Universitet hayoti. Ertalab soat 8:30 yoki 9:00 da darslar boshlanadi. Professor-oʻqituvchi davomatni amalga oshirib, reja asosida darsni, yaʼni maʼruza, seminar yoki amaliy mashgʻulotni boshlaydi. Oradan 10, 20, 30 va hattoki 40 daqiqa oʻtgandan soʻng ham kechikib keluvchilarning keti uzilmaydi. U joyini topib oʻtirgunga qadar oʻqituvchi va talabalarning diqqati boʻlinadi: u oʻtib ketayotib kursdoshlari bilan pichirlab yo imo-ishora bilan salomlashishi shart, oʻziga maʼqul oʻrindiq izlaydi va nihoyat topib oʻtiradi. Bir dars jarayoni davomida kamida uch-toʻrt marta mana shunday diqqat boʻlinishi kuzatiladi. Professor-oʻqituvchilar talabalar diqqati buzilmasin deb kechga qolganlarni darsga kiritmasa, taʼlim oluvchi tomonidan “bunga haqqi yoʻq”ligi aytiladi. Zamona zayli — bu. Achinarlisi, mashgʻulot mutaxassislik fani boʻyicha sohaning eng ilgʻor professori tomonidan olib borilsa ham, baʼzi talabalar koʻzini telefondan olmaydi. Oxirgi partalarda joylashib, boshqa fan yoki umuman taʼlimga aloqasi boʻlmagan “yozuv-chizuv”lar bilan mashgʻul boʻladigani qancha. Tartibga chaqirsangiz, baʼzan behurmatlik qiladi. Boringki, amalda faoliyat yuritayotgan, tajribali kasb egasi bilan binar dars oʻtsangiz ham, bu koʻngilxiraliklar barham topmaydi. Tanaffus boʻladi, goʻyoki bu tumanli kartina tugaydi. Ammo, afsuski, xuddi shu ssenariy keyingi darslarda ham takrorlanaveradi.
Biz yuqorida keltirgan vaziyat, ehtimol, barcha universitetlarda ham uchramas. Ammo bitta oliy taʼlim muassasasida kuzatilgan taqdirda ham, uning sabablarini aniqlash zaruriyatini vujudga keltiradi. Chunki ayni shu universitet ertaga jamiyatning muhim tarmoqlari uchun kadr tayyorlayotgan, soha rivoji mazkur mutaxassislarga aloqador boʻlishi mumkin. Lekin savol tugʻiladi: Bunda ayb faqat talabadami?!
Bu gal minbarga oʻzlashtirishda tengdoshlaridan ortda qolayotgan, surunkali dars qoldirishga majbur boʻlayotgan, universiteti va undagi professor-oʻqituvchilardan qoniqmayotgan yoshlarni chorlashga qaror qilgandik. Biroq biz suhbatda boʻlgan ayni shu turdagi talabalarning aksariyati bu jarayonni oʻzi uchun normal deb hisoblashini, kredit toʻplashi, kursdan oʻtish-oʻtmasligi, qay darajada oʻzlashtirish-oʻzlashtirmasligi hozir u uchun muhim emasligini bildirdi. “Qoʻlimda ishim bor”, “Fanni yaxshi oʻzlashtirayotganlardan yaxshiroq yashayapman”, “Oʻqishga ota-onam uchun kirganman”, “Menga faqat diplom kerak” kabi vaj-korson keltiruvchilar ham koʻp boʻldi. Biz esa nega “diplomli ishsizlar” soni tobora koʻpayayotganining bir sababini chuqurroq anglagandek boʻldik.
Savollarimizga esa fikri ochiq, turli shablon va stereotiplarga koʻnib ketmaydigan, oldiga aniq maqsad qoʻygan talaba yoshlardan javob oldik. Ular oʻrtaga tashlayotgan shaxsiy munosabat va takliflar bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Dilafkor:
— Chekka hududlardan kelgan talabalar ota-onasi ishonchini oqlash, qolaversa, yaqinlari orasida oʻzini yaxshi tutish va ularning yuzini yerga qaratmaslik toʻgʻrisida oʻylaydi. Bir viloyatdan boshqasiga oʻqishga kirganligi sababli oʻzi mustaqil pul topishga intiladi, ishlaydi. Shu sababli qoʻshimcha darslarga borishga, mustaqil shugʻullanishga vaqti va imkoniyati yetmaydi. Bundan tashqari, aksariyat talabalar barcha taʼlim va bilimni universitetda olishim kerak, ishlash uchun yetarlicha koʻnikmalarni oliygoh beradi, deb oʻylaydi. Buni ham 100 foiz toʻgʻri deb boʻlmasa kerak.
Yana bir masala. Turli sohada ishlayotgan talabalar ish jarayonida har xil insonlar bilan muloqotda boʻladi. Biron bir “biznesmen” bilan gaplashsa, oʻqib kam maoshga ishlab yurasanmi, undan koʻra koʻproq ishla, yaxshiroq pul topasan, degan maslahatni eshitadi. Bu, tabiiyki, uning fikrlashiga ham taʼsir qiladi, oʻqishni birinchi oʻringa qoʻymaydi, pul topish asosiy maqsadiga aylanadi. Natijada oʻzlashtirish koʻrsatkichi pasayadi, darslarga hafsalasiz yondashadi.
Maʼruf:
— Talaba universitetga juda katta orzular, ishonch va rejalar bilan keladi. Baʼzida katta kurslarning oliy taʼlim haqidagi negativ fikrlari va omadsiz “shaxsiy tajriba”lari ularning qiziqishini soʻndiradi. Masalan, universitetda korrupsiya bor, taʼlim sifati past, materiallar eski va shunga oʻxshash fikrlarni eshitgan birinchi kurs talabasi ong ostida salbiy tasavvurlarni joylab oʻqishga keladi.
Vaholanki, har bir talaba darslarga masʼuliyat bilan qarab, oʻqituvchilardan talab qilib, oʻz ustida ishlab ilmiy dunyoqarashini oʻzgartirishi, bilimli va kreativ kadr boʻlishi mumkin. Ammo barcha ham bu haqida oʻylayvermaydi. Faqat kamchilik topadi, nolishdan nariga oʻtmaydi.
Xorijdagi taʼlimga nega havas qilamiz? Sababi ularda bogʻcha, maktab yoshidan boshlab bolaga erkin fikrlash, oʻzi uchun nima foydali ekani, oʻz ustida ishlashi kerakligi tushuntiriladi. Bizda boʻlsa yoshligidan qoliplar bilan ulgʻayishadi. Deylik, hech bir oʻqituvchi fani doirasidan tashqariga chiqib, oʻquvchilarga ixtirolar haqida maʼlumot bermaydi. Bunga sabab oʻqituvchilarning oʻzi izlanmasligida, deb oʻylayman.
Umuman olganda, hech kim biron narsani siz uchun oʻrganib bermaydi. Faqatgina yoʻnalish koʻrsatadi. Muhimi, vaqtni havoga sovurmaslik kerak. Universitet davri oʻz ustida ishlash uchun berilgan 4 yilgina muhlat. Unda oʻzingiz nimagadir harakat qilib, nimanidir oʻrganmasangiz, kelajakda biron natijaga erisha olmaysiz. Xuddi bugungi koʻplab odamlar singari hayotdan nolib, kir izlab, “diplomim bor, ammo ish yoʻq”, deb yurasiz.
Talaba qachonki oʻzini qulay sharoitda his qilsa, shundagina uning yangi bilimlarni oʻzlashtirishi oson boʻladi. Shu maʼnoda undan oq koʻylak, qora shimni talab qilish, fikrimcha, notoʻgʻri. Albatta, axloq normalariga toʻgʻri kelmaydigan kiyimlarda kelish tarafdori emasman, ammo baribir kiyinish masalasida maʼlum maʼnoda erkinlik boʻlishi kerak.
Yana bir masala bu — doim darsga kelgan talaba kursdan yiqilib, darslarga ham qatnashmagan, alifni kaltak degulik bilimi ham boʻlmagan birining “tanish-bilish”i yordamida yoki “yoʻlini qilib” nazoratlardan osongina oʻtishi boshqa talabaning oʻqishga boʻlgan ishtiyoqining yoʻqolishiga sabab boʻladi.
Keyingisi esa oʻqituvchilarning talabalar vaqtini suiisteʼmol qilishi bilan bogʻliq. Baʼzi taʼlim beruvchilar dars oʻtmay, umuman boshqa narsalar haqida gapirib, vaqtni oʻtkazishadi. Shu bois talaba mashgʻulotlarni toʻliq oʻzlashtirishga qiynaladi. Pirovardida taʼlim sifati pasayaveradi.
Alibek:
— Tengdoshlarimning fikricha, oʻquv dasturlari eskirgani, amaliyot va nazariya oʻrtasidagi tafovut ularda oʻqishga boʻlgan qiziqishning pasayishiga sabab boʻlmoqda. Baʼzilarining esa universitetda oʻqish yuqori xarajat talab qilgani bois pul topish asosiy maqsadiga aylanib qolmoqda. Hamma talaba ham ota-onasidan pul soʻray olmaydi, xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi, bu esa asosiy vaqt va kuchining ishlashga sarflanishiga olib keladi.
Nima uchun rivojlangan davlatlarda talaba bilim olish uchun individual harakat qiladi va nima uchun bizda sifatli taʼlimni faqat universitetdan kutadi?
Rivojlangan mamlakatlarda talabalar koʻpincha tashabbus koʻrsatadi va mustaqil ravishda taʼlim oladi, chunki ular keng manba va imkoniyatlardan foydalanishi mumkin. Bu talabaning shaxsiy rivojlanishiga katta yordam beradi. Bizda esa oʻz ona tilimizda manbalar bilan ishlash imkoniyatlari juda chegaralangan. Chunki oʻzbek tilida zamonaviy ilmiy manbalar juda kam.
Abituriyent necha yillar mobaynida oʻqiydi, izlanadi, shaxsiy rivojlanish ustida ishlaydi, bularning hammasi nima uchun? Albatta, universitetga oʻqishga kirish uchun. Oʻqishga kirishdan avval katta maqsadlar qoʻyadi, IELTS sertifikatini olishni rejalashtiradi. Biroq uzum uzumdan rang oladi deganlaridek, universitetda atrofdagilarining oʻqishga munosabatini koʻrib, u ham vaqtini bekor oʻtkaza boshlaydi. Toʻrt yilda na sohasi boʻyicha bilimlarni egallaydi va na oʻz ustida boshqa bir shaklda ishlaydi. Diplom olgandan keyin esa ish topa olmayapman, deb yuradi.
Hozirgi kunda eng dolzarb masala — har bir talaba mustaqil oʻqish, izlanishi uchun oʻzbek tilidagi platformalar sonini koʻpaytirish. Universitetlarda faqat oʻzlashtirish koʻrsatkichlarigagina emas, talabaning qiziqishlariga, oʻy-fikrlariga ham eʼtibor qaratilishi lozim.
Bizda talabalarga noqulaylik keltirib chiqaradigan asosiy 3 ta omil sifatida quyidagilarni keltirib oʻtmoqchiman:
- Eskirgan taʼlim va oʻqitish tizimi. Koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistondagi universitetlar hali ham anʼanaviy oʻqitish usullari va eskirgan oʻquv dasturlariga tayanib oʻqitmoqda. Bu esa talabalarni tez oʻzgaruvchan mehnat bozori talablariga javob beradigan kadr boʻlib yetishishiga xalal beradi. Mashgʻulotlarda koʻproq amaliy va kasb-sohaga tegishli boʻlgan koʻnikmalarni oʻz ichiga olgan, tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi mavzular kiritilishi kerak.
- Sifatli taʼlim olish imkoniyati cheklanganligi. Taʼlim olish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan koʻp saʼy-harakatlarga qaramay, barcha talabalar uchun teng imkoniyatlarni taʼminlashda hali ham muammolar mavjud. Cheklangan jamoalar yoki qishloq joylarda yashovchi baʼzi talabalar moliyaviy cheklovlar, qiyinchiliklar va kerakli manbalarning yetishmasligi tufayli sifatli taʼlim olishda toʻsiqlarga duch kelishmoqda.
- Taʼlim tizimida innovatsiyalarning yetishmasligi. Hozirda universitetlarimizda yuqori darajadagi innovatsiyalar joriy qilinmagan, shiddat bilan oʻzgarayotgan zamonda talabalar yangiliklardan bexabar. Shuning uchun universitetlarimizga innovatsion yangiliklarni joriy qilish masalasi dolzarb boʻlib qolmoqda.
Madina:
— Universitetga oʻqish uchun kirganmiz. Darslarni oʻz vaqtida oʻzlashtirishga, vazifalarni bajarishga intilamiz. Ammo baʼzida biz talabalarni sohamizga oid boʻlmagan turli tadbirlarga jalb qilishadi. Madaniy tadbirlar ham kerakdir, ammo ular bizning asosiy vaqtimizni olmasligi lozim, deb hisoblayman. Agar u tadbirlar mutaxassisligimizga oid boʻlsa, bizda muloqotga tez kirishish, fikrlarni ochiq bayon qilish koʻnikmalarini shakllantirishga yordam beradi. Bunday tadbirlar esa biz ishtirok etayotganlarimizning 50 foizini ham tashkil qilmaydi.
Shu bilan birga, har bir fan boʻyicha bir xil: biron mavzu boʻyicha taqdimot tayyorlash yoki mustaqil ish (referatning universitetdagi varianti) yozish vazifasi beriladi. Biz past baho olmaslik uchun internetdan qidiramiz, topamiz va nusxa koʻchirib topshiramiz. Bunday vaziyatda bosim bilan oʻqiganimiz uchun aksariyat holda oʻrganganlarimiz baho olganimizdan keyin esdan chiqib ketadi. Baʼzida taqdimotlar tayyorlashda esa bizga aniq qaysi manbalardan foydalanishimiz boʻyicha yoʻnalish berilmaydi. Natijada asosiy maqsadimiz biron narsani oʻrganish emas, manbani izlash boʻlib qoladi. Biroq, tan olib aytishim kerak, toʻgʻri yoʻnaltirilgan mustaqil izlanishlar asnosida ancha narsa oʻrgandim, yangi maʼlumotlar oldim.
Yana bir holat — bu hali bizda mavzu boʻyicha tasavvur paydo qilmay turib vazifa berilishi. Masalan, ilmiy maqola yozish. Bu narsani bilishimiz kelajakda, albatta, bizga asqatadi. Ammo vazifani qaysidir namunaga qarab, shaklini moslab, qilayotgan ishining mohiyatini anglamay bajarilishiga men qarshiman. Fikrimcha, vazifa qay darajada tushunarsiz boʻlsa, uni bajarish shu qadar qiyin boʻladi. Talaba bir marta urinadi, ikki marta urinadi, uchinchisida esa bu mening qoʻlimdan kelmas ekan degan xulosaga keladi. Alaloqibat, oʻziga boʻlgan ishonchi yoʻqoladi, bu uning fan boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichiga ham taʼsir qiladi.
P.S.
Biz talaba yoshlarning qaysi universitetlarda tahsil olayotgani va shaxsiga oid maʼlumotlarni ochiqlamadik. Bundan maqsad ularga u yoki bu shaklda salbiy taʼsir yuzaga kelishining oldini olishdir. Zero, Hazrat Alisher Navoiy ham bir qitʼalarida “Koʻrma kim der oni, koʻrgilkim, ne der”, deydilar. Aslida har bir taʼlim muassasasi masʼullari bu kabi ochiq fikrlarni toʻgʻri qabul qilishi, oʻzi uchun tegishli xulosa chiqarishi kerak. Shundagina taʼlimda biz koʻp takrorlayotgan sifat yaxshilanadi.
Fikrlarni toʻplash jarayonida talabalarning mulohazalarida ham jon bor, deya eʼtirof etdik. Ammo ikkinchi tomon — professor-oʻqituvchilarda ham bu xususida asosli kuzatuvlar, xulosalar, fikrlar borligi tayin. Shu bois navbatdagi sonimizda ayni “Talaba nega oʻqimayapti?” savoli doirasida professor-oʻqituvchilarimiz fikrlarini berishni rejalashtirdik. Agar sizda mazkur savolga asosli javob boʻlsa, biz bilan oʻrtoqlashing, ism-familiya, lavozim va telefon raqamingizni koʻrsatgan holda, mulohazalaringizni @EduJournalBot rasmiy bot manzilimizga joʻnating.
Sadoqat MAXSUMOVA,
Rayhona TOʻXTAYEVA