Bugungi kunda oliy taʼlim tizimida inklyuziv taʼlimdagi mavjud vaziyat va holatdan kelib chiqib, imkoniyati cheklangan, koʻzi ojiz talabalarning sifatli taʼlim olishlari uchun barcha sharoitlar mavjud deya olmaymiz. Taraqqiy etgan xorij mamlakatlarida ayni yoʻnalishda yetarlicha tajribalar shakllangan.
Imkoniyati cheklangan talabalar bilan ishlashdagi joriy vaziyat
Insoniyat mohiyatan oʻzining moddiy va maʼnaviy ehtiyojini qondirish va muvaffaqiyatli kelajak uchun taʼlimga intiladi. Taʼlim insonning maʼnaviy yuksalishida yetakchi omil boʻlishi bilan birga, ijtimoiy ehtiyoj ham hisoblanadi. Dunyoda ushbu neʼmatdan bahra olishga intilayotgan millionlab imkoniyati cheklangan insonlar mavjud. Afsuski, hamma mamlakatda ham ularning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish uchun munosib shart-sharoit mavjud emas. Nogironlarga nisbatan bagʻrikeng munosabat belgisi sifatida ularning taʼlimga boʻlgan ehtiyoji va huquqlarini toʻlaqonli taʼminlaydigan tizim muhim rol oʻynaydi. Bugungi kunda oliy taʼlim oldidagi muhim vazifalardan biri inklyuziv taʼlimni muvaffaqiyatli amalga oshirish hisoblanadi.
Respublikamizda taʼlim olishga ishtiyoqi baland imkoniyati cheklangan minglab xotin-qizlar bor. Bundan oʻn yillar oldin oliy taʼlim muassasalari yoʻnalishlarida imkoniyati cheklangan talabalarning soni bitta yoki ikkitani tashkil etardi. Hozirda hukumatimizning samarali islohotlari va berilgan imtiyozlar natijasi oʻlaroq ilm izlanuvchi koʻzi ojiz yigit-qizlarning soni yildan yilga oshmoqda. Imkoniyati cheklangan abituriyentlarning suhbat asosida oʻqishga qabul qilinishi va jamiyatda teng imkoniyatli ekanligining namoyon etilishi, albatta, quvonarli holdir. Lekin mazkur jarayonning muammoli tomoni shundaki, koʻzi ojiz talabalar uchun yetarli jihozlarga ega auditoriyalar deyarli yoʻq, audio shaklidagi ilmiy adabiyotlarning soni juda kam, qolaversa, professor-oʻqituvchilarning koʻpchiligi imkoniyati cheklangan talabalar bilan ishlash koʻnikmasiga ega emas.
Koʻzi ojiz talabalar uchun oliy taʼlimdagi asosiy muammo moslashtirilmagan muhitda tahsil olishlari, yaʼni taʼlim muassasasida maxsus qurilmalar va jihozlarning yoʻqligi hisoblanadi. Ammo inklyuziv taʼlim faqat texnik sharoitni yaratish bilan sifatli boʻlib qolmay, balki taʼlim jarayonining oʻziga xos xususiyatlari, imkoniyati cheklangan talabalarning psixofiziologik imkoniyatlarini hisobga olgan holda tashkil qilinishi zarur.
Oliy taʼlim tizimida imkoniyati cheklangan (nogiron) talabalarning sifatli taʼlim olishidagi toʻsiqlar:
- Oliygohlardagi inklyuziv taʼlimda nogiron talabalar va universitet oʻqituvchi-professorlari oʻrtasida ijtimoiy-psixologik toʻsiqlar mavjud.
- Oliy taʼlim infratuzilmasi imkoniyati cheklangan talabalarni qabul qilish uchun yetarli darajada tayyor emas.
- Nogiron talabalarning sogʻlom talabalar bilan oʻzaro moslashishida ijtimoiy-psixologik qiyinchiliklar koʻzga tashlanadi va hokazo.
Xususan, tarix, geografiya kabi ijtimoiy yoʻnalishlarda tahsil olayotgan talabalarga dars jarayonida “Xaritaga qarang, mana bu hududlarda miloddan avvalgi VI-V ming yillikda Joytun madaniyati vakillari yashagan”, deb oʻqituvchi tomonidan berilgan maʼlumot imkoniyati cheklangan talaba uchun qanchalik tushunarsiz ekanligini tasavvur qilishimiz mumkin.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qarashli oliy taʼlim muassasalarining axborot texnologiyalari bilan taʼminlanishini nazorat qiluvchi boʻlimi tomonidan koʻzi ojiz talabalarga auditoriya sharoitida imkoniyatlar yaratilishiga eʼtibor qaratilishi, oliygohlar 3D formatidagi texnologiyalar bilan taʼminlanishi maqsadga muvofiqdir. Inklyuziv taʼlim uchun kadrlar tayyorlash, inklyuziv taʼlimning umumiy xususiyatlari va uni amalga oshirishning ilgʻor taʼlim shakllari hamda usullaridan foydalanishda xorij tajribasini oʻrganish ahamiyatlidir.
Dunyoda nogironlar uchun oliy taʼlim bugungi kunda jamiyat tomonidan harakatsizlik, ochiq yoki bilvosita qarshilik, xususan, yashirin kamsitish koʻrinishidagi salbiy ijtimoiy munosabatlarning bir qadar mavjudligiga qaramay, rivojlanib bormoqda.
Rivojlangan mamlakatlardagi imkoniyati cheklangan talabalarga oliy taʼlimda berilayotgan imkoniyatlar, sharoitlarni tahlil qiladigan boʻlsak, dastlab Britaniya tajribasi haqida mulohaza yuritish maqsadga muvofiqdir. Britaniyada 2010-yilda qabul qilingan “Tenglik qonuni”ga koʻra, imkoniyati cheklangan shaxslarni ishga yoki oʻqishga qabul qilishda kamsituvchi xatti-harakatlar taqiqlanadi [1]. Mamlakatda nogiron talabalar uchun alohida nafaqalar joriy qilingan.
Rossiyaning bu boradagi tadbirlari ham eʼtiborga molikdir. Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligining 2003-yil 12-noyabrdagi 4206-sonli “Nogironlarning kasbiy taʼlimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi muayyan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlarini ishga tushirdi. Bunda nogironlar uchun taʼlim binolarida munosib sharoit yaratish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun mablagʻlar jalb qilinib, taʼlim dasturlari tubdan takomillashtirildi. Imkoniyati cheklangan talabalar uchun Rossiyada uchta maqsadli oliy taʼlim muassasasi — Bauman nomidagi MGTU, Moskva internat instituti va Novosibirsk davlat texnika universiteti faoliyat koʻrsatmoqda.
Hozirgi kunda bu sohada toʻrtta asosiy yoʻnalish shakllangan:
- Oliy oʻquv yurtlarida imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus boʻlimlar.
- Nogironlar uchun ixtisoslashtirilgan universitetlar.
- Nogironlar uchun universitet oʻquv markazlari.
- Universitetlarda tahsil olayotgan talabalar uchun psixologik va pedagogik yordam markazi [2].
Ammo shunga qaramasdan, nogironlar uchun sifatli taʼlim olish yoʻlida koʻplab toʻsiqlar mavjud. Rossiya oliy taʼlim tizimida inklyuziv oʻquv jarayonini amalga oshirishda nazariy tajriba toʻplangan boʻlsa-da, uni hal qilish uchun oʻquv-uslubiy taʼminot yetarli darajada ishlab chiqilmagan [3].
Imkoniyati cheklangan talabalar uchun taʼlim muassasasi tashkil qilinishiga ehtiyoj mavjud. Salomatlikni saqlash tamoyillari asosida ularga moslashuvchan “Jismoniy madaniyat” darslari tashkil qilinishi lozim. Taʼlim muassasalarini moslashtirilgan sport anjomlari bilan taʼminlash maqsadga muvofiqdir.
Inklyuziv taʼlimning asosiy texnologiyalariga quyidagilar kiradi:
- Masofaviy texnologiyalar.
- Interaktiv texnologiyalar.
- Portativ texnologiyalar.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bunday texnologiyalardan foydalanish talabalarning bilim faolligini oshiradi va rivojlantiradi. Oʻqituvchilar bilan amalga oshirilgan soʻrovnoma tahlillari shuni koʻrsatadiki, imkoniyati cheklangan talabalarning oʻquv jarayonini yaxshilash uchun koʻplab audio formatdagi darsliklar va boshqa texnik vositalar juda ham zarur.
Respublikamizda imkoniyat cheklangan talabalar uchun maxsus oliygohlar tashkil qilingungacha mavjud oliy taʼlim muassasalarida keng miqyosdagi sifatli taʼlimni taʼminlash talab etiladi. Buning uchun esa tenglik tamoyiliga tayangan holda, ayrim auditoriyalar dars jarayonida kerak boʻladigan texnik uskunalar bilan jihozlanishi maqsadga muvofiqdir.
Fanlar kesimidagi darsliklarning mutaxassislar tomonidan audio shakliga oʻtkazilishi uchun oliygoh tomonidan sharoit va imkoniyatlar yaratilishi lozim. Chunki badiiy asarlar suxandonlar tomonidan oʻqilib, audio tarzida yozib olinishi mumkindir, lekin ilmiy darslikni tushungan holda audiolashtirish shu fandan bevosita xabardor boʻlmagan kishi uchun mushkul jarayondir. Bu ishni faqat oʻz fanining mutaxassisi bajara oladi. Bu ish uchun oliygohlar sharoit va ragʻbatlantirishlar joriy qilsa, jarayon sifatli va jadal amalga oshadi.
“Ilmiy raqobat” dasturi — salohiyatli kadrlar manbasi
Bugungi kunda jamiyatimiz siyosatida iqtisodiy erkinlikka va yuksalishga erishish uchun tadbirkorlar oʻrtasida sof raqobat shakllantirilmoqda va bu jarayon rivojlangan davlatlar tajribasida ham kuzatilmoqda. Endilikda oliy taʼlim muassasalari orasida ham ilmiy raqobat yuzaga keladi. Bu raqobat oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini belgilashga xizmat qilishi ijobiy holat. Xususan, oxirgi yillarda oliygohlarga kirish uchun koʻplab imkoniyatlar berilmoqda. Jumladan, oʻz bilimi bilan 190 ball toʻplagan talaba ham, imtiyozlardan foydalangan va atigi 38 ball toʻplagan talaba ham bitta guruhda tahsil olmoqda.
Salohiyati yuqori boʻlgan talaba bilan bilim darajasi past talabaga taʼlim berish jarayonida birinchisi uchun oddiy boʻlgan maʼlumot, ikkinchisiga qiyinchilik tugʻdirishi tabiiy. Oʻqituvchi tomonidan hammaga tushunarli boʻlishi uchun oddiy tushunchalarning maydalab izohlanishi bilimli talabaning zerikishiga, kerakli vaqtni yoʻqotishiga hamda taʼlimdan qoniqmaslik holatiga olib keladi. Bu jarayon teskari koʻrinishda boʻlsa, ikkinchi talaba hech narsaga tushunmaganligidan norozi boʻladi. Pirovardda oʻqituvchi koʻzlangan natijaga erisha olmaydi. Afsuski, bugungi kunda koʻplab oliy taʼlim muassasalarida bunday muammoli vaziyat kuzatilmoqda. Bu esa masalani obyektiv oʻrganishni taqozo qiladi.
Mazkur muammoning yechimi sifatida taʼlim tizimini muvaffaqiyatli tashkil qilayotgan mamlakatlar tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Taklif sifatida aytishimiz mumkinki, iqtisodiy oʻsishga sababchi boʻlayotgan raqobat tushunchasini sifatli taʼlimni tashkil etish uchun guruhlar ichida ham qoʻllasak boʻladi. Masalan, yangi oʻquv yilida qabul qilingan talabalarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi monitoring qilib boriladi. Birinchi semestr yakunlangach, fanlarni oʻzlashtirish darajasiga asoslanib, “ilmiy raqobat dasturi” ishga tushiriladi. Ikkinchi yarim yillik oʻquv yili boshlanganda talabalar oʻzlashtirish darajasiga qarab qayta guruhlarga taqsimlanadi. Oʻqituvchilar ham guruhlarga mos ravishda tanlanadi. Aytmoqchimizki, talabalar uchun zerikarli darsga chek qoʻyiladi va ularga nisbatan oddiy tuyulgan maʼlumotlarni qayta eshitishga qimmatli vaqtini sarflashmaydi.
Guruhlar raqamlarda, ranglarda yoki soʻzlarda aks etishi mumkin.
Bunday guruhlash talabaga nima beradi, degan asosli savol tugʻilishi tabiiy, albatta.
Birinchidan, bilim berishda fan dasturi guruh saviyasiga moslashtiriladi.
Ikkinchidan, bitiruvchi kadr miqdori emas, balki sifatiga eʼtibor qaratiladi.
Uchinchidan, taʼlim salohiyati yuqori boʻlgan guruhlarda tahsil olayotgan talabalar fanni chuqur oʻzlashtirish, bir-birini tushungan holda, ilmiy bahslar olib borish, fan olimpiadalarida ishtirok etish, sifatli ilmiy ishlanmalar qilish, xullas, salohiyatli kadr boʻlib yetishish imkoniyati paydo boʻladi.
Bu dasturni tabaqalanish sifatida talqin qilish oʻrinli emas. Bu ilmiy tabaqalanish emas, balki sof ilmiy raqobatdir. Talabalarga oʻzlashtirishiga qarab har semestrda u guruhdan bu guruhga oʻtish imkoniyati berilishi ularning oʻz ustida tinimsiz ishlashiga turtki boʻladi. Dasturning nizomi puxta ishlanib, ishlash mexanizmi qatʼiy belgilangan holda, toʻgʻri nazorat qilinsa, sifatli taʼlimga erishish ehtimoli ortadi.
Dasturning mazmun-mohiyati boʻyicha Andijon davlat universiteti hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti ijtimoiy yoʻnalishida tahsil olayotgan 300 ga yaqin talabalarning munosabati tahlil qilindi. Tahlil natijalari ijobiy boʻlib, 82 foiz talaba loyiha dasturini qoʻllab quvvatladi.
Respublika oliygohlarida joriy etilgan kredit-modul tizimida ham eng koʻp kreditlar mustaqil taʼlimga qaratilgan. Jumladan, arxeologiya fani uchun 2 ta kredit auditoriya soati, 3 ta kredit mustaqil taʼlimga ajratilgan. Bu tizim oʻqituvchilardan talabalarning mustaqil taʼlim jarayonini sifatli va toʻgʻri yoʻnaltira bilishni talab etmoqda. Yuqorida tilga olganimiz ilmiy raqobat dasturi esa mustaqil taʼlimni ham turli metodik uslublar orqali qiziqarli va sifatli tashkil etishga katta yordam beradi.
Ilmiy izlanishlarimiz davomida quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi:
- Imkoniyati cheklangan talabalaring taʼlim sifatini oshirish uchun ularni maxsus darsliklar, audiorolik va boshqa texnik vositalar bilan taʼminlash zarur.
- Taʼlim muassasalarini moslashtirilgan sport anjomlari bilan jihozlash kerak.
- Imkoniyati cheklangan talabalarga bagʻrikeng ijtimoiy-madaniy muhitni yaratish lozim.
- Oliy taʼlim professor-oʻqituvchilarida nogironligi boʻlgan talabalar bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish uchun seminar-treninglar tashkil qilish zarur.
- Imkoniyati cheklangan talabalar uchun alohida oliygohlarni tashkil qilish maqsadga muvofiq.
- Talabalarning orasida sogʻlom raqobat munosabatlarini shakllantirish va shu asosda taʼlim sifatiga erishish maqsadida “Ilmiy raqobat dasturi”ni oliy taʼlim tizimiga sinov tariqasida tatbiq etish kerak.
Jamiyatning barqaror taraqqiyoti bugungi kunda taʼlim sifatiga bevosita bogʻliq. Taʼlim sifati esa, oʻz navbatida, jarayon va sharoit holatidan kelib chiqadi. Bugungi kun pedagogi chinakam inson, masʼuliyatli kadr va innovatsion xarakterdagi mutaxassis boʻlsagina, raqobatga bardosh bera oladi. Shunday ekan, oliy taʼlim tizimi taraqqiyotning eng asosiy boʻgʻini sifatida muntazam isloh qilinishi maqsadga muvofiqdir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Disability Rights UK Telling people you’re disabled: clear and easy guide for students [Электронный ресурс]
https://www disabilityrightsuk org/telling-peopleyou%E2 %80 %99re-disabled-clear-and-easy-guidestudents Доступ 15 11 2018 - Е.Р.Ярская-Смирнова, П.В.Романов. Доступность высшего образования для инвалидов. 2005. https://cyberleninka.ru/article/n/dostupnost-vysshego-obrazovaniya-dlya-invalidov/viewer
- Тихомирова Л.Ф., Бурыкина Н.М. Организационно-методические условия инклюзивного обучения. Ярославский педагогический вестник. – 2014, т.2;4. – 141–144.
Zulxumor KUCHKAROVA,
Andijon davlat universiteti tarix fakulteti oʻqituvchisi