YUNESKO tomonidan taqdim etilgan taʼrifga koʻra, sifatli taʼlim tegishli infratuzilma, jihozlar, zarur oʻquv qurollari, resurslar, moliyaviy koʻmak va malakali oʻqituvchilar mavjudligini ifodalaydi.
Bunga qoʻshimcha tarzda, sifatli taʼlim quyidagi omillarni qamrab olishi kerak:
Birinchidan, shaxslarni yaxlit rivojlantirishdan tashqari, ularni mustaqil fikrlash qobiliyati hamda global dunyoga moslashish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalar bilan taʼminlashi lozim. Boisi sifatli taʼlimning muhim jihatlaridan biri — bu tanqidiy fikrlash va muammolarni hal qilish koʻnikmalarini rivojlantirish qobiliyatidir. Faqatgina yodlashga eʼtibor qaratish oʻrniga, mustahkam taʼlim tizimi talabalarni savol berish, tahlil qilish va bilimlarni real vaziyatlarda qoʻllashga undashi kerak. Bu odamlarga zamonaviy hayotning murakkab vaziyatlarida toʻgʻri harakatlanish va jamiyat rivojiga munosib hissa qoʻshish imkoniyatini beradi.
Ikkinchidan, sifatli taʼlim isteʼmolchilarning talabiga asoslangan holda, inklyuziv, hamyonbop va talabalarning turli ehtiyojlariga moslashtirilgan boʻlishi kerak. Qolaversa, sifatli taʼlim adolatli boʻlishi, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqishi, jinsi va millatidan qatʼi nazar, barcha shaxslarning bu imkoniyatdan teng foydalanishini taʼminlashi lozim. Bu esa, oʻz navbatida, resurslar, infratuzilma va oʻqituvchilar sifatidagi farqlarni yoʻqotish orqali amalga oshadi. Yaʼni har kim oʻz salohiyatiga toʻliq erishish imkoniyatiga ega boʻlgan muhit yuzaga keladi.
Uchinchidan, har tomonlama rivojlangan sifatli taʼlim akademik mukammallikdan tashqari, ijtimoiy qobiliyatlarni rivojlantirishga koʻmaklashishi lozimligini ham taʼkidlash kerak. Yaʼni sifatli taʼlim talabalarning ommaviy nutqi va shaxslararo muloqot qobiliyatini rivojlantirishga koʻmaklashishi lozim. Qolaversa, talabalararo mustahkam global tarmoq (global networking)ni rivojlantirishni birinchi oʻringa qoʻyishi kerak. Global tarmoqqa boʻlgan eʼtibor juda muhim, chunki u nafaqat talabalarning madaniy ongini oshiradi, balki ularga turli istiqbollarga ega boʻlish, bilim almashish va xalqaro miqyosda qimmatli professional munosabatlarni oʻrnatish imkoniyatlarini beradi.
Toʻrtinchidan, sifatli taʼlim faqatgina nazariya bilan chegaralanib qolmay, talabalarni oʻrgangan bilimlarini amalda qoʻllashga undashi lozim. Mustahkam nazariy bilimlar muhim ahamiyatga ega boʻlsa-da, taʼlimning haqiqiy samaradorligi amaliyotda koʻrinadi. Bu orqali talabalar oʻrgangan bilimlarini chuqurlashtiribgina qolmay, balki tanqidiy fikrlash va muammolarni hal qilish kabi muhim koʻnikmalarni ham rivojlantiradilar.
Taʼlim sifati omillaridan yana biri — bu talabalarga beriladigan erkinlik. Bunday erkinlik moliyaviy bosimning yoʻqligi, fanlar va professorlarni mustaqil tanlash imkoniyati, byurokratik akademik tizimdan xolilik hamda talabalarning shaxsiy qarashlarini hurmat qilgan holda, ularning nutq erkinligiga daxl qilmaslik. Moliyaviy erkinlik talabalarning faqatgina ilmiy izlanish bilan bandligini taʼminlasa, fanlar va professorlarni mustaqil tanlash imkoniyati ularga oʻz kelajagini mustaqil hal qilish imkoniyatini beradi. Byurokratik akademik tizimdan xolilik innovatsion oʻqitish usullari va fanlararo yondashuvlar rivojlanishi mumkin boʻlgan oʻquv muhitini yaratadi. Bundan tashqari, soʻz erkinligi talabalar uchun oʻz dunyoqarashlarini yaqqol ifodalay oladigan hamda buyuk gʻoyalar taklif qilish imkonini beradigan intellektual hamjamiyatni yuzaga keltiradi.
Qisqasi, sifatli taʼlim tushunchasi har kimda turlicha boʻlishi mumkin va unga yana koʻp jihatlarni kirita olamiz. Lekin, oʻylaymanki, bunda eng kamida yuqorida taʼkidlab oʻtilgan omillarning barchasi boʻlishi lozim.
Koreyada taʼlim sifati oʻlchovlari
Hozirda men Chonnam Milliy Universiteti Iqtisod fakulteti doktorantiman. Fikrimcha, taʼlim sifatining oʻlchovlariga uch bosqichda qarash oʻrinli: global, milliy va ichki.
Agar taʼlim sifatiga global miqyosda aniq sonlarga tayanib qaraydigan boʻlsak, bizning universitet dunyodagi eng yuqori 1000 talikka kiradi, Iqtisod fakultetimiz esa dunyo fakultetlari ichida eng yuqori 500 talikdan oʻrin olgan. Qolaversa, universitet hozirda xorijlik talabalarni irqi, millati va dinidan qatʼi nazar, oʻziga jalb qilishga harakat qilmoqda. Buning uchun chet ellik talabalarga turli chegirmali imtiyozlar va stipendiyalar taklif qilmoqda. Shuningdek, sinfdagi koreys va xorijlik talabalar nisbatini inobatga olib, darslarning aksariyati ingliz tilida olib boriladi yoki hech boʻlmaganda, fanga doir materiallar va imtihon savollari ingliz tilida taqdim etiladi. Nazrimda, bu ham taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlardan biridir.
Janubiy Koreyada oliy taʼlim sifatini nazorat qilish maqsadida Milliy sifatni taʼminlash tizimi (MSTT) ishlab chiqilgan. Unga koʻra, har ikki yilda bir marta universitet majburiy institutsional akkreditatsiyadan oʻtishi lozim. Akkreditatsiyalash natijalari ommaviy eʼlon qilinadi va oʻz navbatida, universitetlarning milliy reytingi yaratiladi. Milliy universitetlar miqyosida Chonnam Milliy Universiteti 10-oʻrinda turadi.
Bundan tashqari, Koreya hukumati ilgʻor talabalarga moddiy koʻmaklashish hamda professorlarning doimiy ilmiy izlanishlarini ragʻbatlantirish uchun “BK21” grantini joriy qilgan. Bunday grant oʻzini ilmiy ish qilishga bagʻishlagan talaba va professorlarga moʻljallangan. Bu kabi ragʻbatlantirishlar koreys millatining ilmiy “urf-odatlari”ga juda katta taʼsir koʻrsatgan. Misol uchun, nafaqa yoshidagi professorlarning yarim tungacha ilmiy ish ustida izlanishi tabiiy holga aylangan. Xullas, bunday grant taʼlim sifati yaxshi boʻlgan milliy universitetlardagina maʼlum mezonlar asosida beriladi.
Ichki miqyosda esa universitet barcha qulayliklarga ega. Masalan, qulay sharoitga ega kutubxonalar, turarjoylar, elektron qurilmalar bilan taʼminlangan auditoriyalar, talabalar uchun oʻquv zallari, turli laboratoriya markazlari mavjud.
Talabalarning darslardan qoniqish darajasini aniqlash uchun oʻqilayotgan fan va professorlar universitet portali orqali har semestrda ikki marta baholanadi.
Talabalarga turli xil erkinliklar beriladi. Misol uchun, oʻqimoqchi boʻlgan fanlarini fakultetga taklif qilib qoʻshtirish, fanlarni erkin tanlash, toʻgʻri kelmagan fanlarni semestr boshlagandan keyin 1 oy ichida almashtirish kabilardir. Bularning barchasi talabaning universitetdan qoniqish darajasini oshiradi. Bu esa, oʻz navbatida, taʼlim sifatini yanada takomillashtirishga yordam beradi.
Tijoratlashtirilgan taʼlim
Taʼlimni tijoratlashtirish ham ijobiy va salbiy tomonlarga ega. Bundagi ijobiy jihatlar:
- Moliyalashtirishning yaxshilanishi. Oliy taʼlimni tijoratlashtirish xususiy investitsiyalarni jalb qilishi mumkin, bu esa universitet byudjetining koʻpayishiga olib keladi. Oʻz navbatida, ichki infratuzilma, tadqiqot obyektlari va umumiy taʼlim sifati yaxshilanadi.
- Universitet taklif qiladigan dasturlarning xilma-xilligi. Tijoratlashtirish orqali universitet byudjetining yaxshilanishi talabalarga hozirgi davr tendensiyalariga mos keladigan kurslar va darajalarni tanlash imkonini beradi. Masalan, tijoratlashtirish Oʻzbekistonda farmatsevtika tadqiqotlari va dori vositalarini ishlab chiqarish, robot texnologiyalari, sunʼiy ong, qayta tiklanadigan energiya muhandisligi yoki barqaror energiya tizimlariga oid kurslarning yanada ommalashishiga koʻmaklashadi.
- Raqobat. Talabalarni jalb qilish va moliyalashtirish uchun bosim institutlarni raqobatbardosh boʻlishga undaydi va bu, oʻz navbatida, oʻquv jarayoni sifatini yaxshilash uchun katalizator vazifasini oʻtaydi. Qolaversa, bunda muassasalar bozor talablariga javob berishga, oʻz dasturlarini rivojlanayotgan sanoat ehtiyojlariga moslashtirishga harakat qiladi. Ushbu moslashuvchanlik zamonaviy va tegishli koʻnikmalarni egallash orqali bitiruvchilarning ish bozorida raqobatbardosh boʻlishiga koʻmaklashadi. Misol uchun, Janubiy Koreyaning Yonsei Universiteti tijoratlashtirilgan muassasa boʻlib, u Koreyadagi “SKY”, yaʼni taʼlim sifati eng yaxshi boʻlgan universitetlar uchligiga kiradi.
- Samaradorlik va innovatsiya. Bozor raqobati taʼlimda samaradorlik va innovatsiyalarga keng yoʻl ochib beradi. Tijoratlashtirilgan muassasalar oʻzgaruvchan taʼlim tamoyillari va texnologiyalariga tez va osonlik bilan moslashadi. Masalan, taʼlimni tijoratlashtirish tez fursatlarda onlayn taʼlim platformalari yoki masofaviy taʼlimning yaxshi shakllanishiga turtki boʻlishi mumkin.
Taʼlimni tijoratlashtirishning salbiy jihatlari esa quyidagilar:
- Tengsizlik. Tijoratlashtirish taʼlim tengsizligini kuchaytirishi mumkin. Chunki yuqori sifatli taʼlim, birinchi navbatda, uni sotib olishga qodir boʻlganlar uchun mavjud boʻlgan xizmat turiga aylanadi. Masalan, nufuzli universitetlarda turli chegirmalar berilgan taqdirda ham, oʻqish xarajatlari talabalarga juda katta moliyaviy bosim yuklaydi. Bunday holatni AQSH, Janubiy Koreya va boshqa koʻplab davlatlar misolida koʻrishimiz mumkin.
- Taʼlim sifatidagi xavotirlar. Koʻplab tahlilchilarning fikricha, tijoratlashtirilgan oliy taʼlim muassasalari taʼlim standartlarini saqlashdan koʻra moliyaviy yutuqlarni birinchi oʻringa qoʻyishi mumkin. Natijada ushbu muassasalarning taʼlim sifati, bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanish darajasi va boshqa koʻrsatkichlar haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatish ehtimoli yuzaga keladi. Bunga AQSHning Korinf Kollejlari (Corinthian Colleges) yaqqol misol boʻla oladi.
- Uzoq muddatli rejalashtirishning yetishmasligi. Tijoratlashtirilgan oliy taʼlim muassasalari uzoq muddatli strategik rejalashtirishdan koʻra qisqa muddatli moliyaviy yutuqlarni afzal bilishi mumkin. Binobarin, akademik infratuzilma va taʼlim sifatini rivojlantirishga qaratilgan barqaror sarmoyalar oʻrniga tashkilot darhol daromad keltiradigan faoliyatga eʼtibor qaratadi.
- Iqtisodiy sharoitlarga nisbatan zaiflik. Tijoratlashtirilgan oʻquv tashkilotlari iqtisodiy tebranishlarga koʻproq moyil boʻlishi mumkin. Yaʼni iqtisodiy ogʻir vaziyatlarda moliyalashtirishning kamayishi, talabalar qabul sonining oʻzgarishi yoki maʼlum sohalarga boʻlgan bozor talabining oʻzgarishi ushbu muassasalarning moliyaviy barqarorligiga qarshi jiddiy muammolar tugʻdira oladi. Natijada ular toʻla yopilishi yoki oʻquv toʻlovlarini oshirish orqali mazkur moliyaviy yukni talabalarga yoʻnaltirishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazadi.
Ilmiy tadqiqotlarning amaldagi harakati
Ilmiy tadqiqotlarning amalda qoʻllanilishi izlanishning maʼlum bir real muammoga bevosita aloqadorligiga bogʻliq. Agar ilmiy tadqiqot biror jamiyatdagi dolzarb muammo va uning yechimlarini aniq faktlar bilan yaqqol koʻrsatib bera olsa, oʻylaymanki, uning amalda keng qoʻllanilishiga olib keladi. Bundan tashqari, ilmiy tadqiqotlarning amaliy qoʻllanilishini osonlashtirishda samarali aloqa muhim ahamiyatga ega. Tadqiqotchilar oʻzlarining topilmalarini turli xil auditoriyaga, shu jumladan, amaliyotchilarga, shuningdek, keng jamoatchilikka aniq va tushunarli tarzda yetkazishlari kerak. Oddiy tilda ifodalash, keraksiz atamalardan qochish va koʻrgazmali qurollardan foydalanish tadqiqot natijalarining amaliy tatbiqini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Ilmiy tadqiqotlarning amaldagi harakatini taʼminlash tadqiqot natijalarini qay darajada ommaga yetkazilayotganiga ham bogʻliq. Shuning uchun turli vositalar yordamida tadqiqot natijalari keng jamoatchilikka samarali yetkazilishi maqsadga muvofiq. Masalan, konferensiyalar, jurnal nashrlari, seminar va simpoziumlar, tadqiqot natijalarining amaldagi tatbiqi toʻgʻrisidagi bloglar va veb-saytlar uning amaldagi harakatini taʼminlashga katta hissa qoʻshadi.
Hozirda oʻzim ham professor Bae Jeong Hwan rahbarligida ikkita mavzu ustida izlanish olib bormoqdaman.
Birinchi tadqiqotimiz “Green bonds”, yaʼni yashil obligatsiyalar haqida. Yashil obligatsiya — bu qimmatli qogʻozlarning bir turi boʻlib, bunday qogʻoz davlat yoki korporatsiya tomonidan chiqarilishi mumkin. Yashil obligatsiyalar chiqarishdan jamgʻarilgan kapital faqatgina ekologik toza va barqaror loyihalarni amalga oshirishda sarflanishi lozim. Ushbu loyihalar koʻpincha qayta tiklanadigan energiya, energiya samaradorligi, barqaror qishloq xoʻjaligi va ifloslanishning oldini olish kabi sohalarga qaratilgan boʻladi. Biz mazkur ilmiy tadqiqotimizning maqsadi neft narxi, korxonalarning barqarorlikka intilish indeksi va qatʼiy ekologik siyosat (environmental policy stringency) yashil obligatsiyalar bozoriga qanday taʼsir qilishini oʻrganishdan iborat.
Ikkinchi ilmiy izlanishimiz RE100 (100% qayta tiklanadigan energiya) tashabbusiga bagʻishlangan. RE100 global tashabbus boʻlib, dunyoning yirik korporatsiyalari yaqin kelajakda ishlab chiqarish va xizmatlar sohasida 100% qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni oʻz oldilariga maqsad qilib oladilar. Bu tashabbus Iqlim guruhi (the Climate Group) hamda CDP (the Carbon Disclosure Project) tomonidan nazorat qilib boriladi.
Ikkinchi ilmiy tadqiqotimizning maqsadlari: (a) qanday omillar korporatsiyalarning RE100 tashabbusiga qoʻshilishiga sabab boʻlishini va (b) RE100 tashabbusiga qoʻshilish tashkilotlarning moliyaviy barqarorligiga qanday taʼsir qilishini oʻrganishdan iborat.
Kelgusida biz energiya xavfsizligining taʼrifi, unga taʼsir qiluvchi omillar hamda energiya xavfsizligi barqarorligini taʼminlovchi koʻrsatkichlar toʻgʻrisida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Qolaversa, hozirda men klassik ekonometrik tahlil metodlariga qoʻshimcha tarzda sunʼiy ong vositalaridan foydalangan holda prognoz qilishni oʻrganishni oʻzimga maqsad qilib oldim. Ishonamanki, bir kun mening mehnatim oʻz samarasini beradi.
Rivojlangan mamlakatlarning taʼlimdagi kamchiliklari
Hozirda dunyo mamlakatlari taʼlim tizimida quyidagi kamchiliklarni kuzatishimiz mumkin:
- Ishchi kuchining nomobilligi (bir kasbdan butunlay boshqa kasbga oʻtish jarayonining sekinligi) natijasida yuzaga kelayotgan ishsizlik darajasi. Tahlilchilarning fikricha, yaqin kelajakda koʻplab kasblar sunʼiy ong tomonidan egallanadi va oʻsha kasb egalariga mehnat bozorida talab yoʻqoladi. Masalan, bank sektoridagi xodimlar, sugʻurta va media xodimlari. Biroq mazkur taʼlim tizimiga koʻra, butunlay boshqa kasbni egallash uchun eng kamida bazaviy bilim, koʻnikmalar va vaqt talab qilinadi. Bu esa oliy maʼlumotli ishsizlar sonining koʻpayishiga sabab boʻladi.
- Taʼlim sifatidagi tengsizlik va daromad nomutanosibligi. Taʼlimni tijoratlashtirish va xususiy universitetlar sonini koʻpaytirish bir vaqtning oʻzida raqobatbardosh va raqobatga yaroqsiz kadrlarning koʻpayishiga olib kelishini AQSH va Janubiy Koreya davlatlari misolida koʻrishimiz mumkin. Garvard, MIT va Prinston universitetlari yoki Koreyaning “SKY” universitetlari bitiruvchilari bilan boshqa universitet talabalari malakasi oʻrtasida keskin farq kuzatilishi mumkin. Bunday nufuzli universitetlarda oʻqish raqobatbardoshlikdan tashqari, barqaror moliyaviy mustahkamlikni ham talab qiladi. Bu esa ikki bir xil qobiliyatga ega shaxslarning turli xil taʼlim sifatiga duchor boʻlishiga olib keladi. Bundan tashqari, ushbu mamlakatlarda nufuzli universitetlarning bitiruvchilari malakalaridan qatʼi nazar, yuqori maoshli ishlar bilan taʼminlanishi koʻp kuzatilgan. Bu esa, oʻz navbatida, jamiyatda Jini indeksining yanada oʻsishiga olib keladi. Bunday muammoni hal qilish uchun Koreya hukumatining “blind hiring” siyosati ham unchalik ish bermayotganini kuzatishimiz mumkin.
- Mazkur taʼlim tizimida oliy taʼlim uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlarning haddan ortiqligi. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida, jumladan, Janubiy Koreyada ham bakalavr uchun oʻrtacha 4 yil, magistraturaga 2 yil va doktorantura uchun 3 yil vaqt talab qilinadi. Post-doktoranturani qoʻshmagan holda, bir kasbning yetuk mutaxassisi boʻlish uchun oʻrtacha 9-10 yil vaqt sarflashga toʻgʻri keladi. Tibbiyot sohasida esa bu koʻrsatkich undan-da yuqori. Oʻquv toʻlovlari qimmat boʻlgan nufuzli universitetni faraz qilib koʻraylik. Bunday tizim faqatgina umrining katta qismini oʻqishga sarflay oladigan va moliyaviy kelib chiqishi mustahkam boʻlgan shaxslar uchundir. Shuning uchun koʻplab rivojlangan davlatlarda mukammal mutaxassislik talab qiladigan kasb egalariga talabning haddan tashqari koʻpligini koʻrishimiz mumkin. Bu esa maʼlum sohalarda ishchi kuchi yetishmasligiga, boshqasida esa ishsizlik darajasi ortishiga olib keladi. Mazkur holatni har qanday rivojlangan davlatda kuzatishimiz mumkin.
Taʼlimni rivojlantirish uchun takliflar
Hukumatimiz hozirda rivojlangan davlatlar tajribalaridan kelib chiqqan holda, turli sohalarda oʻzgarishlar qilishga intilmoqda. Xususan, taʼlim sohasida ham. Albatta, bu maqtovga sazovor ishdir. Biroq Oʻzbekiston rivojlangan davlatlarga ergashgandan koʻra oʻz yoʻlini yaratishga koʻproq harakat qilishi lozim. Shundagina biz ham rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshilishimiz mumkin.
Mamlakatimizda taʼlimni rivojlantirish uchun quyidagi takliflarni ilgari suraman:
- Birinchi navbatda 100% masofaviy taʼlimga oʻtish lozim. Hozirda bunday universitetlarning soni koʻpayib borayotganini kuzatishimiz mumkin. Masalan, Minerva, UoPeople, Valden (Walden), Arizona davlat universiteti va boshqa koʻplab universitetlar paydo boʻlmoqda. Bunday tizim talabalarga turli qulayliklar yaratibgina qolmay, ilmiy muassasalarini yuritish uchun kerak boʻlgan byudjet xarajatlarini kamaytiradi va bu, oʻz navbatida, oʻquv toʻlovlari narxlarining pasayishiga olib keladi. Undan tejalgan mablagʻlarni ilmiy laboratoriyalar qurish va R&D (tadqiqot va ishlanmalar)ga investitsiyalar kiritishga sarflash mumkin boʻladi.
- Masofaviy taʼlim hozirgi anʼanaviy taʼlim tizimiga asoslangan boʻlishi kerak. Lekin hozirda universitetlar yakka hokim maqomida boʻlib, u qaysi professor va qaysi talabani tanlashni hamda kurs davomiyligi, ichki oʻquv siyosati va hokazolarni oʻzi istagan tartibda hal qiladi. Buning oʻrniga universitetlar shunchaki “matching platform”, yaʼni talabalarga professorlarni topishda yordam beruvchi platforma vazifasini bajarishi lozim.
- Talaba xohlagancha fan olib oʻqishi mumkin boʻlishi kerak. Bu esa qobiliyatli talabalarning bakalavrni 4 yildan ancha avvalroq tugatishiga imkon yaratadi. Maʼlum kasb uchun kerak boʻlgan fanlar roʻyxatini davlat taʼminlaydi, talabalar xohlagan professorlarini istagan paytda tinglashlari mumkin boʻladi. Fanning oʻrganilish darajasi davlat test markazlari orqali nazorat qilinadi.
Keltirib oʻtilgan takliflarni yuqoridagi diagramma va bir misol orqali qarab koʻraylik. Masalan, Mahmud ismli talaba bankir va IT muhandisi boʻlmoqchi. Birinchi navbatda, davlat tashkiloti unga oʻqilishi lozim boʻlgan fanlar roʻyxatini beradi. Mahmud bank va IT sohasi boʻyicha universitetlar roʻyxati hamda ular taklif qilayotgan professorlar maʼlumotnomalarini koʻrib chiqadi. U iqtisod fanini bir universitet portalida oʻqisa, ITga doir fanni boshqa bir universitet orqali oʻrganishi mumkin boʻladi. Shu tarzda Mahmud oʻzining qobiliyatidan kelib chiqib, istalgan miqdordagi fanlarni oʻrgana oladi. Mahmud bakalavriat iqtisodi fanini oʻrganib boʻlgandan soʻng davlat tashkiloti tomonidan tuzilgan standart imtihondan oʻtadi. Mahmud bu imtihondan muvaffaqiyatli oʻta olsa, davlat unga bakalavriat iqtisodi fanini oʻrganganlik toʻgʻrisida sertifikat beradi. Shu tarzda u barcha fanlarni tugatgach, davlat unga diplomni taqdim etadi. Bunda Mahmud oliygohni qisqa muddatda bitirib, ikki soha mutaxassisi boʻlib yetishishi mumkin. Shuningdek, jamiyatda ishchi kuchining mobilligi ortadi va davlatda kadrlar oʻrtasidagi daromadning keskin farqlanish holati kamayadi.
Bu shakldagi taʼlim tizimi ham maʼlum bir kamchiliklarga ega boʻlishi mumkin, lekin u koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning bartaraf boʻlishiga va mamlakatning rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi.
Mashhurbek JALALOV,
Janubiy Koreyaning Chonnam Milliy Universiteti doktoranti