabga muvofiq va audio-vizual taqdimot tarzida amalga oshiriladi. Talabalar mazmunni tushunadilar va taqdim etilayotgan koʻrgazmaga eʼtibor berishadi, natijada bu maʼlumot xotirada uzoqroq saqlanadi.
Multimedia texnologiyalaridan Power Point, Prezi.com, Slidesgo platformalari eng qulay variantlar hisoblanadi. Bundan tashqari, YouTube tarmogʻida dars jarayonlarini tashkil etish, yuklash, ommalashtirish eng samarali yoʻllardandir. Shu bilan birga, xorijiy tillarni oʻqitishda quizziz.com platformasi motivatsion musiqa, rang-barang dizayn va savollar formati xilma-xilligi, qolaversa, talabaga oʻzining xatolarini kuzatishni oʻrgatishi bilan alohida ajralib turadi.
Rolli oʻyinlar
Rol oʻynash — bu talabalarga oʻquv materiali mazmunini ochiq koʻrsatish vaqtida darhol qoʻllash imkonini beradigan kuchli vositadir. Misol uchun, diskurs tahlil moduli murakkab hisoblanib, nutq domeni tiplari mavzusida chuqur ilmiy tahlil, tasodifiy dialoglar tuzish, unda muloqotga kirishuvchilar, ularning holatlari, imo-ishoralari, nutqdan maqsadlari kabi ilmiy tushunchalarni anglashda oson usul hisoblanadi. Albatta, bu usul darhol qaror qabul qilishi kerak boʻlgan qaror qabul qiluvchi rolida va resurslarni optimal taqsimlashda qoʻl keladi. Ushbu texnika talabalarni jalb qilish uchun ajoyib vosita va oʻz tengdoshlari bilan muloqot qilishlariga imkon berishni taqozo etadi. Chunki ular oʻzlariga yuklangan vazifani muayyan rol orqali bajarishga harakat qilishadi. Taʼlim maqsadlariga oʻqitishning rolli oʻyin texnikasi orqali yaxshiroq erishish mumkin va murakkab boʻlgan ilmiy tushunchalar mazmunini talabalar yaxshiroq tushunadilar. Bu jamoaviy ishlash va oʻzaro hamkorlikni yaxshilashga olib keladi.
Rolli oʻyin talabalarga fanni akademiklar shaxsiy ishtiroki orqali oʻrganishga yordam beradi. Koʻpgina oʻqituvchilar bunday rolli oʻyinlardan samarali foydalanadi. Auditoriyadagi shaxslararo muammolarni hal qilishda yordam berish va insoniy munosabatlar koʻnikmalarini oʻrgatish pirovard maqsad hisoblanadi. Adabiy asarlarni tahlil qilishda hozirgi va tarixiy voqealarni dramatizatsiya orqali samarali tushuntirish mumkin. Bu esa qator xususiyatlarga ega boʻlib, rol oʻynash talabalarga shaxsiy munosabatni shakllantirishda koʻmaklashadi. Bu metod koʻplab universitetlar tomonidan oʻrganishni ragʻbatlantirish va dars mashgʻulotlarini yaxshiroq tashkillashtirish uchun qoʻllaniladi.
Oʻqitish usuli sifatida rolli oʻyinning asosiy afzalligi uning talaba faolligini oshirishidadir. Ishtirokchilar xulq-atvorning nazariy muammolari boʻyicha munozaralar bilan bir qatorda, muqobil yondashuvlar haqida ham muhokama yuritishadi. Bunda rolli oʻyin va yangi xatti-harakat usullari koʻrsatiladi. Shunday qilib, oʻrganishda faol ishtirok etish uchun stress yoʻqoladi va bu oʻzlashtirishni kuchaytiradi.
Yangi mavzuga oldindan tayyorlanish
Bu oʻquv muhitida oʻrganish uchun didaktik oʻqitishga qaratilgan usul hisoblanadi. Odatda taʼlim beruvchi talabalarga maʼruza oʻqiydi, keyin esa topshiriqlar beradi, masalalar yechish mashqlari esa uyda bajariladi. Biz taklif etayotgan usulda voqealar tartibi oʻzgartirilgan boʻladi. Oʻquv materiallari va oʻquv mazmuni maʼruza mashgʻulotidan oldin taqdim etiladi. Talaba kirishi va koʻrib chiqishi mumkin boʻlgan onlayn maʼruzalar, videolar yoki oʻqish materiallari bilan taʼminlanadi. Shu orqali interfaol dastur yordamida mashgʻulotlar muammoni hal qilish, vaziyatga asoslangan ssenariylar yoki interaktiv munozaralar orqali bilim olish maydoniga aylanadi.
Anʼanaviy taʼlim bilan taqqoslaganda bu usul teskari oʻquv muhiti hisoblanib, talabalar uyga berilgan mavzuni tayyorlab kelganda yangi bilim va tushunchalarga mustaqil oʻzlashtirgan holda ega boʻladi. Shu bilan birga, ular oʻrgangan materiallari asosida savollar berib, qayta takrorlash imkoniyatiga ega boʻlishadi. Bu usul dars qoldirgan talabalar uchun ham qayta oʻzlashtirishda eng samarali hisoblanadi.
Oq doska
Ushbu usul oq maxsus sellofan qopchalarga oq varaqlarni joylash va talabalarga tarqatish bilan boshlanadi va usulning maqsadi soʻz yodlashda soʻzlarning talaffuzi, yozilishiga eʼtibor berish, matn oʻqishda guruh bilan ishlagan holda, javobni oq doskachalarga rangli flomaster bilan yozish va oʻqituvchi ishorasi bilan doskalarini yuqoriga koʻtarish orqali amalga oshiriladi. Bunda talabalarga individual tahlil berib boriladi. Bu har qanday fanda maʼruzadan keyin ularning oʻzlashtirishini tekshirish uchun ham qoʻllaniladi. Oʻqish darslarida matndan parcha gaplar oʻqilganda “toʻgʻri”, “notoʻgʻri”, “berilmagan” kabi javoblarni yozishi orqali oʻzlashtirish darajasini tekshirish talabalarni Xalqaro baholash dasturiy test namunalari tartibini tushunish va ularni, joiz boʻlsa, pedagogik faoliyatlarida qoʻllashlariga muhim omil boʻladi.
Oʻrganish bekatlari
Ushbu usul uzun maʼruzani eshitish, oʻqish, fikrni yozma bayon etish va maʼruza yuzasidan suhbat qurish bekatlarida guruhlarda amalga oshiriladi va istalgan fan uchun qoʻllanilishi mumkin. Bunda bekatlarda boʻlgan guruhlar soat millari kabi bekatlarda joy almashinadi va har bir guruh toʻrtala bekatda ham boʻlib, oʻz faolligi orqali yangi mavzuni oʻrganadi.
Bu usul talabalar faolligini taʼminlash, ulardagi ijodkorlikni, tanqidiy fikrlashni, muammoni hal etish qobiliyatini shakllantirib, rivojlanishiga imkon beradi.
Faol oʻrganish
Faol taʼlimda har bir kishining ishtiroki, hissasi va eʼtibori zarurdir. Chunki faol taʼlim oʻqituvchiga emas, balki talabaga qaratilgan boʻlib, u koʻproq izlanishni talab qiladi. Uzundan-uzoq maʼruza tinglashdan koʻra faol taʼlim jarayonida talabalar shaxsiy fikrlash va ijodiy qobiliyatlarini oshirishadi. Baʼzi bir loyiha ustida ishlayotganda talaba bajarilayotgan ish ortidagi maqsad haqida oʻylashi mumkin.
Talabalar taʼlim mazmuni bilan har qanday tarzda oʻzaro aloqada boʻlganda faol taʼlimga erishiladi. Bu usul ularni shunchaki emas, balki material haqida oʻylashga undaydigan faol fikrlashni rivojlantiradi. Eng oddiy shaklda, faol oʻrganish allaqachon ishlab chiqilgan maʼruzalarga birlashtirilishi mumkin. Shuning uchun mazkur usuldan katta maʼruza xonalarida foydalaniladi. Bu baʼzan konferensiya shaklida ham tashkil etiladi.
Bu usulda talabalar oʻqiganlarini, yozganlarini, oʻrganganlarini tahlil qilish bilan bilimlarini mustahkamlaydilar. Har qanday harakat kurs bilan bogʻliq boʻlib, tomosha qilish, tinglash va qabul qilishdan tashqari, mashgʻulot jarayonida bajariladigan topshiriqlar ham boʻlishi mumkin. Eslatmalar faol oʻrganishga turtki boʻladi. Optimal natijalarga erishish uchun talabalardan rejalashtirish, oʻzlarini oʻrganishga jalb qilish, tartibga solish, nazorat qilish va oʻquv faoliyatini saqlab qolish talab qilinadi.